Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:31

Bishkekda Tekebaev tarafdorlari ochlik aksiyasi boshlanganini e’lon qildi


"Ata Meken" partiyasi rahbari O‘murbek Tekebaev.
"Ata Meken" partiyasi rahbari O‘murbek Tekebaev.

“Ata Meken” partiyasi vakili Qalis Boronbaevning bildirishicha, 31 iyul kuni 6-7 kishidan iborat guruh partiyaning sudlanayotgan rahbari O‘murbek Tekebaevga prezidentlik saylovida ishtirok etishi uchun boshqa nomzodlar bilan teng ravishda sharoit yaratib berilishini talab qilib, ochlik aksiyasini boshladi.

Ochlik e’lon qilganlar orasida partiya a’zolari va Tekebaevning yaqinlari bor. Boronbaev 1 avgustdan boshlab ochlik e’lon qilganlar soni ko‘payib borishini ma’lum qildi.

26 iyulda Bishkek shahar Birinchi May tuman sudi O‘murbek Tekebaevning prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olinishi uchun qirg‘iz tilidan imtihon topshirishga imkon berish talabini inobatga olmagan edi.

Shundan so‘ng Tekebaevning tarafdorlari Markaziy saylov komissiyasi oldida namoyish o‘tkazib, Tekebaevning qirg‘iz tilidan imtihon topshirishini ta’minlashni talab qilgan.

Biroq Markaziy saylov komissiyasi bu masalani hal etish sud vakolatida, degan qarorini e’lon qilgan.

-Biz bu ishni hal etishni sudga topshirayapmiz. Negaki, biz sudlanayotgan odam konvoy bilan kelib, imtihon topshirib ketsin, degan qarorni chiqara olmaymiz. Chunki qonunda bunday me’yorning o‘zi yo‘q. Shuning uchun masalani sudning o‘zi hal qilsin, -dedi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Kayrat O‘smo‘naliev.

“Ata Meken” partiyasi tarafdorlari esa Markaziy saylov komissiyasi Tekebaevni prezidentlik saylovida ishtirok yetkizmaslik uchun mana shunday qaror qabul qildi, degan fikrdalar. Partiya tarafdorlarining aytishlaricha, ochlik aksiyasi boshlanishiga ham aynan mana shu qaror sabab bo‘lgan.

Markaziy saylov komissiyasining sobiq a’zosi, taniqli jamoat va davlat arbobi Ishenbay Qadirbekov Markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka nomzodligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan shaxsdan hujjatlarni qabul qilish orqali uning saylovda teng huquqli ravishda ishtirok etishini kafolatlashni o‘z zimmasiga oladi, deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi shundan kelib chiqqan holda, vaziyatni keskinlashtirmay, Tekebaev masalasida ijobiy qaror chiqarishga haqli edi.

"Ata Meken" partiyasi lideri, siyosiy doiralarda "Konstitutsiya otasi" deb sifatlanuvchi O‘murbek Tekebaev shu yilning 26 aprelida korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan edi. ayni paytda unga nisbatan sud jarayoni davom etmoqda.

Qirg‘izistonda 15 iyundan boshlab prezidentlikka nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni rasman boshlandi.

Nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni 1 avgustda nihoyasiga etadi. 10 sentabrda nomzodlarning saylovoldi targ‘iboti boshlanadi. Targ‘ibot 14 oktabrgacha davom etadi. 15 oktabrda o‘tadigan saylovning natijalari esa 4 noyabr kuni e’lon qilinadi.

Shu kungacha prezidentlikka nomzodini ko‘rsatish niyatini bildirib Markaziy saylov komissiyasiga ariza topshirganlar soni 50 nafardan oshib ketdi.

Qirg‘iziston prezident vakolatlari bir muddat bilan cheklangan Markaziy Osiyodagi yagona davlatdir. Shundan kelib chiqqan holda, amaldagi prezident Almazbek Atambaev o‘z nomzodini ko‘rsata olmaydi.

XS
SM
MD
LG