Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:34

Lola otasi Islom Karimovning so‘nggi kunlari haqidagi xotirani e’lon qildi (VIDEO)


Marhum prezident Islom Karimov rafiqasi Tatyana Karimova va nabirasi Maryam bilan (Lola Karimovaning Instagramdagi sahifasidan olingan surat)
Marhum prezident Islom Karimov rafiqasi Tatyana Karimova va nabirasi Maryam bilan (Lola Karimovaning Instagramdagi sahifasidan olingan surat)

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafotiga bir yil to‘lishi arafasida qizi - Lola Karimova-Tillaeva marhumning so‘nggi kunlariga oid xotirani e’lon qildi. Lolaning 20 yillik do‘sti yozgani aytilgan xotirada Karimov 2 sentabr kechki soat 21ga yaqin o‘lgani, uning so‘nggi kunlariga oid tafsilotlar, qizi Lolaning iltimosi bilan jamoatchilikka ochiqlangani aytilgan.

Xotira muallifi

Lola Karimova-Tillaeva 27 avgust kuni Instagram tarmog‘idagi sahifasida yozishicha, bir yil avval aynan shu kuni otasining ahvoli og‘irlashgan va shu bois, uning so‘nggi kunlariga oid xotirani e’lon qilishga qaror qilgan.

Xotirani esa uning chaqiruvi bilan 2016 yilning 1 sentabrida Parijdan Toshkentga yetib borgan, 20 yillik qadrdoni Oqila Toirova qog‘ozga tushirgan.

Toirovaning yozishicha, Islom Karimovning hayotini "to 31 avgust oqshomiga qadar saqlab qolish mumkin degan umid" bo‘lgan, bu umid so‘ngach, Lolaga dalda berish uchun Toshkentga "payshanba 1 sentabr kuni kechga tomon etib borgan:

"2 sentabr kuni ertalab kasalxonaga yo‘l oldim. Prezidentimizning rafiqalari, qizlari Lola va Lolaning to‘ng‘ich qizi Maryam mana bir necha kundirki kasalxonada ularning oldilaridan bir zum ham ketmasdan turar edilar", deb yozadi Toirova.

Birinchi oila iltimosi

2 sentabr kuni tonggi soat 9da O‘zbekiston televideniesi prezidentning ahvoli og‘irlashganini xabar qilganini xotirlagan Oqila Toirova:

"Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchi edimki, prezidentning oila a’zolari xalqni yurtboshimiz sog‘lig‘idan bevosita xabardor qilib borish kerakligini qat’iyan ta’kidlashdi, va aynan ularning iltimoslariga ko‘ra yurtboshimiz vafotining sabablarini ko‘rsatuvchi tibbiy xulosa e’lon qilindi", deya ilova qiladi.

Ilk rasmiy xabar

O‘zbekistonning birinichi prezidenti Islom Karimovning og‘ir xastalangani haqidagi ilk xabar 2016 yilning 28 avgustida rasmiy matbuotda tarqatilgan edi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 78 yashar Islom Karimov 28 avgustda "statsionar davolanish" ga yotqizilgani va mutaxassislar prezidentning "to‘liq tibbiy ko‘rik va davolanish jarayoni uchun muayyan vaqt talab etilishini" bildirgani haqida bayonot tarqatgandi.

29 avgust kuni esa prezidentning kichik qizi Lola Karimova-Tillaeva o‘z otasining ahvoliga oid hukumat ochiqlamagan ba’zi tafsilotlar -otasining miyaga qon quyilish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani va “reanimatsiya bo‘limida tibbiy muolajalar” olayotganini Feysbuk va Instagram sahifalari orqali, jamoatchilikka ma’lum qilgan.

Qorilar tilovati

Uning do‘sti sifatida taqdim qilingan Oqila Toirova xotirasida kasalxonaga borganida Karimov og‘ir isitma ichida yotgani, shunda zudlik bilan “Yosin” surasini o‘qish uchun qorilar chaqirilganini urg‘ulaydi:

"Ozgina vaqtdan so‘ng Anvar qori Minor masjidining boshqa bir necha qorilari bilan birgalikda yetib kelishdi. Bilmadim, bu tasodifmi yoki yo‘q, ammo qorilar “Yosin” surasini o‘qishni boshlashligi zahoti yurtboshimizning tana haroratlari 36.5 ga pasaydi", deya xotirlaydi Lola Karimova-Tillaevaning 20 yillik qadrdoni.

Duogo‘y rafiqa, qiz va nabira

Uning yozishicha, prezidentning rafiqasi, qizi va nabirasi ham keyingi 12 soat davomida to‘xtovsiz "tavhid kalimasi, salovotlar o‘qib, Ollohning ismlarini zikr qilib o‘tirgan".

"Lola otasining oldidan ketmas, tez-tez ularning lablarini suv bilan xo‘llab turardi... Kasalxonada deyarli hamma ko‘z yoshi to‘kishar, Qur’on tilovat qilayotgan Qorilarning ham ovozlari vaqti-vaqti bilan yig‘i tufayli uzilib qolardi... O‘sha onlarda prezidentimizning ruhlari bizni his qilayotgandek edi nazarimda. Ularning yuzlari jiddiy tus olgan, misoli Qur’onni diqqat bilan tinglayotgandek hamda har safar oldilariga qizlari Lola kelib gaplashganda, uni sezayotgandek edilar", deb yozadi voqealarning tirik guvohi sifatida taqdim qilingan Oqila Toirova.

Karimovning hayotda qolishidan umid uzilgach, dafn marosimini oilaning o‘zi rejalashtirgan va vasiyatiga ko‘ra, Islom Karimovni Samarqand shahridagi Hazrat Xizr masjidi yoniga dafn qilishga ko‘rsatma bergan.

Bir quchoq rayhon va Anvar qori

Toirovaning yozishicha, prezident Karimov 2 sentabr kuni kechki soat 21ga yaqin hayotdan ko‘z yumgan.

"Kechki soat 21:00ga yaqin Olloh yurtboshimizning jonlarini oldi.
Biz ular bilan vidolashish uchun palatalariga kirdik, shu on Anvar qori va ularning ikkita shogirdlari ham xonaga kirishdi. Ular qo‘llarida bir quchoq rayhonni ushlab turishar edi. Shunda Lola qoridan, bu shunday odatmi, deb so‘radi. Uning savoliga javoban Anvar qori, marhumni ularning sevimli gullari bilan yopmoqchi ekanliklarini aytdilar. Shundan so‘ng prezidentimizni oq mato bilan yopishdi, hamda Anvar qori, ularing shogirdlari va Lola marhum boshining tepasi, yelka, qo‘llarining ustiga rayhon gullarini qo‘yishdi va prezidentimiz tamomila rayhon gullariga burkandilar. Men ham bitta rayhon gulini so‘rab oldim va uni prezidentimizning oyoq tomonlariga qo‘ydim. Shundan so‘ng barchamiz o‘tirdik. Butun xona rayhon iforiga va Qur’on tilovotlarining yoqimli ovoziga to‘ldi. Bu juda ham ta’sirli onlar bo‘lib, ham xonada, ham kishi ko‘nglida ravshanlik va yorug‘lik hukm surardi",
deb xotirlaydi marhum Karimovning so‘nggi kunlarini Oqila Toirova.

Oq ro‘mol va taqiqlangan oq do‘ppi

Oqilova 3 sentabr kuni tonggi soat 5da aeroportga yo‘l olgani, saharlab Toshkent aeroportiga eltadigan yo‘l yig‘lab turgan odamlar bilan to‘lganini yozadi. Soat 8 da Samarqandga yetib borgan guvoh bu yerda ham oq ro‘mol o‘ragan va oq do‘ppi kiygan kishilar ko‘chalarni to‘ldirganini hikoya qiladi.

Uning yozishicha, marhmuni avval Samarqandda u tug‘ilib-o‘sgan uyga olib borib yuvishgan va so‘ng Registon kompleksiga olib borishgan.

"Atrof olomon bilan to‘lgan, shahar bo‘ylab odamlar yig‘isi eshitilar edi. Bu juda ham og‘ir damlar edi. Lola onasi bilan tobutning ketidan yurishar, biz esa ularning ortidan bir necha qadam orqada ketar edik. Tobutni olib borish vaqtida kishilar tobutga tegishga va uni qo‘lma-qo‘l ko‘tarishga harakat qilishar edi. Men o‘sha onlar, odamlarning haqiqiy ayriliq dardi va motamsaro ko‘z yoshlari guvohi bo‘ldim", deb yozadi Oqila Toirova.

Janozadan so‘ng yangragan madhiya

Uning yozishicha, tobutni Registon maydonidan olib chiqishayotganda "O‘zbekiston madhiyasi yangragan", prezidentni vasiyatiga binoan Hazrat Xizr masjidi yoniga dafn etishgandan so‘ng, Samarqandning forumlar majmuasida rasmiy xotira marosimi bo‘lib o‘tgan.

Xotira so‘nggida esa "O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti hayotining so‘nggi kunlariga oid ushbu tafsilotlar Oqila Toirova tomonidan yozilgan", deya imzo chekilgan.

2016 yilning ziddiyatli haftasi

Oradan bir yil o‘tib, Lola Karimova-Tillaeva e’lon qilgan xotirada hikoya qilingan Islom Karimovning so‘nggi kunlarida o‘ta ziddiyatli xabar va mish-mishlar urchigan edi. Ba’zi manbalar, Karimov 28 avgustda o‘ldi, mazmunida xabar tarqatgandi.

Ammo, bunday xabar va ovozalarga o‘sha kezda munosabat bildirmagan O‘zbekiston rahbariyati 31 avgust kungi Mustaqillik bayrami tantanalarini qoldirdi, Toshkentdagi Mustaqillik maydonidagi “Mustaqillik va ezgulik” monumentiga ilk bor Islom Karimov emas, endilikda prezident, o‘sha kezda esa Bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoev gulchambar qo‘ydi.

Faqat 2 sentabr kuniga kelib, avvaliga Karimovning ahvoli o‘ta og‘irlashgani, shu kuni kechki soat 10da esa uning vafot etgani haqida rasmiy xabar berildi.

Ozodlik maxsus dasturi O‘zbekiston so‘nggi o‘n yilliklarining ana shu burilish nuqtasi - Islom Karimov o‘limining kunma-kun¸ soatma-soat rivojlangan xronikasini to‘liq mana bu linkda o‘qib, tinglashingiz mumkin.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG