Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:26

AQShda hibs qilingan o‘zbekistonlik Abror Habibov terrorchilarga ko‘mak ko‘rsatganini tan oldi


AQShda qo‘lga olingan o‘zbeklar sudga olib kelingan paytda chizilgan surat, Nyu-York, 2015 yil, 25 fevral
AQShda qo‘lga olingan o‘zbeklar sudga olib kelingan paytda chizilgan surat, Nyu-York, 2015 yil, 25 fevral

Qo‘shma Shtatlarda noqonuniy ravishda yashab kelgan Abror Habibov "Islom davlati" terror guruhiga yordam berishni rejalaganlik yuzasidan bildirilgan ayblovlarni tan oldi. Abror Habibov Nyu-Yorkda terrorchilikda ayblanib hibs qilingan va o‘z ishlari sudda ko‘rib chiqilishini kutayotgan uchinchi o‘zbekistonlikdir.

Abror Habibov o‘ziga bildirilgan ayblovlarni tan olgani to‘g‘risida “Amerika ovozi” radiosi 30 avgust kuni xabar berdi.

Ma’lumotda aytilishicha, 32 yoshli Abror Habibov prokuror bilan kelishgan holda o‘z aybini tan olgan.

Federal prokuratura hujjatlarida qayd etilishicha, Habibov qozog‘istonlik Ahror Saidahmetovni Turkiya orqali Suriyadagi terroristlar safiga yuborish uchun homiylik qilmoqchi bo‘lgan, shuningdek, unga qurol xarid qilish uchun yordamlashmoqchi bo‘lgan.

Abror Habibov Amerikaga 2006 yilda qonuniy ravishda kirib kelgan, biroq vizasi bitgandan keyin u AQShda noqonuniy ravishda ishlagan. Habibov AQShning sharqiy shtatlarida savdo bilan shug‘ullangan, bir necha do‘konlarni yuritgan.

Ozodlik radiosi 2015 yilning fevral oyida “Islom davlati” guruhiga ko‘mak berishga urinishda gumonlanib, o‘zbekistonlik Dilhayot Qosimov, Abdurasul Jo‘raboev, Abror Habibov va qozog‘istonlik Ahror Saidahmetovlar qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.

AQSh prokurorlariga ko‘ra, 19 yashar Saidahmetov va 24 yashar Jo‘raboev Turkiya orqali Suriyaga o‘tib, “Islom davlati” guruhiga qo‘shilishni rejalaganlar.

O‘shanda Abror Habibov sherigi Akmal Zokirov bilan ularning yo‘l harajatlarini qoplash uchun pul to‘plaganlikda ayblanayotgani ma’lum qilingandi.

Habibov bilan bir qatorda qo‘lga olingan Abdurasul Jo‘raboev 2015 yilda, Saidahmetov esa shu yil boshida aybiga iqror bo‘lgan. Ularga nisbatan sud hali jazo choarsini belgilamadi.

Nyu-Yorkda terrorchilikda ayblanib hibsda saqlanayotgan va sud ishini kutayotgan yana uch o‘zbekistonlik bor.

Bundan avval va keyin ham AQShda radikal harakatlarda ayblanib bir qator o‘zbekistonliklar qo‘lga olingan edi.

2016 yilning yanvarida O‘zbekistonlik qochqin Fazliddin Qurbonov AQShda harbiy akademiyaga hujum qilishni rejalaganlikda ayblanib, 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

2012 yil 13 iyul kuni AQShning Birmingem okrugidagi Federal sud hakamlari prezident Barak Obamani o‘ldirmoqchi bo‘lganini tan olgan 22 yashar o‘zbekistonlik Ulug‘bek Qodirovni 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

2012 yilning 21 yanvar kuni Chikagoda 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Jamshid Muxtorov hibsga olindi. Muxtorov "Islomiy jihod ittifoqi"ga a’zolikda ayblanib, hibsda saqlanmoqda.

2012 yilning martida Filadelfiya shahrida yana bir o‘zbekistonlik - Baxtiyor Jumaev terrorchilikka aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan edi.

XS
SM
MD
LG