Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:31

O‘shda o‘zbeklarga oliygohga kirish imkoniyatini beruvchi loyiha ish boshladi


O‘shda 25 yanvardan boshlab o‘zbek maktabi bitiruvchilarini oliygohga kirish uchun davlat imtixonlariga tayyorlash bo‘yicha o‘quv kurslari faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Qirg‘iziston hukumati oliygohga kirish imtihoni vazifasini bajaruvchi testlarni o‘zbek tilida topshirishni bekor qilganidan so‘ng, o‘tgan yili o‘zbek yoshlarining asosiy qismi oliygohlarga kirish huquqidan mahrum bo‘lib qolgan edi.

O‘zbek matabi bitiruvchilarini qirg‘iz va rus tillaridagi davlat testlariga tayyorlash bo‘yicha kurslarda O‘shdagi 20ta o‘zbek maktabidan chaqirilgan 42 o‘qituvchi malaka oshirdi. 19 yanvar kuni O‘sh davlat dorilfununida o‘qituvchilarga kurslarni tamomlagani to‘g‘risida guvohnomalar topshirildi. 25 yanvardan boshlab bu o‘qituvchilar o‘zbek maktabi bitiruvchilarini davlat testlariga tayyorlay boshlaydi.

O‘sh shahar o‘zbek milliy-madaniy markazi rahbari Abdurashid Xo‘jaevga ko‘ra, hozir 200ga yaqin o‘zbek farzandi bu kurslarda o‘qish niyatini bildirgan:

O‘zbek milliy madaniy markazi raisi Abdurashid Xo‘jaev malaka oshirgan o‘qituvchilardan biriga sertifikat topshirmoqda.
O‘zbek milliy madaniy markazi raisi Abdurashid Xo‘jaev malaka oshirgan o‘qituvchilardan biriga sertifikat topshirmoqda.

- Xudo xohlasa, biz ertadan uyushtirish ishlarini boshlaymiz va dushanba kunidan kurslarni boshlashga harakat qilamiz. Beshta maktabni baza sifatida olganmiz. Har bir o‘quvchi qaysi sohaga qiziqishiga qarab, muayyan bir maktab bazasida tashkil qilingan kurslarga qatnaydi. Biz har bir maktabga institutga kirmoqchi bo‘lgan bolalar ro‘yxatini beringlar, deb topshiriq berdik. Bugungi kunda maktablar bizga 200 nafar bola ro‘yxatini berdi,- deydi Abdurashid Xo‘jaev.

Aytish joizki, 2015 yilda Qirg‘iziston Maorif vazirli maktab bitiruvchilarining oliygohlarga kirish imtihoni vazifasini o‘tovchi Umumrespublika testlarini o‘zbek tilida topshirishni bekor qilingandi. 2014 yilda ham shunday qaror chiqarilgan, biroq rus yoki qirg‘iz tilini yaxshi bilmasligi haqida ariza yozgan o‘quvchilarga o‘zbek tilida imtihon topshirishga ruxsat berilgan edi.

Malaka oshirganlik to‘g‘risidagi sertifikat.
Malaka oshirganlik to‘g‘risidagi sertifikat.

2002 yilda joriy etilgan Umumrespublika test sinovi Qirg‘izistonda 12 yildan buyon qirg‘iz, rus va o‘zbek tillarida o‘tkazib kelingan.

Ayrim qirg‘iz siyosatchilari va faollari birinchi marta 2012 yilda Qirg‘izistonda o‘zbek tilidagi testni bekor qilishni talab qilgan edi. Biroq o‘shanda Qirg‘iziston Maorif va fan vaziri Qanat Sadiqov o‘zbek tilidagi testlarni bekor qilish fuqarolar huquqi buzilishiga sabab bo‘lishini dastak qilib, bu taklifni rad etgan edi.

O‘tgan yili oliygohlarga kirish imtihoni vazifasini o‘tovchi Umumrespublika testlaridan o‘zbek tili umuman olib tashlangach, bu yilda O‘sh shahar O‘zbek milliy–madaniy markazi, Millatlararo munosabatlarni izga solish agentligi va O‘sh davlat dorilfunini hamkorligida o‘zbek o‘quvchilarini qirg‘iz tilida davlat imtihonlariga tayyorlash bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan.

Rustam Yusupov o‘zbek yoshlarini testlarga tayyorlash bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan 42 o‘qituvchi orasidagi yagona erkakdir.
Rustam Yusupov o‘zbek yoshlarini testlarga tayyorlash bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan 42 o‘qituvchi orasidagi yagona erkakdir.

O‘shdagi 20ta o‘zbek maktablaridan yig‘ilgan 42 o‘qituvchi O‘sh davlat dorilfununi hodimlari tomonidan 24 soatga bo‘lingan kurs bo‘yicha bir yarim oy mobaynida o‘qitilgan. Kurslarda o‘qituvchilarga Davlat testlariga yo‘nalish, test savollari tuzilgan masalalar va boshqa mavzular haqida dars berilgan. Ushbu kurslarni tamomlagan o‘qituvchilar ularga berilgan bilim o‘zbek o‘quvchilarining oliygohga kirishiga kafolat bo‘lolmasligini aytishadi:

- Biz to‘liq o‘rgandik, deb kafolat berolmaymiz. Qisqa vaqt ichida katta informatsiyani sig‘dirishning o‘zi katta ish. Lekin har bir daraxt mevasini bilish uchun bittadan totib ko‘rish kerak deganidek, testning tuzilish formasi va variyantlari, savollarining tiplari haqida ma’lumot oldik. Bizga: “Qo‘llanmalar ham beramiz”, deyishayapti.

Ozodlik: O‘zbek maktabini tamomlagan o‘quvchini davlat imtihonlariga tayyorlashga vaqt yetarlimi?

- Bu yerda asosiy narsa bilimning o‘zi emas, shu bilimni ishlata olish degan narsa bilan bog‘liq bo‘layapti. 11 yil bilim olgan o‘quvchi shu bilimni ishlata oladimi, Amalda qo‘llay oladimi, degan narsa bo‘layapti. Hattoki biz o‘zimiz o‘qituvchi bo‘lib turib, adashib ketgan hollarimiz bo‘ldi. Natija qanday bo‘lishini Alloh biladi. Lekin mazkur loyiha ariq suvini to‘sib turgan katta tosh olib tashlanishiga sabab bo‘ldi, -deydi kursdan o‘tgan o‘qituvchilardan biri Mufazzalxon.

O‘sh davlat universtiteti rektori Qanibek Isakovkurslarni tamomlagan o‘qituvchilardan birontasi o‘qitgan uch o‘zbek o‘quvchi oliygohga kirsa, ular universtitet tomonidan taqdirlanishini bildirdi.

Qirg‘izistonda umumrespublika testlari may oyining ikkinchi yarmidan boshlanadi va ikki bosqichda o‘tkazib kelinadi.

XS
SM
MD
LG