Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:28

Qirg‘iz-tojik chegarasining bahsli bo‘lmagan hududlari bo‘yicha kelishildi


Qirg‘iziston hukumati qirg‘iz-tojik chegarasi yuzasidan kelishuv loyihasini tayyorladi. Unga muvofiq, aniqlangan va bahsli bo‘lmagan chegaralar bo‘yicha hujjat davlat rahbarlari darajasida imzolanadi. Bungacha tomonlar bahsli chegara hududlari bo‘yicha bir necha marotaba uchrashgan bo‘lishiga qaramay, bir fikrga kelisholmagan. Bu esa qirg‘iz-tojik chegarasida turli janjal va mojarolar bo‘lib turishiga sabab bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Aali Qarashevning hukumat yig‘inida ma’lum qilishicha, o‘tgan yilning noyabr oyidagi uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida avval tasdiqlangan chegaralarni hujjatlashtirib qo‘yishga kelishilgan edi:

“Uchrashuvda kuchli bahs bo‘lgan. Kelishuv loyihasi yuzasidan ham muzokara o‘tgan. Qariyb 520 kilometrga yaqin chegara yoki chegara umumiy masofasining 54 foizi hukumat darajasida tasdiqlangan. Kelishuv loyihasi yuzasidan ham kelishmovchiliklar bor edi. Muzokaralardan keyin ikki taraf ham rozi bo‘ldi. Qirg‘iz-tojik chegarasining qolgan bahsli hududlari, 396 kilometrdir”, -deb ma’lum qildi yig‘inda Aali Qarashev.

Qirg‘iz-tojik hukumat vakillari chegara bo‘yicha kelishuv loyihasini o‘tgan yilning noyabr oyida Bishkekda o‘tkazilgan uchrashuvda muhokama qilgandi.

Qirg‘iziston hukumat rahbari Temir Sarievga ko‘ra, ushbu kelishuv yuzasidan so‘nggi qarorni parlament beradi:

“Hukumat qarorini parlamentning tegishli qo‘mitasiga yuboramiz. Qo‘mita ko‘rib chiqib rozilik bergach, hujjat davlat rahbariga yuboriladi. Davlat rahbari tojik tomoni bilan ma’qullashib olgandan keyin hujjat rasman imzolanadi. Shundan so‘ng Jo‘g‘o‘rqu Keneshga ratifikatsiyaga keladi. Parlament ko‘rib chiqib, qabul qilgachgina o‘z kuchiga kiradi. Bu Tojikiston bilan qo‘yilgan ilk katta qadamdir. Davlat rahbarlari o‘rtasida aniqlangan yerlarni belgilab, keyin bu masalaga qaytmay, qolgan bahsli hududlar masalasini keyinga qoldirishga kelishilgan”,- deydi Temir Sariev.

Biroq Qirg‘iziston hukumati 15-yanvarda bo‘lib o‘tgan yig‘inda kelishuv loyihasini qabul qilib olishni keyinga qoldirdi. Bunga Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildaevning hujjatni chegara bo‘yicha maxsus komissiya yana bir borib ko‘rib chiqib, xatolarni tekshirishi yuzasidan qilgan taklifi sabab bo‘ldi.

Hukumatning chegaralarni aniqlash bo‘yicha bo‘lim rahbari Qurbanbay Iskandarovga ko‘ra, imzolanishi rejalanayotgan hujjat ochiq hamda yashirin tarzda bo‘ladi:

“Biri yozma ravishda ochiq bo‘ladi, ikkinchisi kartografik hujjatlar, ular yashirin tarzda bo‘ladi. Ikki taraflama ishchi guruhi bor, bu guruh xarita bo‘yicha barchasini aniqlagan. Biz aytayotgan 520 kilometr chegara hududi asosan tog‘li hududdan o‘tadi”, - deydi Qurbanbay Iskandarov.

Qirg‘iziston bilan Tojikiston bungacha chegaralarni aniqlash bo‘yicha kelishib olgan. Tomonlar bundan keyin eski kartalarga qaramay, Olmaota deklaratsiyasi bo‘yicha ish olib borishga kelishgan. Mazkur deklaratsiyaga muvofiq, har bir mamlakat mustaqillikni qo‘lga kiritgan davrdagi chegarasi bilan qolishi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari ikki davlat vakillari ba’zi bahsli hududlarni o‘zraro almashish orqali ham masalani hal qilishni muhokama qilgan.

XS
SM
MD
LG