Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:41

Atambaev Moskvadagi qirg‘iz farroshlarni pul va kumush bilan mukofotladi


Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev “Faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgani” uchun Moskvada farroshlik qilayotgan qirg‘iz ayollari Risolat Qoraboeva va Jamal Qo‘jo‘evalarning har birini kumush bilaguzuklar hamda 750 dollardan pul bilan mukofotladi. Mazkur ayollar Qozog‘iston Madaniyat vazirining Rossiyada hojatxona tozalayotgan qirg‘iz ayollari haqidagi bayonotiga Internet orqali javob bergan edilar.

Qirg‘iziston prezidentining Faxriy yorlig‘i, kumush bilaguzuklar va 50 ming so‘m, ya’ni 750 dollardan pul mukofotini Moskvada farroshlik qilayotgan Risolat Qoraboeva bilan Jamal Qo‘jo‘evaga mamlakatning Rossiyadagi vakillari topshirdi.

Risolat Qoraboeva prezidentdan bu kabi sovg‘a olishini kutmaganini aytdi:

- Biz qozoq vaziriga javoban yo‘llagan o‘z vido murojaatimizda farroshlik qilib topgan xalol pulimizga uy qurayotganimiz haqida ham gapirgan edik. Prezident shunga oz bo‘lsa ham yordam bo‘lsin, deb har birimizga 50 ming so‘mdan pul, bittadan kumush bilaguzuk jo‘natibdi. Atambaev o‘z qo‘li bilan yozgan Faxriy yorliqni ham berishdi. Albatta, biz bu sovg‘adan xursand bo‘ldik, ich-ichimizdan juda suyundik. Biroq ochig‘ini aytishimiz kerak, Qirg‘izistonda zavod-fabrikalar ishlaganida edi, biz vatanimizdan, ota-onalarimizdan uzoqda muhojirlikda yurmagan bo‘lar edik, - dedi Risolat Qoraboeva.

Prezident Almazbek Atambaev Risolat Qoraboeva va Jamal Qo‘jo‘evani “Faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgani” uchun mukofotladi.

23 may kuni Qozog‘iston madaniyat vaziri Aristanbek Muhamediuli Astanada o‘tgan yig‘inlardan birida buyuk qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov o‘z asarlarida qirg‘iz xalqi kelajagini bashorat qilgan, degan fikrni bildirgan.

O‘z so‘zida davom etar ekan, vazir: “Rossiyada qirg‘iz qizlar xojatxona tozalab yuribdi, ular vatanida ish yo‘qligidan shunga majbur bo‘lishayapti. Aytmatov bu haqda ularni o‘z asarlarida avvaldanoq ogohlantirgan”, deb Aytmatovning “Oq kema” asarini misol keltirgan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘iston madaniyat vaziri gaplaridan norozi bo‘lib, Astanaga rasmiy nota jo‘natgan. Bu gap uchun qozog‘istonlik madaniyat, san’at va sport arboblari qirg‘izistonliklardan uzr so‘ragan edilar.

Shundan so‘ng Moskvada farroshlik qilayotgan Risolat Qoraboeva va Jamal Qo‘jo‘eva Internet orqali Qozog‘iston madaniyat vaziriga videojavob yo‘llagan..

- Hojatxona yuvayotgan bo‘lsak ham xalol mehnat qilayapmiz, tanamizni sotib xarom pul ishlayotganimiz yo‘q. Biz shu bilan bola-chaqamizni boqib, Qirg‘iziston iqtisodiga o‘z hissamizni qo‘shayapmiz, -deyiladi, jumladan, videojavobda.

Qirg‘izistonda mavjud ma’lumotlarga tayanilsa, bugungi kunda Rossiyada rasman 500 mingga yaqin qirg‘izistonlik mehnat qilmoqda. Biroq Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida o‘zbekistonliklar asosiy ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Fevral oyi boshida yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 1 million 780 ming O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda. mustaqil manbalar taxminiga ko‘ra, norasmiy raqamlar bir necha barobarga ko‘proq bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2013 yilda Moskva ko‘chalarini supurayotgan o‘zbeklarni "dangasalar" deb atagan edi.

XS
SM
MD
LG