Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:23

O‘zbekistonga qurg‘oqchilik xavf solayaptimi?​


Yiliga 19,5 milliard kubometr suv saqlash imkoniga ega bo‘lgan To‘qto‘g‘ul GESida suv ko‘lamining tahdidli nuqtaga yetish darajasida ozaygani oqibatida ekspertlar O‘zbekistonga har yilgidek 6-7 milliard emas, 300 million kub metr suv berilishi mumkinligini bashorat qilmoqda.

587 - 187 = - 400

O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan rasmiy ma‘lumotlarga qaraganda, mamlakatda suvning qariyib 91,5 foizi yoki 53 milliard 524 million 200 ming kubometri qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishga sarflanadi. Suvning qolgan qismi esa aholi ehtiyojiga beriladi.

Sug‘orish mavsumida O‘zbekiston suvning katta qismini Qirg‘izistondan oladi. Biroq joriy yilda To‘qto‘g‘ul GESining o‘zi to‘xtatib qo‘yilish xavfi ostida turibdi.

Qirg‘iziston elektr stantsiyalari shirkatining bildirishicha, hozir 19,5 milliard kubometr suv saqlash imkoniga ega bo‘lgan To‘qto‘g‘ul suv omborida 6 milliard 800 million kubometr suv qolgan. Bugungi kunda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun har soniyada 587 kub metr suv chiqayapti, suv omboriga kirayotgan suv miqdori esa 187 kub metrdan ortmayapti.

"O‘zbekiston va Qozog‘istonga suv yetmay qolishi mumkin"

Qirg‘iziston energetika vazirining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Mamirov Ozodlik radiosiga bergan suhbatida, suv miqdori yana 300 million kub metrga ozayib, 6,5 milliard kub metrga tushib qolsa, To‘qto‘g‘ul GESi faoliyati to‘xtatilishi va qo‘shni davlatlarga suv chiqarish mutlaqo to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytdi.

- O‘zbekiston va Qozog‘istonga suv yetishmay qolishi mumkin. Hozirgi ishlab chiqarish quvvti saqlab qolinadigan bo‘lsa, u holda 300 milliondan 500 million kubometrgacha suv chiqarib turiladi. Bu Qirg‘izistonning o‘zidan ortmaydigan suv, - dedi Rayimbek Mamirov.

Qirg‘iziston energetika vazirining o‘rinbosari Batirkul Isayev sobiq hamkasbining so‘zlarini tasdiqlagan holda, To‘qto‘g‘ul GESi 6,5 milliard emas,5 milliard 400 million kub metr suv qolganda uzil kesil to‘xtatib qo‘yilishi mumkinligini aytdi.

- Hozircha uskunalar zo‘riqish darajasida ishlamayapti. Agar bir oz zo‘riqish kuzatilsa, uskunalar avtomatik ravishda ishini to‘xtatadi. Ikki yil oldin mana shunday holat kuzatilgan edi, -dedi vazir o‘rinbosari.

"Suvsizlik jarayoni uch yilgacha cho‘zilishi mumkin"

Mutaxasis Rayimbek Mamirov O‘zbekistonni suv bilan ta‘minlash ko‘pi bilan uch yilgacha muammo bo‘lib qolishi mumkin, deb tahmin qiladi:

- Bu bir-ikki yil, ko‘pi bilan uch yilga cho‘zilishi mumkin bo‘lgan jarayon. 2015 yilning oktyabrigacha Qirg‘izistonTo‘qto‘g‘ul suv omboriga kamida 12 milliard kubometr suv to‘plab olishi kerak. Aks holda energetik inqiroz yuzaga keladi. Oktbyargacha 12 milliard kub metr suv yig‘ish uchun esa bahor-yoz mavsumida kamida 5 milliard suv yig‘ish kerak. Bu esa yozda suvni juda iqtisod qilishga majbur qiladi, -dedi Rayimbek Mamirov.

Qirg‘iziston rasmiy idoralari Ozodlik muxbirining O‘zbekistonga suv berilishi yuzasidan ekspertlar bashorati naqadar haqiqatga yaqin ekani to‘g‘risidagi so‘roviga hozircha javob qaytargani yo‘q. Rasmiy idoralar vakillarining aytishlaricha, hozircha bu borada muayyan bir fikr mavjud emas va shundan kelib chiqib, bu savolga javob berish uchun vaqt talab qilinadi.

So‘nggi marta bunday vaziyat 2008-2009 yillar mobaynida kuzatilgan edi. O‘shanda Qirg‘iziston tomoni kamsuvlik davri boshlangani munosabati bilan O‘zbekistonga suv berishni to‘xtatib qo‘ygan. Buning oqibatida Namangan, Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo, Jizzax, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida suv tanqisligi kuzatilgan edi. Masalan, o‘sha yillari Xorazmda suv ta‘minoti 44 foiz bo‘lgani va ko‘plab fermerlar ziyon ko‘rgani haqida Ozodlik radiosi o‘z vaqtida xabar bergan.

XS
SM
MD
LG