Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:27

O‘zbekiston metereologlari “Qishdagi bahor” qancha davom etishini bilmaydi


O‘zbekistonda yanvar oyida havo haroratining 20 darajagacha ilishi bo‘lg‘usi hosil g‘amini yeyayotgan fermerlarni tashvishga solmoqda. Ammo O‘zgidrometning Ozodlik muxbiri bog‘langan mutaxasislari “qish faslidagi bahor” yana qancha davom etishini bilmasliklari va bu borada prognozlar ham yo‘qligini aytishdi.

O‘zbekistonda yanvar oyida havo harorati ayrim viloyatlarda 20 darajagacha isigani bois qator viloyatlarda, jumladan, Toshkentda hamda Termizda bodom va boshqa mevali daraxtlar gullay boshlagani haqida Ozodlikning mobil muxbirlaridan xabarlar kelmoqda. Bu borada O‘zbekiston mahalliy matbuotida ham xabarlar berildi.

Qish faslida bahorga xos bo‘lgan bu ko‘rinish yana qancha davom etadi? Bu savol bilan O‘zgidromet markazi rasmiylariga bog‘landik.

-Siz buning uchun bosh direktorimiz nomiga rasmiy xat jo‘natib, unda qanday savollarga javob olishni istashingizni aytishingiz lozim. Shundan so‘ng u sizga vaqt ajratib, mutaxasis topib beradi, - dedi O‘zgidrometning matbuot bilan aloqa qilishga mas’ul xodimi o‘zini tanishtirishni istamagan holda.

Biroq O‘zgidrometning boshqa bir mutaxasisi Ozodlik savollariga ovozini yozmaslik sharti bilan javob berishga rozi bo‘ldi.

“Avvalgi kunlari respublika bo‘ylab 17-20 darajagacha havo isigan edi. 25 yanvar kuni temperaturaning tushishi kutilayapti. Bugun 15-17 daraja issiq bo‘ladi. Chorshanba va payshanba kunlari yog‘ingarchilik kutilayapti. Biroq bu yomg‘ir bo‘ladimi yoki qormi ayta olmaymiz. O‘sha kunlari havoning harorati ham respublika bo‘yicha o‘rtacha 7-12 daraja iliq bo‘ladi. Ammo keyin ob-havo qanday o‘zgarishi haqida hech qanday ma’lumotlar ham, prognozlar ham yo‘q. Bu ish bilan shug‘ullanmayapmiz. Biz ob-havo prognozini bir necha kunga beramiz xolos”, dedi O‘zgidrometning ismi sir qolishi va ovozini yozib olishimizni istamagan xodimi.

Qish faslida kunning kutilmagan darajada isib ketishi fermerlarni tashvishga solmay qo‘ymayapti. Ularning aytishlaricha, qish iliq kelsa kamsuvlik davri boshlanishi, ekinzorlar suvsiz qolishi mumkin. Ozodlik bilan suhbatlashgan fermerlardan biri Ulug‘bek ob-havoning qishda isib ketishi oqibatida bu yilgi hosil kutilganidan ozroqq bo‘lishini taxmin qilayotganini aytdi:

-Qish qishligini, kuz kuzligini, bahor bahorligini qilishi kerak, deyishadiku eskilar. Dehqonchilik endi o‘rtacha bo‘ladi, bundan ortig‘ini kutayotganimiz yo‘q. Ammo dehqonchilik faqat ob-havogagina emas, ekinlarni qanday parvarishlashingizga ham bog‘liq, -dedi Ulug‘bek.

O‘zbekistonda nafaqat joriy yilgi qish, balki o‘tgan yilgi yoz fasli ham anomal issiq kelganini kuzatish mumkin. O‘zbek metereologlarining bildirishlaricha, o‘tgan yilning 30 iyunidan 5 iyuligacha O‘zbekistonda havoning harorati rekord darajada isib, 43,3 gradusni, ayrim viloyatlarda esa 44,1 gradusni tashkil qilgan. Bunday holat O‘zbekistonda so‘nggi marta 1968 yilda kuzatilgan edi.

XS
SM
MD
LG