Germaniya tashqi ishlar vaziri hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi Frank Valter Shtaynmayer O‘zbekiston hukumatini “inson huquqlari vaziyatini yaxshilashga” chaqirdi. G‘arb agentliklarining bildirishicha, bu haqda u Toshkentda hukumat rasmiylari bilan uchrashuvi paytida gapirgan.
Berlin O‘zbekistondagi ichki siyosatni oshkora muhokama qilishdan manfaatdor
Germaniya nashrlari Germaniya tashqi ishlar vaziri hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi Frank Valter Shtaynmayer o‘zbek rasmiylari bilan uchrashuvi chog‘ida inson huquqlari masalasini ko‘targani haqida yozdi.
Xabarlarda aytilishicha, 30 mart kuni dastlab O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, so‘ngra esa Oqsaroyda prezident Islom Karimov bilan uchrashgan Frank Valter Shtaynmayer O‘zbekiston “inson huquqlari vaziyatini yaxshilash yo‘liga o‘tishi lozim”, deb fikr bildirgan.
Shtaynmayer Abdulaziz Komilov bilan uchrashuvi chog‘ida O‘zbekiston ikki davlat munosabatlari to‘laqonli rivojlanishiga halaqit berayotgan byurokratik to‘siqlarni olib tashlashi lozimligini ta’kidlagan.
“Berlin O‘zbekiston ichki siyosatidagi vaziyatni ochiq oshkora muhokama qilishdan manfaatdor”, deb aytgan Shtaynmayer O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvi chog‘ida.
Frank Valter Shtaynmayer shundan so‘ng Oqsaroy rezidensiyasida prezident Islom Karimov bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralarda terrorchilik va ekstermizmga qarshi kurash masalalari muhokama qilingani aytilmoqda.
Shtaynmayer bilan uchrashuvga faqat uch kishi taklif qilindi
Shtaynmayer safari doirasida Toshkentda fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan edi. Uchrashuvda ishtirok etgan huquq faoli Shuhrat G‘anievning aytishicha, Shtaynmayer bilan tushlik ustida suhbat qurishga faqat uch kishi taklif qilingan.
-Fuqarolik jamiyatidan men bir o‘zim bo‘ldim. Gyote institutdan bir vakil va biznes dioralardan bir vakil ishtirok etdi. Jami o‘zbekistonlik uch kishi bo‘ldik. Shtaynmayerning o‘zi bilan elchixona xodimlari va uning atrofidagi odamlar bo‘lib 25-26 kishi keldi, -dedi Shuhrat G‘aniev.
Huquq faolining aytishicha, tushlik paytida asosan Germaniyaning O‘zbekistondagi loyihalari va sarmoyalar samaradorligi to‘g‘risida suhbat bo‘lgan.
-Gap asosan Germaniyaning O‘zbekistondagi loyihalari haqida bordi. Ayniqsa investitsiya va biznes sohasidagi loiyhalar kerakmi, kerak emasmi, ular naqadar effektiv bo‘layotganiga e’tibor qaratildi. Bu haqda yonimda o‘tirgan biznes vakili gapirib berdi. Keyin Gyote institutining yoshlar o‘rtasida o‘tkizayotgan loyihalari haqida gapirildi. Shundan keyin menga fuqarolik jamiyatining muammolari haqida savol berildi. Men bugungi kunda asosiy maqsadimiz fuqarolik jamiyati va hukumat o‘rtasida dialog o‘rnatishga qaratilayotgani, bu dialog bo‘lmas ekan, fuqarolik jamiyatining ishi samarasiz bo‘lib qolishi haqida aytib berdim, - dedi Shuhrat G‘aniev.
"Xalqaro tashkilotlarda O‘zbekistondagi vaziyat o‘zgarmaydi degan ko‘nikma paydo bo‘ldi"
Toshkentlik jurnalist va huquq faoli Abduraxmon Tashanov keyingi paytda O‘zbekistonga kelgan yuqori darajali xorij rasmiylari bilan uchrashuvlarga fuqarolik jamiyatining vakillari juda oz taklif qilina boshlagani tendensiyaga aylanganini aytdi:
-Men bir tendensiyani aytmoqchi edim. Mana keyingi paytlarda Jon Kerri keldi, so‘nggi marta Klinton kelganida va boshqa yuqori darajali mehmonlar kelganida ham xalqaro tashkilotlarning Toshkentdagi vakolatxonalari fuqarolik jamiyati vakillari orasidan keskin tanqid qiluvchilarni emas, ancha mulozamatli odamlarni tanlab olib, uchrashuvlarga taklif qilayapti. Demokchi bo‘lganim, O‘zbekistondagi vaziyatga xalqaro hamjamiyat va xalqaro tashkilotlar ancha ko‘nikib qoldi. Shtaynmayerga o‘xshagan yuqori darajali mehmonlar Toshkentga kelib, inson huquqlari vaziyatini yaxshilashga chaqiriq qilgani bilan hech narsa o‘zgarmaydi, degan bir ko‘nikma bor, -dedi Abduraxmon Tashanov.
Shtaynmayer Toshkentda Turkiya hukumatini Yevropa qadriyatlarini hurmat qilishga chaqirdi
O‘zAning bildirishicha, uchrashuv chog‘ida tomonlar O‘zbekiston-Germaniya siyosiy, iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalarini rivojlantirish masalalarini ham muhokama qilgan.
Xabarlarda aytilishicha, so‘ngi 15 yil ichida Germaniya O‘zbekiston iqtisodiga 784 million dollar sarmoya yotqizgan. O‘zbekistonda Germaniya sarmoyadorlari ishtirokida 113 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Toshkentda o‘tgan rasmiy uchrashuvlardan so‘ng jurnalistlarga suhbat bergan Shtaynmayer Turkiyani ham so‘z erkinligini hurmat qilishga chaqirgan.
“Men Yevropa Ittifoqi bilan tig‘iz munosabatlar o‘rnatishga harakat qilayotgan hamkor davlatdan Yevropa qadriyatlarini hurmat qilishni kutishga haqlimiz, deb hisoblayman. Bu narsa so‘z erkinligi va fikr erkinligiga ham taaluqlidir”, dedi Shtaynmayer.
Nemis rasmiysi Germaniyaning bu nuqtai nazari Anqaraga diplomatik kanallar orqali etkizilganini aytdi. Gap shundaki, 22 mart kuni nemis telekanalllaridan birida Turkiya prezidenti Rejab Toyyip Erdo‘g‘on tanqid qilingan qo‘shiq efirga uzatilgan edi. Bunga Anqara norozilik bildirib, Turkiyadagi nemis elchisini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirgan.
Shtaynmayer Markaziy Osiyoni strategik muhim mintaqa, deb atadi
Frank Valter Shtaynmayer 30 martdan Markaziy Osiyo safarini boshlagan edi. U Toshkent safarini yakunlagach, Qirg‘iziston va Tojikistonga safar qiladi. 31 mart kuni nemis rasmiysini Bishkekda kutib olishdi
Shtaynmayer Markaziy Osiyo safarini boshlashdan oldin nemis nashrlariga bergan suhbatida “Markaziy Osiyo Yevropa uchun strategik jihatdan muhim mintaqa” ekanini bildirgan edi.
Shtaynmayerning aytishicha:“Markaziy Osiyo katta iqtisodiy imkoniyatlarga ega” va ayni paytda “bu mintaqada barqarorlikka darz ketkizishi mumkin bo‘lgan chaqiriqlar borki, bu holat Berlinni befarq qoldira olmaydi”.