Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:26

O‘zTV Fotima otin huquqbuzarligiga MSMYu kitobini dalil qildi (VIDEO)


O‘zbekiston telekanalida berilgan "Otinning so‘nggi "OVI" ko‘rsatuvidan olingan surat.
O‘zbekiston telekanalida berilgan "Otinning so‘nggi "OVI" ko‘rsatuvidan olingan surat.

O‘zbekiston televideniesi Toshkentdagi xonadonda to‘plangan ayollar "ruxsat olmasdan diniy yig‘ilish o‘tkazgani" uchun jazolanganini xabar qildi. O‘zTVning "Otinning so‘nggi "OVI"nomli ko‘rsatuvi qahramoni Fotima otinning huquqbuzarligiga dalil sifatida marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblari namoyish qilindi. Ko‘rsatuvda ayollar yig‘inini "makruh", degan Anvar qori Tursunov Ozodlik bilan suhbatda, ko‘rsatuvda bergan fatvosini aynan takrorladi.

Ro‘molli ayollar yig‘ilishi - "diniy yig‘ilish"

Ijtimoiy tarmoq, ayniqsa, Facebook foydalanuvchilari orasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘layotgan "Otinning so‘nggi "OVI" ko‘rsatuvi operativ tasvirlardan boshlanadi.

Unda aytilishicha, "20 ga yaqin toshkentlik huquqbuzar ayol" shu yilning 19 iyulida poytaxtning Shayxontohur tumanidagi xonadonlardan birida tongda beruxsat "diniy yig‘ilish" o‘tkazayotgan kezda qo‘lga olingan.

Ko‘rsatuvda yig‘ilishda jam bo‘lgan ayollarga O‘zbekiston Musulmonlari idorasidan "ruxsat olmagan, mamlakatda rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan diniy bilim yurtlarining birortasida o‘qimagan" 57 yashar Fotima Abdullajonova "nimalarnidir o‘rgatish bilan shug‘ullanib kelgani" aytiladi, ammo bu "nimalar"ga konkret izoh berilmaydi.

Biroq, keyingi kadrlarda namoyish qilingan bir necha ayol va yosh qizlar yig‘inda Fotima otindan "Muallimi-soniy, Qur’on va Tafsirdan dars olgani", "Qur’on o‘qiganda tushunmagan narsalarini u kishidan so‘rab, o‘rganib turishi" haqida ko‘rsatma beradi.

Fotima Abdullajonova ham ayollar bergan ko‘rsatmalarni tan oladi va aslida bu tadbirga "dars o‘tish uchun bormagani, ammo ko‘nglining bo‘shligi bois, uchrashuv darsga aylanib ketganini" aytadi.

O‘zbekiston televideniesinig "Otinning so‘nggi "OVI" ko‘rsatuvidan olingan surat
O‘zbekiston televideniesinig "Otinning so‘nggi "OVI" ko‘rsatuvidan olingan surat

Ayollar diniy yig‘ilishi - huquqbuzarlik

Qariyb 20 daqiqalik ko‘rsatuv so‘nggida berilgan ma’lumotga ko‘ra, poytaxtning Nurobod mahallasida bomdod namozidan so‘ng yig‘ilgan ayollar bu harakati uchun sayyor sudda sudlangan.

Toshkent shahar Shayxontohur tumani Ma’muriy sudi Toshkentda "ayollar qanoti jamoatini tashkil qilgan" Fotima Abdullajonovaga bu jamoatning asosiy tashkilotchisi sifatida Ma’muriy javobgarlik kodeksining 201- moddasi, 2- qismi bilan eng kam ish haqining 80 barobari miqdorida, yana ikki ayolga esa 20 barobari miqdorida, qolgan ayollarga 5 barobari miqdorida jarima solingan.

O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 201-moddasi, 2- qismida "Diniy yig‘ilishlar, ko‘cha yurishlari va boshqa diniy marosimlar o‘tkazish qoidalarini buzish - harakati uchun eng kam ish haqining sakson baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi", deb belgilangan.

Huquqbuzarlik predmeti - shayx MSMYuning kitoblari

Ko‘rsatuvda namoyish qilinishicha, ayollardan musodara qilingan ashyolarning katta qismi kitobdir.

Muhimi, bu kitoblarning asosiy qismi - so‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda faoliyat qilishi va kitoblar chop etishiga ruxsat berilgan taniqli marhum olim, shayx Muhammmad Sodiq Muhammad Yusufga (MSMYu) tegishli bo‘lgan kitoblardir.

O‘zbekiston telekanalida berilgan "Otinning so‘nggi "OVI" ko‘rsatuvidan olingan surat
O‘zbekiston telekanalida berilgan "Otinning so‘nggi "OVI" ko‘rsatuvidan olingan surat

Ko‘rsatuvda bu kitoblar nega yirik planda takror-takror namoyish qilingani, agar ular ashyoviy dalil sifatida olingan bo‘lsa, u holda bu kitoblar ham taqiqlangan diniy adabiyotlar ro‘yxatiga kiritilganmi, kabi savollarga javob berilmagan.

Ozodlik bu savollar va shuningdek, 20 ga yaqin ayolga qo‘yilgan ayblovga oid savollar bilan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili bilan bog‘landi, ammo hozircha javob ololmadi.

Ayollarning diniy yig‘ilishi - makruh

Ayollarning harakatiga diniy izoh bergan va O‘zTV jurnalistlarining qator savollariga javob bergan Toshkent shahar imom-xatibi Anvar qori Tursunov bu yig‘ilishlarni makruh, deb qoraladi.

"O‘zlaricha, bir joylarga to‘planib olib, dars o‘qimoqchi bo‘ladilar. Avvalo, bu ishni shaharni ulamolaridan, fuzalolardan so‘ramasdan qilishlik - ayni gunoh. Ijozatsiz mumkin emas. Ijozat so‘raganda ham berilmaydi. Nega? Chunki ayollarning to‘planib o‘qishligi makruh. Mumkin emas", deya izoh berdi Anvar qori Tursunov.

Shuningdek, Toshkent imom-xatibi bu yig‘ilishlar tashabbuschisi Fotima otinni "chala otin", deb atarkan, uning bunday "noqonuniy yig‘ilishlardan maqsadi pul yig‘ish", deb qo‘shimcha qildi.

Anvar qorining hukmi tarmoqlarda qoralandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent imom-xatibining "Ayollarning to‘planib o‘qishi makruh", degan hukmi juda qattiq qoralanmoqda.

Jumladan, Facebook foydalanuvchilaridan biri: "Xo‘p, ular noqonuniy diniy ta’lim olishayotgan ekan. Nega unda qonuniy diniy ta’limni yo‘lga qo‘yishmaydi. Qaysi rasmiy otinoyi yoki imom Qur’ondan dars bermoqda? “Menga ilm bering”, deb borsangiz, hamma o‘zini olib qochadi", deb yozdi.

Yana bir ayol esa: "Agar diniy ta’limga pul olmaslik kerak bo‘lsa, unda Islom universiteti, Oliy mahad kabi oliygohlarda kontraktni bekor qilinsin! Bunday ayollarni sud qilmasdan, agar to‘g‘ri yo‘lda yurgan bo‘lishsa qo‘llariga hujjat qilib berib va nazorat qilib yurilsa to‘g‘ri bo‘lmaydimi?", deb yozdi.

Anvar qoridan takroriy fatvo: Ayollarning yig‘ilib o‘qishi - makruh

Ozodlik ana shu muhokamalar ortidan Anvar qori Tursunov bilan bog‘landi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda imom-xatib tanqidlarga ko‘milib ketgan fatvosini yana aynan takrorladi.

"Bizning mazhabimizda ayollar o‘zi o‘qiydi. Yig‘ilib o‘qish durustmas - makruh, degan ulamolar. Hanafiy mazhabda yig‘ilib o‘qish - makruh, deyilgan. Men shariat hukmini aytdim - tamom. Ana kitoblardan ko‘rib olishsin. Shahar bedarvozamasku, hamma narsaning o‘z qonun-qoidasi bor, buni hamma biladi", dedi muxbir bilan qisqagina mikrofonsiz suhbatda Anvar qori Tursunov.

Imom-xatib boshqa savollarga hozir javob berolmasligini aytib, telefon go‘shagini qo‘ydi.​

Fotima otin - Fotima Abdullajonova kim?

Ko‘rsatuv namoyish qilinganidan buyon tarmoqlarda tinmayotgan muhokamalarda aytilishicha, Fotima Abdullajonova poytaxtlik dindor "ayol-qizlar orasida otin oyi va tabib sifatida tanilgan".

Bu ayol marhum shayx shayx Muhammmad Sodiq Muhammad Yusufning qizini kelin qilgan - qudasi. Uning o‘g‘li Abdulbosit qori Abdullajonov esa, ayni paytda Toshkentdagi "Chimir ota" masjidining imom-noibidir.

Hozir AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik Mirrahmat Mo‘minov avval ham shunday yig‘ilishlar uchun bir necha bor qo‘lga olinganida, Fotima Abdullajonovani marhum shayx aralashuvi bilan qo‘yib yuborishgan, deb xotirlaydi.

Facebook tarmog‘ining yana bir foydalanuvchisi: "O‘zbekistonda ayollar ichida Fotima otindek Qur’on va tajviddan mukammal dars beradigan ayol yo‘q!.. Haqiqatni qo‘rqmasdan gapiradilar. Ammo qayta-qayta qamoqxonalarga kirib chiqqanlari sababli, ancha sog‘liqlarini yo‘qotib qo‘yganlar", deb yozdi.

Jumladan, Qirg‘iziston musulmonlari sobiq muftiysi Sodiq qori Kamoliddin esa: "Bu ayol Toshkentda yashab o‘tgan, O‘rta Osiyodagi zabardast Ulamolardan biri Sulaymon qori akani qizlari bo‘ladi... Toshkent ahli bu olima ayolning hayotini g‘animat biladilar va farzandlariga sof Islomiy ta’lim olishliklari uchun imkoniyat yaratib berishlikda tashabbusda bo‘ladilar deb umid qilaman", deb yozdi.

Ozodlik Fotima Abdullajonovaning o‘zi bilan ham bog‘lanishga urinmoqda, ammo hozircha muvaffaq bo‘lmadi.

O‘zbekistonda xususiy diniy ta’lim - taqiqlangan

O‘zbekistonda xususiy tartibda diniy ta’lim berish 1998 yilda qayta tahrirda qabul qilingan "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonun bilan taqiqlangan.​

Hozir O‘zbekiston Musulmonlari idorasi qoshida Toshkent Islom instituti yoki Oliy Ma’had hamda 6 iyunda rasman ochilgan Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi bor.

O‘rta maxsus islom bilim yurtlari - madrasalar soni esa 9 ta: Toshkentda "Ko‘kaldosh", Buxoroda "Mirarab", Andijonda "Sayyid Muhyiddin Maxdum", Namanganda "Mulla Qirg‘iz", Kitobda "Xoja Buxoriy", Urganchda "Faxriddin ar-Roziy", Nukusda "Muhammad al-Beruniy", shuningdek, Toshkentda "Xadichai Kubro", Buxoroda "Jo‘ybori kalon" ayol-qizlar bilim yurtlaridir.

Rasmiy ma’ulmotlarga ko‘ra, respublikadagi diniy ta’lim maskanlarida bilim oladigan jami talabalar soni 300 nafarga yaqindir va yillar davomida buning 32 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan musulmon O‘zbekistonda mavjud ehtiyojni qoplamasligidan tinglovchilar shikoyat qiladi.

XS
SM
MD
LG