Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:27

HRW inson huquqlari tashkiloti delegatsiyasi O‘zbekistonga bordi


Delegatsiyaga tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov rahbarlik qilmoqda
Delegatsiyaga tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov rahbarlik qilmoqda

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Human Rights Watch xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti delegatsiyasi Toshkentga borganini xabar qildi. Rasmiy xabarda aytilishicha, delegatsiya hukumat idoralari, sud, prokuratura va kuch ishlatar organlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Tashqi ishlar vazirligining xabarida aytilishicha, huquqni himoya qiluvchi xalqaro tashkilot vakillari 2 sentabr kuni Toshkentga borgan.

Delegatsiyaning Oliy Majlis, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Adliya, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamda boshqa davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.

​Daryo.uz nashrining yozishicha, Human Rights Watch (HRW) vakillarining respublikaning boshqa viloyatlariga borishi ham kutilmoqda.

HRW tashkilotining Toshkentda vakolatxonasi ochilishi va uning vakillari mamlakatga kiritilishi haqida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Bryusselda o‘tgan “O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashi matbuot anjumanida ma’lum qilgan edi.

O‘sha kezda tashkilot delegatsiyasining avgust oyida O‘zbekistonga kiritilishi aytilgan edi va delegatsiyaga tashkilotning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov rahbarlik qilishi aytilgan.

Abdulaziz Komilov: “Shunga o‘xshash boshqa tashkilotlar ham bizga keladilar, ular bilan hamkorlik qilamiz, bizda kun tartibidan chiqarishga yoki yashirishga harakat qiladigan narsa yo‘q”, deb bildirgan.

Stiv Sverdlov Ozodlik radiosiga bergan suhbatida Abdulaziz Komilovning bu bayonoti o‘zi va tashkilot uchun yangilik bo‘lganini aytgandi.

Sverdlovning bildirishicha, tashkilot O‘zbekistonga kirishga ruxsat berilishini so‘rab Toshkentga murojaat qilgan, lekin bu murojaatga rasmiy javob ololmay kelayotgan edi.

- Bu kabi bayonotlarning berilishi O‘zbekistonda “muzlarni eritish” kabi muhim jarayonni boshlashga urinish bo‘layotganidan darak beradi. O‘zbekistonga BMTning inson huquqlari Oliy Komissarining tashrif qilgani, hozircha qog‘ozda bo‘lsa ham sud islohotini o‘tkazishga harakat bo‘layotgani bizni quvontirmay qo‘ymaydi, - degandi Stiv Sverdlov.

17 iyul kuni Bryusselda o‘tgan “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashi yig‘ilishi tomonlar o‘rtasida Islom Karimov vafotidan so‘ng o‘tkazilgan eng yuqori darajali siyosiy so‘zlashuvlardir.

Unda O‘zbekistondagi demokratiya¸ inson haqlari vaziyati muhokama qilindi, shuningdek, o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga oid kelishuvga ham erishildi.

Human Rights Watchning Toshkentdagi vakolatxonasi 1996 yilda ochilgan va shundan so‘ng O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatini kuzatib, tahlil qilib borgan edi.

2005 yil Andijon voqealaridan keyin rasmiy Toshkent bu tashkilot faoliyatiga o‘ta toqatsiz bo‘ldi va tashkilotning ikki vakili Oleg Voronsov va Stiv Sverdlovga akreditatsiya bermadi.

2010 yilning dekabr oyida esa Adliya vazirligi vakolatxonani yopish to‘g‘risidagi ariza bilan Oliy sudga murojaat qildi.

2011 yilning 9 iyulida Oliy sud NRW tashkilotining Toshkentdagi idorasini tugatish haqida qaror qabul qilgandi.

XS
SM
MD
LG