Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:28

Lola Islomova Matbuot agentligi bosh direktoriga ochiq xat bilan murojaat qildi


Anhor.uz saytining ochiq xat e’lon qilingan sahifasi.
Anhor.uz saytining ochiq xat e’lon qilingan sahifasi.

“Hech bir inson biror shaxs, shaxslar guruhi yoki idora uning nimani bilishi mumkinligi, nimani esa, bilishga haqqi yo‘qligini belgilashiga hech qachon rozi bo‘lmaydi”, - deyiladi Anhor.uz sayti bosh muharriri Lola Islomovaning O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori Laziz Tangrievga yozgan ochiq xatida.

O‘z xatida jurnalist Agentlik bosh direktorining "Ma’naviyatga zarar yetkazganlarni ayamaymiz" sarlavhali maqolasiga hamda uning ortidan e’lon qilingan ayrim ommaviy axborot vositalariga ogohlantiruvga ("Og‘riqli nuqta" sarlavhasi bilan berilgan) javobdir.

“Xolis va konstruktiv tanqid – o‘z-o‘zidan kamchiliklarni ko‘rish va bartaraf etishga yordam beruvchi, har qanday ishni oldinga siljitadigan, taraqqiyotning eng kuchli vositalaridan biri. Ammo aynan shu tufayli mazkur vositadan ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur. Sizning murojaatingiz ortidan keyin e’lon qilingan "Og‘riqli nuqta" maqolasi jurnalistika taqdiridan xavotirlanishga majbur qiladi”, deb yozadi jurnalist.

Shundan so‘ng,mamlakat fuqarolari taniqli insonlar hayotining qaysi tarafini ko‘rishlari "mumkin"ligiyu, qaysi tarafini ko‘rish "mumkinmasligi" bilan shug‘ullanish nafaqat ayrim shaxslar, balki hech bir davlat muassasasining ishi emasligini ta’kidlagan Lola Islomova bunday yozadi:

“Bu inson qadr-qimmatining eng sezuvchan torlarini chertuvchi nozik moddiyat, asosiysi uning O‘zbekiston Konstitutsiyasida kafolatlangan axborot olish va tarqatish huquqidir. Hech bir inson biror shaxs, shaxslar guruhi yoki idora uning nimani bilishi mumkinligi, nimani esa bilishga haqqi yo‘qligini belgilashiga hech qachon rozi bo‘lmaydi”.

Ochiq xat muallifi fikricha, Matbuot va axborot agentligi bosh direktori ommaviy axborot vositalariga, mulkchilik shaklidan qat’inazar, hammaga birday munosabatda bo‘lishga chaqiradi.

“Siz murojaatingizda xususiy OAVlardagi jurnalistikaning sifati past ekanligi haqida aytgansiz. Ammo xolislik uchun mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha OAV, birinchi navbatda moliyalashtirilishi soliq to‘lovchilar hisobiga amalga oshiriladigan davlat nashrlari va saytlari ham tanqid qilinishi kerak”, - deb yozgan Lola Islomova.

Anhor.uz sayti bosh muharriri fikricha, Jurnalistlar etikasi milliy kodeksini qabul qilish lozim. Matbuot va axborot agentligi bosh direktoriga murojaat qilar ekan, Lola Islomova bunday yozadi:

"Laziz Xushboqovich! Jurnalistlar o‘n yilga yaqin vaqtdan buyon "O‘zbekiston jurnalistlari etikasi milliy Kodeksi"ni qabul qilishni taklif etib kelishmoqda. Sizning yordamingizda jurnalistlar axloq kodeksi va nihoyat dunyo yuzini ko‘rishiga va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishiga, so‘ngra qabul qilinishiga umid qilgimiz keladi. Shubhasiz, axloq kodeksi qonun emas va tavsiyaviy tusga ega, lekin u jurnalistlar uchun ham, jurnalistlarning yozganlarini tanqid qilmoqchi bo‘lganlar uchun ham aniq bir mo‘ljal bo‘ladi. Axloq kodeksining qabul qilinishi media-axloq sohasidagi bahsli masalalar bo‘yicha qaror qabul qiluvchi media-kengash tuzilishini ko‘zda tutadi. Qolgan barcha masalalar sud orqali hal etiladi, - deyilgan Anhor.uz sayti bosh muharriri Lola Islomovaning Matbuot va axborot agentligi bosh direktori ochiq xatida.

Lola Islomova - Anhor.uz sayti bosh muharriri, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining “Yilning eng yaxshi jurnalisti” mukofoti (2016) hamda “Oltin qalam” mukofoti (2016) sohibasi.

XS
SM
MD
LG