Afg‘onistonda O‘zbekiston Islomiy harakatidan ajrab chiqqan tojikistonlik dala qo‘mondonlaridan biri Amriddin Tabarov o‘ldirilgani to‘g‘risdagi ma’lumotlarni Tojikiston hukumati rasman tasdiqladi. Bu haqda Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda 25 yanvar kuni Dushanbeda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirdi.
Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda 25 yanvar kuni Dushanbeda o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Jamoati Ansorulloh” guruhi lideri Amriddin Tabarov jismonan yo‘q qilinganini tasdiqlar ekan: “Uning taqdiri bizga ma’lum. U o‘tgan yil iyulida afg‘on maxsus xizmatlari o‘tkazgan amaliyot chog‘ida halok bo‘lgan”, deb bildirdi.
Tabarov 1953 yilda Nurobod tumanida tug‘ilgan va yoshligidanoq Islom uyg‘onish partiyasining a’zosi bo‘lgan edi. Domullo Amriddin nomi bilan tanilgan Tabarov 1992-97 yillarda Tojikistonda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushi chog‘ida aksilhukumat kuchlariga rahbarlik qilgan. 90-yillar oxirlarida Tabarov O‘zbekiston Islomiy harakatiga qo‘shilib, Afg‘onistonda jang qilgan, toliblar hokimiyatdan chetlatilganidan keyin esa Pokistonga o‘tib ketgan.
2010 yilda u ham Tolibon, ham Al-Qoida bilan aloqada bo‘lgan Jamoati Ansorulloh guruhiga asos solgan. Bu guruhning ayrim a’zolari keyinchalik “Islomiy davlat” guruhiga bay’at bergan. Jamoati Ansorulloh guruhi birinchi marta 2010 yilning sentyabrida Tojikiston uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash tuzilmasining Xo‘janddagi hududiy tuzilmasiga qilingan hujumdan so‘ng tilga olingan edi. O‘shanda guruh mazkur hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.
2011 yil aprelida esa Tojikistonda o‘tkazilgan maxsus amaliyot paytida sobiq tojik birlashgan muxolifati dala qo‘mondoni Abdullo Rahimov o‘ldirilgan va u yashagan joydan Jamoati Ansorullohning qora bayrog‘i topilgani aytilgan edi.
Tojikiston maxsus xizmatlarining bildirishicha, Tabarov 1993 yilda Qohiradagi Islom universitetini bitirgach, Afg‘onistonning Tahor viloyatiga kelgan va islomiy uyg‘onish harakatiga qo‘shilgan. 1997 yilda u Tojikiston hukumati va muxolifati o‘rtasida imzolangan sulh bitimi shartlarini qabul qilishdan bosh tortib, O‘zbekiston Islomiy harakatiga qo‘shilgan.
O‘tgan yilning sentyabrida Tojikistonda taqiqlangan Islom uyg‘onish partiyasi a’zosi, ayni paytda tergov ostida bo‘lgan Zubaydullo Roziq Ozodlik radiosi tojik xizmatiga Amriddin Tabarov haqida mana bularni aytgan edi:
“U ustoz Nuriy maktabidan uzoqlashdi, uyg‘onish harakati safidan chiqdi. “Jamoati takfir” degan guruh bor edi. Bu guruh o‘zlari islomga zid harakat qildi, deb hisoblaganlarni qattiq jazolar edi. Men, bu odam mana shu guruh ta’siriga tushib qolgan, deb o‘ylayman. U demokratik va dunyoviy davlatni qabul qila olmaydi”, deb aytgan edi Zubaydullo Roziq.
Jamoati Ansorulloh 2012 yilning mayida terrorchi guruhlar ro‘yxatiga kiritilgan, guruhning Tojikistonda faoliyat yuritishi esa taqiqlangan. O‘tgan yil boshida Tojikistonda bu guruhning o‘nlab a’zosi qamalgandi.
2013 yilda esa Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Amriddin Tabarovga nisbatan Interpol orqali xalqaro qidiruv e’lon qilinganini bildirgan.
Tojikiston hukumati 1993 yil iyulida tojik-afg‘on chegarasini qo‘rqilayotgan Rossiya chegarachilariga qilingan hujum uchun mas’uliyatni ham Amriddin Tabarov zimmasiga yuklagan edi. O‘shanda 12-zastavaga qilingan hujumda Rossiyaning 25 chegarachisi halok bo‘lgan.