Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:30

Prezident tabrigi, bayram tatimagan ayollar


71 yoshli Rahbarxon Odilova 2014-2015 yillarda bir necha marotaba prezident rezidentsiyasi va Oliy Majlis binolari oldida piket o‘tkazgan.
71 yoshli Rahbarxon Odilova 2014-2015 yillarda bir necha marotaba prezident rezidentsiyasi va Oliy Majlis binolari oldida piket o‘tkazgan.

O‘zbekiston prezidenti har yili bo‘lganidek joriy yilda ham o‘zbek ayollarini 8 mart-Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan qutladi. Prezident tabrigida O‘zbekiston jamiyatini ayollar ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmasligi, mamlakatda ayollar rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani alohida ta’kidlangan. Ammo lavhamiz qahramoni bo‘lgan uch ayol prezident maqtanib aytgan imkoniyatlarning barchasidan mahrum etilgan.

http://www.ozodlik.org/content/article/27593262.html
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:06 0:00

Prezident yutuqlarni aytib maqtandi

O‘zbekiston prezidenti har yili bo‘lganidek joriy yilda ham o‘zbek ayollarini 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan qutladi.

Prezident tabrigida bugungi o‘zbek jamiyatini ayollarning faol ishtirokisiz tasavvur qilish mumkin emasligi ta’kidlangan. Prezidentning e’tirof etishicha, O‘zbekistonda ta’lim, madaniyat, fan sohasida ayollar 73 foizni, sog‘liqni saqlash sohasida 75 foizni, sanoatda 42 foizni, qishloq xo‘jaligida 43 foizni tashkil qiladi.

Tabrikda aytilishicha, ayollar 120 mingta kichik biznes sub’ektlarini, 4550dan ortiq fermer xo‘jaliklarini boshqarmoqda.

Islom Karimov O‘zbekistonda “Sog‘lom ona va bola yili” loyihalarini amalga oshirish uchun 7 trillion 483 milliard 300 million so‘m va 194 million 400 ming dollar mablag‘ ajratilganini ham eslab o‘tdi.

Tabrikda aytilishicha, O‘zbekiston hukumati ayollar va qizlarning har tomonlama rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bermoqda. Jumladan, 2015 yilda tadbirkor ayollarga 1 trillion 255 milliard so‘m kredit berilgan. Bu esa 2014 yilga nisbatan 130 foizga ko‘pdir.

Prezident o‘z tabrigida o‘tgan yili kollejlarni bitirgan 230 ming qiz ishga joylashtirilgani, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan 6 ming qizga 51 milliard so‘mdan ko‘proq kredit berilganini ham ta’kidlagan.

Maqolamizni prezidentning tabrigi bilan boshlagan bo‘lsak-da, bu o‘rinda Islom Karimovning tabrik matnini tahlil yoki reviziya qilmoqchi emasmiz. Prezident aytgan gaplar bo‘lsa bordir. O‘zbeklar aytganiday: “Poshsho bilmasa gapirmaydi, axir”.

Maqolamizning qahramonlari Qo‘qondagi bir oilaning uch a’zosi. Uchalasi ham ayol. Uchala ayol ham besh yildirki o‘z haq –huquqlari tiklanishi uchun kurashib kelayotgan, buning ortidan ko‘p azob tortgan. Ularga ayollar bayrami ham tatimay turgan bir payt.

Birinchi qahramonimiz oila boshlig‘i Rahbarxon Odilova

Oila a’zolari bilan 2007 yilda bosqinchilikda ayblanib qamalgan va 2010 yilda amnistiya tufayli ozodlikka chiqarilgan 71 yoshli Rahbarxon Odilova 2014-2015 yilda O‘zbekiston prezidenti rezidentsiyasi hamda Oliy majlis binolari oldida piket o‘tkazganidan so‘ng ijarada o‘tirgan uyidan ham haydaldi.

U besh yildan beri huquq-tartibot xodimlari uning oilasiga nisbatan jinoyat ishlarini soxtalashtirganini aytib, toptalgan haq-huquqlari tiklanishini talab qilmoqda. Besh yillik azob ortidan Rahbarxon Odilova saraton kasaliga chalingan. Hozirgi kunda uning ahvoli o‘ta og‘ir.

-Qizim Odilova Muhayyoni 27 kun upravleniyaning podvalida saqlashdi. Urushayapti, sochlarini kesib tashlashayabdi... Sakkiz oy mobaynida men qizimni faqat sudda ko‘rdim. Sud uni 7 yilga hukm qilganidan keyin, uni Toshkentga jo‘natishayapti. Toshkentdagi qamoqxonada esa qizimning bo‘yidan uch oylik bolasi tushayapti. Qizimni qamashganida hech qanday hoimilasi yo‘q edi. Keyin bilsam, Qo‘qonda buning oldiga nachalnik upravleniya bo‘lgan odam kirib, qizim bilan to‘la aloqa qilavergan. Men bu ishni eshitganimdan keyin qizim Irodaxon bilan adolat izlab xatlar yoza boshladik, - dedi Rahbarxon Odilova.

Ikkinchi qahramonimiz Muhayyo Odilova

Ozodlik radiosi 2011 yilning 21 noyabrida va 24 noyabrda Muhayyo Odilovaning qamoqda zo‘rlanishi bilan bog‘liq maqolalarni e’lon qilgan edi. Mazkur maqolalarda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Abdukarim Shodiev Oliy majlisda bo‘lib o‘tgan yig‘inda qo‘qonlik Muhayyo Odilova 2006 yilda tergov paytida militsiya zobiti tomonidan zo‘rlangani to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlagani aytilgan. Ammo bir necha kundan so‘ng O‘zbekiston IIV Muhayyo Odilova zo‘rlangani rasman tan olingani haqidagi ma’lumotlarga raddiya bergani xabar qilingan.

- 2 yilu 3 oyda qamoqdan chiqib, yozmagan joyim qolmadi. Homiladorlik haqida og‘iz ham ochishmaydi. Men yozsam, menga boshqacha javob yozishadi. Mana shu yozganlarim uchun Qo‘qon shahar ichki ishlar bo‘limi yana jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Borsam, “jim yur, homilador bo‘lganing haqida umuman gapirma”, deydi. Qanday gapirmayman? Oilam buzilib ketdi, o‘zim tug‘mas ayolga aylandim, - degan edi Ozodlik radiosiga Muhayyo Odilova.

Uchinchi qahramonimiz Iroda Odilova

Maqolamiz qahramonlarining aytishlaricha, ularning boshiga kelgan kulfatlar Qo‘qon go‘sht kombinatida injiner bo‘lib ishlagan Iroda Odilova kombinatning o‘sha davrdagi rahbarlarining ishlab chiqarish korxonasini talon-taroj qilishiga qarshi chiqqani ortidan boshlangan. Buning oqibatida 2006 yilda Rahbarxon Odilovaning kichik qizi Muhayyoni militsiya xodimlari o‘z uyidan qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlaganlikda ayblab, militsiyaga olib ketishgan va qamashgan.

Iroda shundan so‘ng ham Qo‘qon go‘sht komibantini talon-taroj qilayotganlarga nisbatan kurashni to‘xtatmagan. Ayni paytda Rahbarxon va Iroda Odilovalar Muhayyoning qamoqda zo‘rlangani voqeasi yuzasidan tergov o‘tkazishni talab qilib, yuqori idoralarga o‘nlab marotaba shikoyat qilgan. Oxir - oqibat oilaning qolgan a’zolari ham 2007 yilda bosqinchilik ayblovi bilan sudlanib, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 2010 yilda amnistiya bilan ozodlikka chiqqan.

-Men sex boshlig‘i edim. Uchta direktor bilan ishladim. So‘nggi direktorga qarshi kurashganimdan so‘ng men bilan birga bir kun ham go‘sht kombinatida ishlamagan onamni ham qo‘shib qamashdi. Meni 13 yilu 4 oyga, 63 yoshigacha biron marta sudlanmagan onamni 9 yilu 4 oyga qamashdi. Go‘sht kombinatini talon taroj qilganlar esa kombinatni sotib, dang‘illama saroylarda oligar kabi yashashmoqda. Ularga qarshi turganlar esa yomonotliq bo‘lib, qamalib ketdi,- dedi Iroda Odilova.

Rahbarxon Odilovaning aytishicha, oila a’zolari qamoqda o‘tirgan paytda huquq-tartibot tuzilmalari xodimlarining qarindoshlari jabrlanuvchilar sifatida ularning mol-mulklarini o‘zlashtirib olgan.Hozirgi kunda Rahbarxon, Iroda va Muhayyo Odilovalar tom ma’noda ko‘chada yashamoqdalar. Ularning prezident devoni, Oliy Majlis, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligiga yozgan yuzlab arizalari esa shu kungacha e’tiborsiz qoldirilmoqda.

XS
SM
MD
LG