Линклар

Шошилинч хабар
03 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:36

O‘zbekistonga suv beradigan Qirg‘izistonda qurg‘oqchilik boshlandi


O‘zbekiston va Qozog‘istonni sug‘orish mavsumida suv bilan ta‘minlaydigan Qirg‘izistonda qurg‘oqchilik boshlandi. Qirg‘iz rasmiylarining bildirishilaricha, suv omborlaridagi suv zahirasining 70 foizi shu kungacha ishlatib bo‘lingan. Yog‘ingarchilik yo‘qligi sababli suv zahiralarini qayta tiklash imkoniyati bo‘lmayapti.

"Suv omborlarida 30 foizgina suv qoldi"

Qirg‘izistonda mavjud bo‘lgan 33 suv omborida, To‘qto‘g‘ul suv omborini hisobga olmaganda, faqat 30 foizgina suv qoldi. Bu haqda Qirg‘iziston Suv xo‘jaligi departamenti rahbarining o‘rinbosari Tilek Isabekov ma‘lumot berdi.

-Qirg‘izistonda aprel , may, iyun oylarida yog‘ingarchilik bo‘lmadi. Buning oqibatida qurg‘oqchilik yuzaga kelmoqda. Bugungi kunda suv omborlarida to‘plangan suvlarning 70 foizini sug‘orish uchun ishlatib bo‘ldik, -dedi Tilek Isabekov.

Rasmiyning aytishicha, suv omborlarining ko‘pchiligida 12-13 kunga yetadigan miqdorda suv qolgan.

Suvsizlik tufayli Qirg‘iziston dalalaridagi ekinlar qurib qolmoqda. Fermerlar orasida esa suv talosh janjallari tez-tez sodir bo‘lib turibdi. Akademik Jamin Akimaliyev “Qurg‘oqchilik tufayli joriy yilda Qirg‘izistonda qishloq xo‘jalik ekinlarining kamida 30 – 35 foizi nobud bo‘lishi”ni bildirmoqda.

O‘zbekistonga 10 milliard kubometr suv berilishi kerak, ammo...

O‘zbekiston va Qozog‘istonni suv bilan ta‘minlaydigan va 19 milliard kubometr suv saqlashga mo‘ljallangan To‘qto‘g‘ul suv omborida ham suv miqdori o‘tgan yilga nisbatan ancha kam. 2013 yilning shu davrida To‘qto‘g‘ulga 13 milliard 699 kubometr suv yig‘ilgan bo‘lsa, bugungi kunda 10 milliard 758 million kubometr suv bor xolos. To‘qto‘g‘ulda suv miqdori 7 milliard kubometrga tushsa, u holda To‘qto‘g‘ul GESi o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Qirg‘iziston Suv masalalari institutining bildirishicha, O‘zbekistonga har yili To‘qto‘g‘ul suv omboridan 10 milliard kubometr suv beriladi. Joriy yilda suv miqdorining oz bo‘lishi oqibatida Qirg‘iziston tomoni Katta Namangan kanaliga ta‘mirlash bahonasida suv berishni to‘xtatishini bildirgan edi. Mazkur kanal Namangan viloyatining to‘rtta tumaniga suv yetkazib beradi.

20 yildan beri dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan o‘zbekistonlik Ulug‘bek Mamatov, agar Qirg‘iziston bu yil suv bermasa, u holda fermerlar hosilining 30 foizidan ajralishi va xo‘jaliklar o‘rtasida suv talosh majorosi yuzaga kelishi mumkin deb hisoblaydi:

-Suv talosh bo‘ladi. Lekin yo‘lini qilib, bir kun bu tarafga, ikkinchi kun boshqa tarafga suv berilib, bo‘linib bo‘linib sug‘oriladi. Suv tanqis bo‘lsa hosildorlik ham 30 foizga kamayadi, -dedi Ulug‘bek Mamatov.

So‘nggi marta bunday vaziyat 2008-2009 yillar mobaynida kuzatilgan edi. O‘shanda Qirg‘iziston tomoni kamsuvlik davri boshlangani munosabati bilan O‘zbekistonga suv berishni to‘xtatib qo‘ygan. Buning oqibatida Namangan, Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida suv tanqisligi kuzatilgan edi. Masalan, o‘sha yillari Xorazmda suv ta‘minoti 44 foiz bo‘lgani va ko‘plab fermerlar ziyon ko‘rgani haqida Ozodlik radiosi o‘z vaqtida xabar bergan.

XS
SM
MD
LG