Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:28

O‘shda kelin o‘g‘rilari qidirilmoqda


O‘sh shahri yaqinidagi Narimon qishlog‘ida ikki kelinni o‘g‘irlashga harakat qilingani ortidan o‘shliklar orasida “odam o‘g‘rilari paydo bo‘ldi”, degan vahimalar kuchaydi. Har ikkala holatda kelinlarning yordam so‘rab baqirgani va qo‘shnilarning yordamga kelgani oqibatida o‘g‘rilar qochishga majbur bo‘lgan.

Shu yilning 2 sentabr kuni O‘sh shahri yaqinidagi Narimon qishlog‘ida 22 yoshli kelin Maftuna Sobirova ertalabki soat oltida ko‘cha supurishga chiqqan. Shu vaqt uning oldiga “Stariks” rusumidagi kul rang mashina kelib to‘xtagan. Notanish haydovchi kelindan vulkanizatsiya qayerda ekanini so‘ragan. Kelin “Hozir chaqirib beraman”, deb o‘z uyi tomonga ketayotganida, ortidan qora hijobli ayol kelib uning og‘zini berkitgan:

- Faqat ko‘zi ko‘rinib turgan, qora hijobli ayol ortidan kelib, og‘zini yopib, biron bir so‘z aytmay, sochidan ushlab mashinaga tortibdi. Jon achig‘ida kelin qarshilik ko‘rsatibdi, shunday qarshilik 2-3 daqiqa davom etgan. Oq sariqdan kelgan 50 yoshlar chamasidagi haydovchi ekan, mashinadan tushmabdi. Shunda masjiddan kishilar chiqib qolishibdi, masjid ham 50 metrcha nariroqda. Shuni ko‘rib turgan ekan: “Odam chiqdi, tez bo‘l”, deb chaqiribdi, sherigi esa kelinni mashinaga olib chiqa olmay, tepib qochib ketibdi, - deydi Maftuna Sobirovaning onasi Maharamxon Sobirova.

Uning aytishicha, haydovchi o‘zbek tilida buzuq talaffuz bilan gapirgan, ayol esa gapirmagan. Maharamxon Sobirova bo‘lgan voqea yuzasidan o‘sha kuni huquq-tartibot tuzilmalariga ariza yozgani borgan. Biroq Narimon militsiyasi xodimlari bu arizachi ayolga ishonmay, masxaraomuz munosabatda bo‘lgan.

Bu voqeadan bir kun o‘tib, 3 sentabr kuni peshin namozidan so‘ng Narimon qishlog‘idagi boshqa bir kelin - Nilufar Rustamovani ham o‘g‘irlash harakati bo‘lgan.

- Azon aytganidan keyin soat bir yarimlarda ko‘chaga chiqsa xech kim yo‘q bo‘lgan. Ariq bo‘yiga borgan bir narsa to‘kkani, qaytib kelayotganda bir bola ortidan mashina bilan ta‘qib qilgan. Kelinim bir kun avvalgi voqea esiga tushib, qo‘rqib ketib ariqning berigi tomoniga o‘tib olibdi. Haligi bola ham o‘tib, eshikni to‘sib, uyga kiritmabdi, keyin tezlikda mashina kelgan va uni mashinaga tortishgan. Bu mashinadan tushib qochishga harakat qilib, ancha mojaro bo‘libdi. Keyin orqadan kimdir birov baqiribdi, bular ketib qolishibdi. Kelinimni boshi jarohatlangan, bir shapaloq urishganida qulog‘i, yuzlari qon bo‘lgan ekan,- deydi Nilufar Rustamovaning qaynonasi Muqadamxon Mamatbuvayeva.

Qaynonaning aytishicha, kelinini o‘g‘irlamoqchi bo‘lganlar osiyo millatiga mansub, taxminan 25 yoshlardagi yigit hamda hijobli odam bo‘lgan. Ular mazkur voqea yuzasidan militsiyaga ariza yozgan. Hozirda Nilufar Rustamova Narimon kasalxonasida davolanmoqda.

Bu voqeadan so‘ng Narimon militsiyasi xodimlari 2 sentabr kuni o‘g‘irlanishga harakat qilingan Maftuna Sobirovaning uyiga kelgan va uning yaqinlaridan bo‘lgan voqea yuzasidan qayta ariza yozdirib ketgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, jabrlanuvchi kelinlar voqeadan bir kun avval ularni huddi o‘sha odamlar uyi yonida kuzatayotganlarini ko‘rishgan.

Ozodlik muxbiri mazkur ikki voqea yuzasidan qo‘shimcha ma‘lumot olish uchun O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qildi. Boshqarma matbuot kotibi Jenish Ashurbayev kelinlarni o‘g‘irlamoqchi bo‘lganlarni qidirib topish yuzasidan tezkor ishlar olib borilayotganini bildirdi. Militsiya rasmiysi guvohlarning ko‘rsatmasi bir-biridan farq qilayotgani qidiruv ishlarida qiyinchiliklar tug‘dirayotganini ham qo‘shimcha qildi:

- Tergovda guvoxlarning ikki xil ko‘rsatma berishi bizga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.Guvohlar jurnalistlarga boshqacha gapirib, tergovchi chaqirganida boshqacha ko‘rsatma bermoqda. Shu sababli mazkur holatni o‘ta sinchikovlik bilan tekshirayapmiz. 3 sentabr kuni murojaat qilgan fuqaro bugungi kunda shifoxonada davolanmoqda, qattiq stres olgani uchun. Bu esa shunday voqea rostdan ham sodir etilganiga dalil bo‘ladi, - deydi Jenish Ashurbayev.

Uning aytishicha, bugungi kunda qidirilayotgan odamlarning foto robotlari tuzilib, o‘g‘rilarga mansub ekani gumon qilinayotgan avtomashinani izlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

XS
SM
MD
LG