Moskvadagi Sheremetyevo aeroporti yangi terminali qurilishida ishlayotgan bir guruh o‘zbek muhojirlari o‘zbekistonlik xonanda Murodbek Qilichevning konsertiga chiptalar majburlab sotilganini Ozodlikka xabar qildi. Konsertning Moskvadagi tashkilotchilari yuzlab chipta o‘rtakash firmalar tomonidan tarqatilgani va ularning majburlab sotishga aloqasi yo‘qligini gapirmoqda. Xonanda Murodbek Qilichevning O‘zbekistondagi ma’muri Ozodlik muxbiridan Moskvadagi konsertga chiptalar majburan sotilganiga oid savolni eshitgach, "keyinroq suhbatlashishni" taklif qilib, aloqani uzib qo‘ydi.
Joriy yilning 30 iyul kuni o‘zbekistonlik xonanda Murodbek Qilichev Moskvaning Izmaylovo zalida konsert berdi.
Joylarining 90 foizi muhojirlar bilan to‘lgan “Izmaylovo” konsert zalida tomosha yakshanba kuni soat 15:00 da boshlandi.
Ozodlikka Moskvadan murojaat qilgan muhojirlar bu konsertga chiptalar ular ishlayotgan qurilish shirkati boshliqlari tomonidan 600 rubldan majburlab sotilganini gapirib berdi.
O‘zini Mansur, deb tanishtirgan muhojir yigit chiptalar Sheremetyevo aeroportidagi “Renessans Konstrakshn” tomonidan qurilayotgan turk firmasida ishlayotgan o‘zbeklarga majburlab sotilganini ma’lum qildi.
- Men turk firmasida, Sheremetyevo aeroporti qurilishida ishlayman. Bizda turk, o‘zbek xalfalari, ya’ni brigadirlari bor. O‘zbek brigadirlar brigadasidagi bolalarga majburlab 600 rubldan bilet sotishdi. G‘ulom Bekjonov, Maqsud Ibragimov degan brigadirlar ishchilariga “Shu biletni olasan, oyligingdan qaytarib qoladi – 600 rubl, konsertga borishing kerak! Yo olasan, yo ishdan chiqasan”, deb qo‘rqitib, biletlarni sotishdi. Kamida 200 bolaga sotdi,- dedi ishchi yigit.
Suhbatdosh biletlarni ishchilarga sotish majburiyati o‘zbekistonlik brigadirlarning shaxsiy buyrug‘i asosida amalga oshirilgani to‘g‘risida gap-so‘zlar tarqaganini ham bildirdi.
Mansur boshqaruvchilar Rossiyada ham, O‘zbekistondagi kabi, konsertga majburlab olib borishlar odatga kirishi mumkinligindan xavotir bildirdi.
- Biletga beradigan 600 rubl puliga oddiy o‘zbek olti kun stolovoyda ikkitadan somsa olib yeydi yoki uyiga olti marta telefon qiladi. Kuniga 1000-800 rublga ishlab yurgan bolalar bor. Oyiga 28-29 mingga ishlaydi, yana bo‘ynidan sudrab “borasan, olasan” qilyapti. Aslida “bormayman” degan odamni bo‘ynidan sudrab konsertiga olib borayapti! " - dedi Mansur.
Chiptalar majburlab sotilganini Ozodlikka terminal qurilishida ishlayotgan boshqa bir necha ishchi ham tasdiqladi.
Moskvadagi “Izmaylovo” konsert zali rahbariyati konsert darhaqiqat yakshanba kuni o‘tkazilgani, zal ijaraga olingani va tadbirga yuzlab migrantlar kelganini tasdiqladi.
Xonanda Murodbek Qilichevning O‘zbekistondagi ma’muri Ozodlik muxbiridan Moskvadagi konsertga chiptalar majburan sotilganiga oid savolni eshitgach, "keyinroq suhbatlashishni" taklif qilib, aloqani uzib qo‘ydi. Shundan so‘ng xonandaning o‘zi bilan ham, uning ma’muri bilan ham bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.
Konsert tashkilotchilari Ozodlik so‘roviga Murod Qilichevning “Tabassum qil” konsertida zal to‘lgani, ammo bilet ishchilarga majburlab sotilgani to‘g‘risidagi gap-so‘zlarga asos yo‘qligini bildirishdi.
- Konsert zo‘r bo‘lib o‘tdi! Mingta odamga joy qilingan edi – 820-tacha bilet sotildi, ya’ni 90 foizga to‘ldi.
- Sheremetyevo aeroporti ishchilariga 600 rubldan bilet sotilibdi, deyishayapti...
- Yo‘q, yo‘q! Unaqa bo‘lmagan. Daje konsert kuni odamlar kelib, bizdan olib ketdi. Bilasizmi, bizdan firmalar 200-300-talab bilet sotib olgan. U qanday sotilganidan xabarimiz yo‘q. Ular - qo‘lida odam ishlatadigan o‘zbekistonliklar. 5 mingtagacha odam ishlaydigan joylar bor – shular olgan bo‘lishi mumkin. Ular ham pod-zakaz olib ketgan, dedi ismini oshkor qilmagan kontsert tashkilotchilaridan biri.
Suhbatdosh yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan kontsert dasturiga sotilgan chiptalarning eng qimmati 1 ming rubl, arzoni 500 rubl ekanini aytdi.
Madaniy tadbir dasturi Rossiya Iqtisodiyot va madaniyat instituti (IEiK) ishtirokida O‘zbekiston SSR Xalq artisti Komiljon Otaniyozovning 100 yilligi va Xalqaro Do‘stlik kuniga bag‘ishlab tashkil etilgani aytildi. Tashkilotchilar unda Murod Qilichevdan tashqari Rossiya Xalq artisti, kompozitor Georgiy Lisenko va o‘zbek estradasi vakilasi Shahnoza Otaboevalar ham ishtirok etganini bildirishdi.
So‘nggi paytlarda Moskva, Peterburg, Yekaterinburg va Rossiyaning boshqa qator shaharlariga o‘zbek qo‘shiqchilari tez-tez kelayotgani kuzatilmoqda.
Moskvada O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning konserti bekor qilingani ayrim migrantlar noroziligiga sabab bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.