1 avgust kuni Moskva viloyat sudida “GTA to‘dasi” ishi yuzasidan ko‘rilayotgan mahkama jarayonida bir necha marta o‘q uzilib, uch sudlanuvchi otib o‘ldirildi. Rossiya Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, ayblanuvchilar liftda soqchilarga tashlanib, ularning qurolini tortib olmoqchi bo‘lgan. Mosoblsud binosidan ishchi-xizmatchilar evakuatsiya qilindi.
“GTA to‘dasi” ishi yuzasidan 9 nafar markaziy osiyolik, xususan o‘zbekistonlik muhojir mahkamaga tortilgani ma’lum.
Rossiya Tergov Qo‘mitasi rasmiy xabariga ko‘ra, besh nafar sudlanuvchi liftda ikki qo‘riqchiga tashlanib, ularning qurollarini tortib olmoqchi bo‘lgan.
- Dastlabki tergov xulosasiga ko‘ra, soat 13:50 larda ikki nafar konvoy xodimi “GTA to‘dasi” ishi yuzasidan 5 sudlanuvchini kuzatib borayotgan bo‘lgan. Sudlanuvchilardan biri qo‘riqchiga tashlanib, uni bo‘g‘a boshlagan. Natijada sudlanuvchilar kishanlardan xalos bo‘lib, konvoychilar qurollarini egallab oldi. 3 qavatda jinoyatchilarni Rosgvardiya jangchilari kutib oldi va yuzaga kelgan otishma natijasida Rosgvardiya xodimlaridan biri yelkasidan yaralandi, uch nafar sudlanuvchi yo‘q qilindi, yana ikkita sudlanuvchi og‘ir jarohatlar bilan gospitalizatsiya qilindi, deyiladi Tergov qo‘mitasi rasmiy xabarnomasida.
“GTA”chilardan birini himoya qilayotgan advokat Sofya Rubasskaya binoda 20 yaqin o‘q ovozi eshitilganini yozdi.
Lift ichida bo‘lgan soqchilar ham turli og‘irlikda jarohatlar olgani va shifoxonaga olib ketilgani, konvoychi ayol hozirda tergovchilarga ko‘rsatma berayotgani ma’lum bo‘ldi.
Moskva viloyat bo‘yicha Tergov qo‘mitasi sud binosida o‘q otilgani yuzasidan Rossiya JK 317 (huquq muxofazasi idorasi xodimi hayotiga tajovuz), 226 (qurol-aslaha, portlovchi modda va portlovchi moslamalarni o‘g‘irlash) va 313 (hibsdan qochishga urinish) moddalari asosida jinoiy ish ochganini ma’lum qildi.
Moskva viloyat sudidan evakuatsiya qilingan barcha ishchi-xizmatchilar yana ish joylariga qaytarilgani ma’lum bo‘ldi.
“GTA to‘dasi” ishi 2016 yilning avgust oyidan buyon Moskva viloyat sudida ko‘rib chiqilmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlarining 9 vatandoshi Kaluga va Moskva viloyatlarida M-4 “Don” trassasida haydovchilarga qurol bilan hujum qilganlikda, yo‘lovchilardan 17 nafarini o‘ldirganlikda ayblanmoqda.
Rossiyalik tergovchilar “GTA to‘dasi"ning O‘zbekiston Islomiy harakatiga aloqadorligini o‘rganayotgani to‘g‘risida Ozodlik oldin xabar bergan.
Rossiya maxsus xizmatlari mazkur jinoiy ish yuzasidan O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston vatandoshlari javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgan edi.
“GTA to‘dasi" ishi yuzasidan Hazratxon Dodoxonov, Holiq Subhonov, Anvar Ulug‘murodov, Fazliddin Hasanov, Sherzodjon Qodirov, Mirzomavlon Mirzosharipov, Abdumuqim Mamajonov, Umar Hasanov va Zafarjon G‘ulomovlar javobgarlikka tortilgan.
Izquvarlar “GTA bandasi” 2012 yilda Ubaydullo Subhonov tomonidan tuzilganini iddao qilmoqda. Subhonov 2014 yilning noyabrida maxsus amaliyot paytida politsiyachilar tomonidan otib o‘ldirilgan edi.
Tergovchilar jinoiy guruh a’zolari avtomobil yo‘lga simtikan tortib, balloni teshilib to‘xtagan mashinadagi yo‘lovchilarni avtomatik quroldan otib tashlaganlikda ayblamoqda.