Mustaqillikning dastlabki yillarida prezident Islom Karimov islohotlarning 5 tamoyili haqida ko‘p gapirar, masalan, ulardan ikkinchisi “Davlat bosh islohotchidir”, degan tamoyil edi. O‘sha tamoyillar muallifi dafn etilgan kunda u kishi hech qachon tilga olmagan yana bir tamoyil yaqqol ko‘rinib qoldiki, Televizor rukni muallifining quyidagi matni o‘sha tamoyil to‘g‘risida.
Bugun dam olish kunim bo‘lsa ham ishga keldim. Ishga keldimu ish qilmadim – o‘qiy boshlaganigiz satrlardan bo‘lak bir satr yozmadim. Boshim saytimizdan, ijtimoiy tarmoqlardan chiqmadi. Surat ko‘rdim, video ko‘rdim. Hammasi - Oqsoqolni so‘nggi yo‘lga kuzatishning suratlariyu videolari.
Xalqning 25 yildan beri yakka-yolg‘iz bo‘lgan prezidentiga mehri tushib qolganini ko‘rdim. Toshkent aeroportigacha va Samarqand aeroportidan boshlab, ko‘chaning ikki tomoni - odam.
“Mehr emas bu, ko‘changdan har qanday mayit o‘tsayam, bir to‘xtab, bir qarab, bir tin olib kaftlaringni ochasan, duo qilasan, bu kishiku 25 yillik prezident, chiqadida xalq”, demang. Har holda bugun demay turing. Kengroq bo‘ling.
Ayollarning yig‘isi eshitildi videolarda. Ba’zisida erkaklarnikiyam. Lekin shimoliy koreyslarning Kim Chen Iri o‘lgandagi manzara – jazava bo‘lmadi. Bo‘lmagani Karimov oqsoqolning foydasigadir. Zarariga emas.
Keyin Registondagi janoza namozini ko‘rsatishdi. Bunday mahobatli janoza marosimini, mutlaqo o‘rinsiz bo‘lsa ham aytay – bunday ko‘rkam janoza marosimini ko‘rgan emasman. Sarosima sezilmadi. Har kimning o‘z o‘rni bor: oq ko‘ylaklilar bir saf, do‘ppililar orqada.
Shu qadar puxta ishlangan, shu qadar yuz repetitsiyadan o‘tgan marosim bo‘lib ko‘rindiki Oqsoqolning janozasi, bilmagan odam “O‘zbekiston hukumati Registonda prezidentlariga janoza o‘qiyverib, hadisini olgan ekan”, deb o‘ylashi mumkin.
Registon maydonining uchdan ikki qismi bo‘sh qolganidan maydonga faqat xoslar kiritilgani, xoslar ham dress-kodga mos kiyingan bo‘lsagina kiritilgani tushuniladi.
Keyingi yillarda xalqning ichiga mutlaqo kirmay qo‘ygan Oqsoqol o‘zining janoza marosimini ko‘rib yotdi, albatta. Faqat gapirolmadi. Gapirolsa, tashkilotchilarga “baraka top”, degan bo‘lardi.
Chiroyli telekartinka bo‘ldi Registondagi marosim. Oqsoqolni xalqning Toshkentda kuzatib, Samarqandda kutib olishi ham juda chiroyli telekartinka bo‘ldi.
Faqat bugun bitta videoni ovozsiz ko‘rganim yaxshiydi, deb o‘ylayabman, ertalabdan beri. Ovozsiz ko‘rsam bugungi taassurotim buzilmagan bo‘larmidi, deymanda.
Toshkentda olingan o‘sha videoda marhum prezident korteji oldida kelayotgan militsiya mashinasi yo‘l chetida turgan toshkentliklarga ovozkuchaytirgich orqali “gullarni tashlang, polosaga tashlang”, dedi.
Buyruqni kutib turgan xalq birdan bir qadam, bir qadam tashladida, gullarni marhum o‘tadigan yo‘lning chetiga tashlab, ortga chekindi.
Keyin Prezident o‘tib ketdi.
Alvido, Prezident!