Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:21

Umarali Quvvatovni o‘ldirishga aloqadorlikda gumonlangan tojikistonlik hibsga olindi​


Turkiya politsiyasi tojik hukumati muxolifi, “24 guruhi” rahbari Umarali Quvvatov o‘limiga aloqadorlikda gumon qilib tojikistonlik 30 yoshli Sulaymon Qayumovni hibsga oldi. Umarali Quvvatov Istanbulning Fotih mavzesida 5 mart kuni kechqurun otib ketilgan edi.

Turkiya ommaviy axborot vositalarining politsiyadagi manbaga tayanib xabar qilishicha, “24 guruhi” rahbari Umarali Quvvatov boshidan otib ketilishidan oldin oilasi bilan mehmondorchilikda bo‘lgan va kechki ovqatdan zaharlangan.

Qotillik ular kasalxonaga borish uchun ko‘chaga chiqqan paytda, oila ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan.

Politsiya Umarali Quvvatov oilasini mehmonga chaqirgan tojikistonlik Sulaymon Qayumovni hibsga olgan. Sulaymon Qayumov bundan uch oy muqaddam Tojikistondan kelib “24 guruhi”ga qo‘shilgan va 5 mart kuni Quvvatov oilasini vaqtincha yashab turgan uyiga mehmonga taklif qilgan.

Turkiyadagi “Hurriyat” gazetasining yozishicha, Quvvatov oila a‘zolari bilan 30 yoshli Sulaymon Qayumov bergan ziyofatda zaharlangan va ko‘chaga chiqishi bilan Umarali otib ketilgan.

Quvvatov yaqinlari politsiyaga Sulaymon Qayumovning qotillikka aloqasi bo‘lishi mumkinligi haqida aytishgan.

“Chunki kechki ovqat paytida u o‘zini ancha g‘alati tutdi, u kim bilandir telefonda muntazam gaplashib turdi”, degan Quvvatov oilasi.

Turk nashrlarining yozshicha, kechki ovqat paytida Quvvatovning xotini va ikki o‘g‘li o‘zini yomon his qila boshlaganidan keyin ular kasalxonaga borish uchun tashqariga chiqqan. Shu payt noma‘lum shaxs Quvvatovga orqa tomonidan yaqinlashib, tojik tilida nimadir degan va yaqin masofadan boshiga o‘q uzib, qochib ketgan. Hujum paytida Sulaymon Qayumov ham g‘oyib bo‘lgan va bir necha soatdan so‘ng politsiya uni hibs qilgan.

Qotillik katta ko‘chada namoyishkorona sodir etildi

Xabarlarda aytilishicha, Umarali Quvvatov Istanbulning Fotix mavzesidagi oshxonalardan birida Sulaymon degan shaxs bilan ovqatlanib bo‘lgach, 22.30lar chamasida ko‘chaga chiqadi. Shu payt noma‘lum shaxs uning oldiga kelib, to‘pponchadan boshiga o‘q uzgan va voqea joydan qochgan. Sulaymon ismli shaxs ham bu voqeadan keyin bedarak ketgan.

Quvvatovning safdoshlaridan biri Sharofiddin Gadoyev Ozodlik radiosi tojik xizmatiga Umarali Quvvatov voqea joyida halok bo‘lganini aytdi. Gadoyevning iddao qilishicha, bundan avvalroq Umarali Quvvatovni Istanbulning Oqsaroy mavzesidagi oshxonalardan birida zaharlash harakati bo‘lgan. Quvvatov bilan birga ovqatlangan ikki hamrohi o‘shanda ovqatdan zaharlangan, biroq Quvvatovning o‘zi sog‘ qolgan.

Ayni paytda qotillik yuzasidan Istanbul politsiyasining terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi tergov olib bormoqda.

Umarali Quvvatov.
Umarali Quvvatov.

47 yoshli Umarali Quvvatov bir paytlar prezident Imomali Rahmon oilasi bilan yaqin aloqada bo‘lgan. Umarali Quvvatov 2007 yilda Tojikistonni tark etgan edi.

Rahimzoda: "Umarali Quvvatov iqtisodiy jinoyatlarda ayblanmoqda"

Tojikiston Turkiyadan rasman Umarali Quvvatovni Dushanbega topshirishni talab qilib kelgan. Mazkur talab ortidan Quvvatov o‘tgan yilning dekabrida turk politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan, ammo shu yilning fevral oyida ozod qilingan edi.

Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Turkiyaga yuborilgan rasmiy so‘rovda Umarali Quvvatov tovlamachilikda ayblanib qidiruvga berilganini ma‘lum qilgan. Muxolifatchi esa o‘zining siyosiy faoliyati tufayli ta‘qib qilinayotganini aytib kelgan.

Umarali Quvvatovning “24 guruhi” ijtimoiy tarmoqlar orqali aholini hukumatga qarshi namoyishlar o‘tkazishga chaqirib kelgan. O‘tgan yilning oktyabrida Dushanbe sudi mazkur guruhni ekstremistik tashkilot, deb qaror chiqargan edi.

Tojikiston ichki ishlar vaziri “24 guruhi”ning sakkiz a‘zosi Rossiyada, uch a‘zosi esa Tojikistonda qo‘lga olinganini bildirgan.

Qo‘lga olingan muxolifatchilardan biri Umedjon Solehovni Dushanbe sudi prezidentni haqorat qilish, qo‘poruvchilikka chaqirish va faoliyati taqiqlangan “24 guruhi” harakatiga a‘zolikda aybdor deb topib, shu yilning 4 mart kuni 17 yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Istanbulda Abdulloh Buxoriy ham o‘ldirilgan edi

O‘tgan yilning 10 dekabrida esa Istanbulda Abdulloh Buxoriy taxallusi bilan mashhur bo‘lgan o‘zbekistonlik imom Mirzag‘olib Hamidov madrasa eshiklari oldida otib ketilgan edi.

Turkiya xavfsizlik xizmati o‘q uzgan noma‘lum shaxsning chechen millatiga mansub Zelimxon Maxtiyev ekanini aniqlagan. Rasmiy xabarga ko‘ra, Maxtiyev jinoyatni sodir etgan kuniyoq qo‘lga olingan.

Turkiya xavfsizlik tashkiloti bilan birgalikda amalga oshirilgan amaliyotlar natijasida buyurtmachi ekani iddao qilingan Sobir Shukurov ham Istanbulning Oqsaroy mavzeidagi mehmonxonalardan birida ushlandi.

Jinoyatni amalga oshirishga yordam bergani iddao qilingan Eldar Aslan esa Anqarada hibsga olindi.

XS
SM
MD
LG