Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:32

Mirziyoev Olmaliq mulozimlarini ishdan oldi (VIDEO)


Toshkent viloyatining Olmaliq shahri hokimi, prokurori, ichki ishlar idorasi rahbari, soliq va moliya boshqarmasi boshlig‘i ishdan olindi. Prezident Mirziyoev mulozimlarni o‘z vazifasini bajarishda ko‘plab kamchilikka yo‘l qo‘ygani uchun lavozimiga noloyiq deb topdi.

Olmaliq to‘rtligi ishdan ketdi

11 avgust kuni Olmaliqqa safar qilgan prezident Mirziyoev shahar mulozimlarining faoliyatidan qoniqish qilmaganini aytib, ularni keskin tanqid qildi.

Mirziyoev Olmaliqning mulozimlar to‘rtligi - hokim, prokuror, ichki ishlar boshlig‘i va soliq idorasi rahbari xalq bilan bir xil sharoitda yashashi lozimligini ta’kidladi.

Prezident to‘rt mulozim shaharning to‘rt burchagida yashashi va aholida elektr bo‘lmasa, mulozimlar ham chiroqsiz o‘tirishi, yo‘l bo‘lmasa, yo‘lsiz joyda yashashi shartligini ta’kidladi:

- Olmaliqda 120 ming aholi bo‘lsa, to‘rtta rahbar bo‘lib-bo‘lib oladi. Mahalla, ko‘chalarni bo‘lib, o‘shaning o‘rtasiga borib, davlat uy beradi, kvartira beradi, ular o‘sha yerda yotadi. O‘sha yerda nafas oladi. Svet bo‘lsa svet bilan yashaydi, svet bo‘lmasa, svetsiz yashaydi. Yo‘l bo‘lmasa, yo‘lsiz yashaydi. Suv bo‘lmasa, suvsiz yashaydi, dedi Mirziyoev.

Olmaliqda amalga oshirilayotgan ishlar, shahardagi vaziyat bilan tanishgan prezident Mirziyoev shahar hokimi, prokurori, ichki ishlar idorasi rahbari, soliq, moliya boshqarmasi boshlig‘i hamda bir qator tashkilotlar rahbarlarini ishdan oldi.

Prezident Mirziyoev mulozimlarni o‘z vazifasini bajarishda ko‘plab kamchilikka yo‘l qo‘ygani, e’tiborsizligi, ma’suliyatsizligi bois lavozimiga noloyiq deb topdi.

Mirziyoev 9 qavatli uylar tarafdori

Olmaliqdagi qurilishlar bilan tanishar ekan prezident Mirziyoev uylarni to‘qqiz qavatli qilib qurishni taklif qildi.

O‘zA xabariga ko‘ra, prezident aholining uy-joyga ehtiyojini hisobga olib, to‘qqiz qavatli uylar barpo etishni taklif etgan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, marhum prezident Islom Karimov ko‘rsatmalaridan kelib chiqib, shahardagi yangi qurilayotgan uylarni 3 qavatli qilib qurish rejalangan bo‘lgan va Mirziyoev taklifidan so‘ng qurilish loyihasini o‘zgartirish majburiyati paydo bo‘lgan.

Islom Karimov binolarni uch qavatdan oshirmaslik tarafdori bo‘lgandi, uning ko‘rsatmasidan so‘ng Toshkentning Eski shahar qismida besh qavatlik uylar qurish bo‘yicha tayyorlangan loyihani me’morlar o‘zgartirishga majbur bo‘lgandi.

Шавкат Мирзиёев Олмалиқ аҳолиси билан учрашди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:27 0:00

Videoda Mirziyoev Olmaliqda oddiy aholi bilan uchrashgani aks etgan.

Prezident kelganiga Olmaliqda go‘sht arzonladi

Prezidentning Olmaliqqa tashrifi munosabati bilan shaharliklar oxirgi bir necha oy davomida obodonlashtirish ishlariga jalb qilindi.

Olmaliqliklarning aytishicha, shaharda byudjet tashkiloti ishchi-xizmatchilari ko‘chalarni supurib-sidirishga, yozning jaziramasida oradan ikki kun o‘tib qurib qolishi muqarrar gullarni o‘tqazishga, eski va qurilishi bitmagan uy-joylarning ko‘cha tomonini to‘sishga majburlangan:

"Olmaliq shahriga nihoyat prezident keldi. Ko‘zbo‘yamachiliklar tugar endi, xalqni aldash, prezidentni aldash? Aprel oyidan beri xalq prezidentni kutdi, tashkilotlar ishchilari charchab ketdi tunu kun majbur ishlashdan. Nima keragi bor bunaqa hokimu boshqa amaldorlar? O‘z manfaatini o‘ylab, xalqni qiynaydi. Shuncha ishlarni qilsa bo‘larkanu. Nimaga faqat prezident kelishi uchun qilishadi? Masalan, yo‘llar asfaltlandi. To‘liq bo‘lmasa ham, ba’zi joylar obodonlashtirildi. Ichkari joylar o‘sha ahvolda. Bu narsalar prezidentimiz uchun emas, xalq uchun kerakku», deya yozdi Ozodlik mushtariysi.

Mushtariyning yana yozishicha, prezident tashrifi munosabati bilan shaharda go‘sht narxi arzonlagan:

«Go‘sht 26 ming so‘mdan sotilyapti. U ham 2 kilogrammdan ortiq berilmaydi. Odamlar talash, to‘s-to‘polon go‘sht olishga. Bu ko‘zbo‘yamachilik prezident ketgunicha. Go‘shtlar bugungacha 34-36-38 ming so‘mdan sotilayotgan edi. Nahotki, hurmatli prezidentimiz amaldorlarni uni aldayotganini bilmasa?", deydi olmaliqlik mushtariy.

"Президент келишига гўшт 26 минг сўмдан сотила бошлади"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:12 0:00

Olmaliqda yangi kon ishga tushadi

Mirziyoev taklifi bilan Olmaliqda yangi ishga ochilayotgan konga “Yoshlik koni” deb nom berildi.

«Yurtimiz yer osti boyliklariga boy, lekin biz undan unumli foydalana olmayapmiz. Biz geologiya sohasini rivojlantirishga yetarlicha e’tibor qaratmadik. Endi bu yo‘nalishdagi ishlarni tubdan yaxshilaymiz va sohani tubdan takomillashtiramiz», dedi prezident Mirziyoev.

Rejaga ko‘ra, mazkur koni 2028 yilda to‘liq ravishda ishga tushirilishi natijasida 10 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

O‘zA xabariga ko‘ra, joriy yilda yangi kon ishchilariga mo‘ljallangan 240 o‘rinli ikkita yotoqxona va 400 oilaga mo‘ljallangan to‘qqizta yangi ko‘p qavatli uy hamda bolalar boqchasi qurilishi boshlanish arafasida.

XS
SM
MD
LG