FSB Moskvada xudkushlik sodir etishga hozirlanganlikda ayblanayotgan yana 3 markaziy osiyolik muhojir va bir rossiyalikni qo‘lga oldi. Rus maxfiy xizmatlariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxslar transport tizimi va savdo markazlarida portlash uyushtirishga hozirlangan, deya iddao qilmoqda.
FSB: Ular Moskvada portlash uyushtirmoqchi edi!
FSB rasmiy saytida keltirilgan xabarga ko‘ra, go‘yo Moskva savdo markazlaridagi hujumlar "terrorchi-xudkushlar" tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan.
- Maxsus amaliyot davomida terrorchilik guruhi a’zolari, jumladan: jinoyatni sodir etishga tayyorlagan kurator – Rossiya Federatsiyasi hududida taqiqlangan “Islomiy davlat” terrorchilik tashkiloti emissari, portlash moslamalarini tayyorlash bo‘yicha mutaxassis va ikkita “terrorchi-xudkush” aniqlandi va qo‘lga olindi. Podmoskovьeda portlovchi moddalar ishlab chiqarish va yasama portlash moslamalarini tayyorlash bo‘yicha laboratoriya topildi va zararsizlantirildi, deyiladi rasmiy xabarda.
FSBning ilova qilishicha, gumonlanuvchilar Moskva shahridagi transport va savdo markazlari ob’ektlarida katta quvvatga ega bombalarni harakatga keltirishga hozirlik ko‘rgan.
Ushlanganlardan uch nafari – Markaziy Osiyo mintaqasidan, yana biri Rossiya vatandoshligiga ega ekani ham ma’lum qilindi.
Rus chekistlari ushlangan shaxslarning ismi-sharifiga oid boshqa ma’lumot berilmasligini bildirdi.
FSB bu teraktlar hozirda Suriyada o‘rnashib olgan va xalqaro qidiruvda bo‘lgan “Islomiy davlat” tuzilmasi rahbarlari va emissarlari Nazarov T.M. va Shirinjonov A.M.-lar tomonidan boshqarilganini ochiqladi.
Smolensk viloyatida ham xalqaro qidiruvdagi o‘zbekistonlik ushlandi
Ozodlik xabar berganidek, shu yilning 3 aprelida Sankt-Peterburg shahri metrosida sodir etilgan portlash natijasida Rossiya bo‘ylab FSB, Ichki ishlar va Rosgvardiya kuchlari tomonidan “aksilterrorchilik amaliyotlari” avj oldirildi.
9 avgust kuni Smolensk viloyatining Vyazma shahrida O‘zbekiston vatandoshi ekani aytilayotgan yana bir shaxs, Smolensk politsiyasi rasmiy xabariga ko‘ra, taqiqlangan terrorchilik tashkilotlariga a’zolikda ayblanib qo‘lga olindi.
Smolensk politsiyasi ishchilar yotoqxonasida olib borilgan maxsus amaliyotda olingan videolavhani taqdim etdi.
Smolensk politsiyasi muhojir yigit “migratsiya qonunchiligini buzgan holda yashab kelgani” sababli maxsus kuchlar qiziqishini o‘ziga tortganini e’lon qildi.
- Hozirda qidiruvda bo‘lgan shaxs hibs etildi. Uni ekstraditsiya qilish masalasi ko‘rilmoqda. IIV va FSB boshqarmaslari ushlangan shaxsning Rossiya hududidagi jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha maxsus amaliyotlarni boshlab yubordi, dedi Rossiya Ichki ishlar vazirligining Smolensk viloyati bo‘yicha boshqarmasi rasmiysi Natalya Ivako.
O‘z ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan ichki ishlardagi manbadan Ozodlik ekstraditsiya qilinishi kutilayotgan shaxs O‘zbekiston tomonidan qidiruvga berilganini aniqladi.
Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati joriy yilning 28 iyul kuni Rossiyaning shimoliy poytaxti Sankt-Peterburg shahrida "navbatdagi terrorchilarni" ushlaganini xabar berilgandi. 7 kishilik ekanligi aytilayotgan bu guruhni ham FSB transport va odamlar gavjum joylarda portlash uyushtirishga hozirlik ko‘rganlikda aybladi. Xususan, maxfiy xizmatlar iddaosicha, muhojirlar tezyurar “Sapsan” poezdi tagiga “tormoz boshmog‘ini” qo‘yib, katta tezlikda kelayotgan poezdni ag‘darib yubormoqchi bo‘lgan.
Ozodlik oxirgi paytlarda Rossiyada avj olib ketgan qama-qamalar va terrorchilikda ayblanib yuzlab markaziy osiyolik muhojirlarning qo‘lga olinayotgani jarayonida Rossiya FSBsi va mahalliy ommaviy axborot vositalari tarqatayotgan xabarlarga tanqidiy nazar bilan qarashni tavsiya qiladi.
Rossiya Bosh prokurori birinchi muovini Aleksandr Buksman iyul oyi oxirlarida Peterburg metrosidagi portlashdan o‘tgan 5 oy davomida Rossiyada 12-ta terakt oldi olinganini e’lon qildi.
Ozodlik bu davr mobaynida yuzga yaqin O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston makondoshlari terrorchilik, ekstremizm va Suriyadagi taqiqlangan tashkilotlarga a’zolikda va ko‘mak berishda ayblanib qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berib kelmoqda.