Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:42

Qirg‘izistonda 59 odam prezident bo‘lish uchun hujjat topshirdi


Qirg‘izistonliklar "Oq Uy" deb ataydigan mazkur binoda prezident faoliyat yuritadi.
Qirg‘izistonliklar "Oq Uy" deb ataydigan mazkur binoda prezident faoliyat yuritadi.

Qirg‘izistonda prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olinish iltimosi bilan Markaziy saylov komissiyasiga 59 kishi hujjat topshirdi. Hujjat topshirish jarayoni 1 avgustda nihoyasiga yetdi.

Қирғизистонда 59 одам президент бўлиш учун ҳужжат топширди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:56 0:00

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olinish iltimosi bilan hujjat topshirganlarning 11 nafari siyosiy partiyalar tomonidan nomzodlikka ko‘rsatilgan. Qolgan 48 nafari esa mustaqil nomzodlardir.

Ularning 7 nafari ayol, 6 nafari pensioner, 9 nafari ishsiz va ikki nafari tergov izolyatorida saqlanayotgan shaxslardir.

Hujjat topshirganlardan 5 nafari ayni paytda parlament deputati, uch nafari bosh vazir lavozimida ishlagan.

Konstitutsiyaga binoan prezidentlikka 35 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan vatandoshlar o‘z nomzodini ko‘rsatishlari mumkin. Ammo hujjat topshirganlar orasida 32 va 34 yoshdagi odamlar ham bor.

-Qonunga asosan biz hujjatlarni qabul qilmaslikka haqqimiz yo‘q. Belgilangan me’yorlarga to‘g‘ri kelmasa ham hujjatlarni qabul qilib, keyin nega prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olmaganimizni isbotlab berishimiz shart. Hujjat topshirganlardan birining yoshi 35dan past bo‘lgani uchun hujjatini qabul qilmagandik. Ammo u Markaziy saylov komissiyasini sudga berdi. Sud undan hujjatlarini qabul qilishimiz shartligi to‘g‘risida qaror chiqarib berdi.Hozir ishchi guruhi tashkil etilib, prezidentlikka nomzod bo‘lishni istaganlarni elakdan o‘tkaza boshladi, - dedi Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Abdijapar Bekmatov.

Prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun hujjat topshirganlar orasida “abadiy nomzod” degan laqab olgan 62 yoshli fermer O‘murbek Bo‘lturukov ham bor. U oltinchi marta prezidentlikka o‘z nomzodini ko‘rsatmoqda.

-Taqdir ekan, oltinchi marta nomzodimni ko‘rsatayapman. Birinchi marta 1995 yilda nomzodimni ko‘rsatganman. O‘shanda 7 kishi edik. Hozir kim erinmasa prezidentlikka nomzodini ko‘rsatayapti, -dedi O‘murbek Bo‘lturukov.

Prezidentlikka nomzodini ko‘rsatish bo‘yicha rekordsmenlar orasida sobiq deputat Tursunboy Bakir o‘g‘li ham bor. U oltinchi marta prezidentlik saylovida ishtirok etadi.

Korrupsiyada ayblanib sudlanayotgan muxolifatchi O‘murbek Tekebaev va huquq faoli To‘qtayim Umetalieva to‘rt marta saylovda prezidentlikka nomzod sifatida qatnashgan.

Hujjat topshirgan shaxslar prezident sifatida ro‘xatga olinishi uchun 30 ming saylovchining imzosini to‘plashi, saylov depozitiga 14 ming 600 dollar miqdorida badal to‘lashi hamda qirg‘iz tilidan imtihon topshirishi shart bo‘ladi.

Mazkur talablarni bajargan shaxslar rasman nomzod sifatida ro‘yxatga olinadi. Nomzodlar rasmiy ro‘yxati 10 sentabrda e’lon qilinadi. Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi 15 oktabrda bo‘lib o‘tadi.

2011 yildagi saylovda 89 odam prezident bo‘lish ishtiyoqida Markaziy saylov komissiyasiga hujjat topshirgan edi.

XS
SM
MD
LG