Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:26

O‘shliklar O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi ta’magirlikdan norozi


O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining O‘sh shahri yaqinidan o‘tuvchi hududida joylashgan Do‘stlik chegara punktida qirg‘iz chegarachilari chegaradan o‘tayotganlardan taqriban 5 AQSh dollaridan 20 dollargacha pul talab qilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiylari asossiz, deb baholamoqda.

O‘z ismini ochiqlashni istamagan va shartli ravishda o‘zini Sabina deb tanishtirgan o‘shlik ayol Ozodlikka O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi Do‘stlik chegara bekatida odamlardan pul talab qilinayotganidan arzlandi.

Unga ko‘ra, o‘tgan hafta so‘ngida Surgut-O‘sh qatnovi orqali uning o‘zbekistonlik uch tanishi O‘shga kelgan. Yoshi 60dan oshgan o‘zbekistonlik ikki ayol va bir erkak tonggi soat 4da Rossiyadan keladi va Do‘stlik chegarasi soat 9dan ochilishi sababli Sabina ularni uyiga olib boradi. Aytilgan vaqt bo‘lganida suhbatdoshimiztanishlarini chegara kuzatish uchun boradi.

Ular Qirg‘iziston chegarasida ikki soat mobaynida ushlab turilgach, O‘zbekiston tomonga o‘tganini ko‘rgan suhbatdoshimiz uyiga qaytib kelgan.

Sabina uyiga kelgach, o‘zbekistonlik tanishlariga telefon qilib, ota-onalarini chegaradan o‘tkazib qo‘yganini aytgan:

“Men farzandlari bilan gaplashsam, ota-onalarini juda qiynab tashlashibdi. Men erkaklarga “pulingizni ayol kishiga berib qo‘ying, ayollarni tegishmaydi”, degandim. Berishipti. Kovlaganda o‘zim ko‘rganman, cho‘ntagida 5 ming va yana 3 ming, 50-100 rublli pullari bor edi. Shu pullarini hammasini bitta qo‘ymay olib qo‘yishibdi. Hatto Qo‘qonga ketuvchi yo‘lkiralarini ham olishibdi. Hatto cho‘ntagiga qo‘lini solib olishgan. Buni eshitib men Qirg‘iziston fuqarosi ekanimdan hijolat bo‘ldim. Yoshlardan olsa mayli desangiz, yoshi oltmishdan oshgan qariyalarni shunday qilish noto‘g‘riku”, - deydi Sabina.

Sabinaga ko‘ra, u mehmonlarni kuzatish chog‘ida Do‘stlik chegarasidan o‘tish uchun navbat kutib turgan bir necha odamlar bilan gaplashgan. Ular ham chegarachilar pul talab qilayotganini, Turkiya yoki Koreyaga O‘zbekiston orqali uchmoqchi bo‘lganlardan bir yarim ming qirg‘iz so‘mi, taqriban 20 dollar pul talab qilinishini aytishgan.

Janubiy Koreyada ishlovchi o‘shliklardan biri ham Sabinaning bu so‘zlarini tasdiqladi. U ham ma’lum sabablarga ko‘ra, ismini ochiqlashimizni istamadi:

“Ming, bir yarim ming som pul olyapti. Ketayotganimda ham, kelayotganimda ham olayapti. Bekordan-bekor oladi. O‘tib ketayotganingda tekshiradi, undan ko‘ra bersang tekshirmasdan olib o‘tib qo‘yaman deyishadi. Grajdanskiy kiyimda yuruvchi bir yigit ishlar ekan. U chegarachilar bilan tanish ekan, chegaradan o‘tmoqchi bo‘lganlar bilan gaplashib, pul yig‘adi. Keyin u pasportlarga chegara muhrini urdirib beradi, bemalol o‘tib ketaversaiz”, -deydi suhbatdoshimiz.

Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiysi Gulmira Bo‘rubaeva esa bu ma’lumotlarni asossiz, deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, shu kungacha chegarada chegarachilar pul talab qilayotgani haqida fuqarolardan rasman yozma shikoyatlar bo‘lmagan.

“Pul so‘rasa bermaslik kerak. Barcha chegara o‘tkazish punktlari, jumladan, Do‘stlik chegarasida ham ko‘rinarli joyga rahbariyatimiz telefon raqamlari, ishonch telefoni, operativ navbatchi telefonlari yozib qo‘yilgan. Bundan tashqari Chegara xizmatining www.border.kg saytida fuqarolar chegaralarda, jumladan, Do‘stlik chegarasida chegarachilar qancha pul talab qilgani va qancha aul olgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozib qoldirishi mumkin. Fuqarolar ma’lumot berishlari uchun bizda barcha kanallar mavjud”,- deydi Gulmira Borubaeva.

Qirg‘izistonning O‘sh, O‘zbekistonning Andijon viloyati o‘rtasida joylashgan "Do‘stlik" chegara punkti faqat O‘zbekiston hududidan tranzit asosida o‘tuvchi xorij fuqarolariga ochiqdir. O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari bu postdan o‘tib-qayta olmaydilar. Faqatgana Qirg‘iziston fuqarolari "Do‘stlik" chegara-o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistondan chiqib ketishi mumkin, xolos.

Qirg‘izistonning Jalolobod va O‘zbekistonning Andijon viloyati o‘rtasidagi “Madaniyat” chegara-o‘tkazish punkti ikki davlat fuqarolari qatnovi uchun ikki tomonlama tartibda ochiq turgan yagona o‘tkazish punktidir.

O‘zbekiston 2005 yilda Qirg‘iziston bilan chegaralarni bir tomonlama yopib qo‘yguniga qadar, ikki davlat o‘rtasida 17ta chegara o‘tkazish punkti mavjud edi.

XS
SM
MD
LG