26 iyul kuni O‘zbekistondan 2 yosh bolasi bilan Moskvaga uchib kelgan ayol Rossiyaga kiritilmadi va O‘zbekistonga qaytarib yuborildi.
8 avgust kuni esa, ayolning turmush o‘rtog‘i - 38 yashar Abror Xidirov Moskvada O‘zbekiston ma’murlari talabi bilan qo‘lga olindi.
O‘zbekistonda diniy motivlar bilan qidiruvga berilgani aytilayotgan Xidirovni Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti o‘z himoyasiga oldi.
“Ular meni bollarim bilan 8,5 soat garovda ushlashdi!”
Shu yilning 26 iyulida Moskvaning Domodedovo aeroportiga Buxorodan kelib qo‘ngan uchoqdan ikki yosh bolasi - o‘g‘li va qizi bilan tushgan Muhayyo Saidova rus chegarachilari tomonidan to‘xtatilib, 8,5 soat ushlab turilganidan keyin ortga qaytarib yuborildi.
Ozodlik bilan suhbatda Muhayyo fsbchilar uning ortga qaytarilishi sabablarini tushuntirishga ham urinib o‘tirmaganini aytdi:
- Ertalab 6 da chiqib ketganmiz, bolalarim charchagan, qorni ochgan, birining harorati ko‘tarilgan... Bular esa menga “Ering kelsa, u tasdiqlasa, qo‘yvoramiz”, deyapti. Men darrov bu tuzoq ekanini tushundim. Men ularga “Yo‘q, men mehmonga kelganman, qizimni do‘xtirga ko‘rsataman. Biryo‘la otasini ham ko‘rib ketamiz”, dedim. Bizlarni neytral zonada 8,5 soat garovda ushlashdi, dedi Muhayyo.
Suhbatdosh uning oldiga Moskvadan kelgan advokatni ham qo‘yishmagani, turli aldov yo‘llari bilan ularni “Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgani uchun” Toshkent uchog‘iga chiqarib, ortga qaytarib yuborishganini bildirdi.
Muhayyo Saidova bu sarguzashtlarga erining diniy ayblovlar bilan 2014 yildan buyon O‘zbekistonda qidiruvda ekani sabab bo‘lganini taxmin qildi.
- Qizcham 6 oyligida turmush o‘rtog‘im Rossiyaga hamma qatori ishlagani ketgandi. Chunki daromadimiz yo‘q, uyimiz ham yo‘q. U namoz o‘qishni bilmaydi. 2014 yilda akamning o‘g‘li Amriddin Ashrapov qamalib qoldi. U ham Rossiyaga borib keluvdi. Shu jiyanim “Meni pochcham kutib oldi, ishga joylashtirdi, har hafta o‘tirib, choyxo‘rlik qilardik”, degani uchun diniy moddalar bilan erimni ham 2014 yil oxirida qidiruvga bervorishgan edi. Go‘yo ular diniy tashkilot tuzgan emish, dedi Muhayyo Saidova.
Muhayyo Saidova Navoiydan. U 2014 yildan boshlab Navoiy viloyat Ichki ishlar va Milliy xavfsizlik xizmati to‘liq nazoratiga tushgani, sanoqsiz so‘roq va “suhbatlari”, shantaj va qo‘rqitishlaridan bezor bo‘lib ketganidan arz qildi.
Abror Xidirov ekstremizmda ayblanmoqda
8 avgust kuni Moskvada Muhayyoning turmush o‘rtog‘i, 1979 yilda tug‘ilgan Abror Xidirov hibsga olingani Ozodlikka ma’lum bo‘ldi.
“Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti tayinlangan himoyachi Abusufyon Gaytaev Ozodlik radiosiga o‘zbekistonlik qochqin Abror Xidirov 8 avgust kuni tong saharda o‘z uyida qo‘lga olinganini aytdi.
Moskva shahar prokuraturasi, Ozodlik so‘roviga javoban, Abror Xidirov, darhaqiqat, O‘zbekiston so‘rovi bilan qo‘lga olingani va dastlabki taftish ishlari boshlab yuborilganini bildirdi.
Advokat Xidirovning hibsga olinishi va 26 iyul kuni xotin-bola-chaqasining Rossiyaga kiritilmagani o‘rtasida bevosita aloqa borligiga ishora qildi.
- Xotiniga bergan savollardan ular Abrorni qo‘lga olishmoqchi bo‘lganini payqadim. “Nega uni deportatsiya qilayapsiz?”, deya bergan savolimga chegarachilar “Uning bu yerga kelishi maqsadi tasdiqlanmagan!”, deyishdi, ya’ni eri Rossiyada ekani tasdiqlanmagan emish. Biz chegarachilarning bu harakatlari ustidan arz qilishga tayyorlanayapmiz. Menimcha, O‘zbekiston maxfiy xizmatlari bechora ayolni bolalari bilan Moskvagacha kuzatib kelishgan va mahalliy FSB bilan kelishgan holda, erining qaerda ekanini telefon orqali aniqlab, qo‘lga olishgan, dedi Abusufyon Gaytaev.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda 244-2 (Diniy ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish) va 223 (davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) moddalari asosida xalqaro qidiruvga berilgan Abror 2016 yilda Rossiya rasmiy idoralariga qochqinlik maqomini so‘rab, murojaat qilgan, ammo rad javobini olgan.
Advokat Gaytaev Moskvada o‘zbekistonlik jurnalist Ali Feruzning hibs etilgani va berib yuborilishi to‘xtatilgani yuzasidan ko‘tarilgan katta shov-shuv jarayonida ayni moddalar bilan ayblanayotgan Abror Xidirovning O‘zbekistonga berib yuborilishi adolatdan bo‘lmasligini aytdi.
Ozodlik vaziyatni kuzatib boradi.