Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:30

Bishkek O‘zbekiston pansionatlariga tovon puli to‘lamaydi


O‘zbekistonning Issiqko‘ldagi "Rohat" pansionati.
O‘zbekistonning Issiqko‘ldagi "Rohat" pansionati.

Bu haqda Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish fondi raisi o‘rinbosari Jumadilde o‘g‘li Muradil ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Sovet Ittifoqi paytida O‘zbekiston tomonidan Issiqko‘lda barpo etilgan 4 pansionat Qirg‘iziston mulki hisoblanadi va bu mulk uchun Toshkentga haq to‘lash joiz emas. Qirg‘iziston bosh vaziri 4 aprel kuni O‘zbekiston pansionatlarini Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.

Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish fondi raisi o‘rinbosari Jumadilde o‘g‘li Muradilning aytishicha, 1992 yilda Qirg‘iziston parlamenti MDHning boshqa davlatlari ixtiyorida bo‘lgan Issiqko‘ldagi pansionatlarni milliylashtirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan. Mana shu qarorga asosan Sovet Ittifoqi paytida O‘zbekiston tomonidan Issiqko‘lda barpo etilgan pansionatlar Qirg‘iziston mulki hisoblanadi.

Qirg‘iz rasmiysi O‘zbekiston pansionatlarini milliylashtirish jarayonini bir oy mobaynida yakunlash nazarda tutilganini ma’lum qildi.

“Pansionatlarni Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazish jarayonini bir oy ichida yakunlash uchun qattiq ishlashimizga to‘g‘ri keladi, chunki ikki oydan so‘ng dam olish mavsumi boshlanadi. O‘zbekistonga kompensatsiya to‘lash masalasi kun tartibida yo‘q, negaki bu Qirg‘izistonning mulkidir. Biz bu mulk 1992 yildan beri Qirg‘izistonga tegishli bo‘lgan, deb hisoblaymiz”, -dedi Jumadilde o‘g‘li Muradil.

4 aprel kuni Qirg‘iziston bosh vaziri Temir Sariev Sovet Ittifoqi paytida O‘zbekistondagi davlat tashkilotlari va korxonalar hisobidan Issiqko‘lda bunyod etilgan “Rohat”, Dilorom”, “Oltin qum” va “Bo‘ston” pansionatlarini Qirg‘izistonga qaytarib olish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, Bishkek hukumati Issiqko‘ldagi Qozog‘istonga tegishli bo‘lgan pansionatlarni ham Qirg‘izistonga qaytarish bo‘yicha hech qanday chora-tadbirlarni ko‘rmayapti. Qirg‘iz rasmiylari Issiqko‘ldagi qozoq pansionatlari kelajakda Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazilishi mumkinligini, biroq bugungi kunda bu masala muhokama qilinmayotganini bildirmoqdalar.

Qirg‘iziston Bosh vaziri Qirg‘izistonda Unkurtog‘, O‘zbekistonda Ungartepa deb ataluvchi bahsli hudud masalasida ko‘tarilgan janjal ortidan O‘zbekistonga tegishli pansionatlarni milliylashtirish qarorini imzolagan. Bundan avvalroq, ya’ni 18 martda O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan bahsli bo‘lib turgan Chalasart hududiga harbiy tehnikva va askar kiritgan edi.

Bu voqealar busiz ham uncha iliq bo‘lmagan O‘zbekiston - Qirg‘iziston munosabatlarini yanada sovuqlashtirdi.

O‘zbekiston rasmiylari Qirg‘iziston hukumatining pansionatlarni milliylashtirish qaroriga shu kungacha o‘z munosabatini bildirgan emas.

O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan “Oltin qum” pansionati hozirda Toshkent Mexanika zavodi, deb atalyotgan sobiq Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi tomonidan 1972 yilda barpo etilgan edi. “Rohat” pansionati esa O‘zbekiston Milliy bankiga qarashlidir.

Toshkent Mexanika zavodi va O‘zbekiston Milliy banki rasmiylari Ozodlik radiosiga bu mavzuni sharhlashdan bosh tortib, pansionatlar masalasi O‘zbekistondagi tegishli organlar tomonidan muhokama qilinayotganini bildirganlar.

XS
SM
MD
LG