Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:40

Mirziyoev Nazarboevni shaxsan kutib olib, uni orden bilan siyladi


Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboevning O‘zbekistonga tashrifi chog‘i ikki davlat o‘rtasida o‘ndan ziyod hujjat imzolandi. Mirziyoev Nazarboevni kutib olish uchun aeroportga shaxsan o‘zi chiqib, qozoq hamkasbini "El-yurt hurmati" ordeni bilan taqdirladi. Nazarboev marhum hamkasbi Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Nazarboevni shaxsan Mirziyoev kutib oldi

Prezident Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboev 16 sentabr kuni davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi.

Mirziyoev aeroportga chiqib, Nazarboevni shaxsan o‘zi kutib oldi. Bu Qozog‘iston rahbarining Shavkat Mirziyoev prezident bo‘lganidan buyon O‘zbekistonga ikkinchi tashrifidir.

Uchrashuv Baytqo‘rg‘onda emas, Ko‘ksaroyda o‘tdi

Nazarboev Mirziyoevning Toshkent viloyati, Qibray tumani, Baytqo‘rg‘on qishlog‘idagi yangi qarorgohida kutib olinishi rejalangani aytilgan edi.

Biroq O‘zA xabarlariga ko‘ra, Mirziyoev bilan Nazarboev muzokaralari marhum prezident Islom Karimov ishlagan Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan.

Nazarboev Islom Karimovni “yo‘qladi”

Nazarboev Toshkentga tashrifi doirasida Oqsaroy oldiga o‘rnatilgan marhum prezident Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi.

Shuningdek, shahardagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralarini ziyorat qilib, o‘tganlar haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi.

Mirziyoev qozoq hamkasbini orden bilan siyladi

Shavkat Mirziyoev Nursulton Nazarboevni «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirladi.

«Kazinform»agentligiga ko‘ra, Mirziyoev Nazarboevni ikki mamlakat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish hamda kengaytirishga qo‘shgan hissasi uchun ushbu orden bilan taqdirlagan.

O‘ndan ziyod hujjat imzolandi

Rasmiy xabarga ko‘ra, Ko‘ksaroydagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligining turli sohalariga doir 10 dan ziyod hujjat imzolangan.

Jumladan, davlat chegaralari o‘tkazish punktlari va avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash hamda tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi, suvga oid munosabatlar sohasida hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi, energetika sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi bilan Qozog‘iston Moliya vazirligi o‘rtasida kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashishda hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati bilan "Qazaqstan temir joli" Milliy kompaniyasi o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida bitim kabi bir qancha hujjatlar imzolangan.

“O‘zbek-qozoq chegarasidagi vaziyat yaxshilanishi uchun 2-3 yil kerak”

Ostonadagi Yevroosiyo iqtisodiyot universiteti dotsenti Saparboy Jubaev Ozodlik bilan suhbatda ikki davlat munosabatlarini yanada yaxshilash uchun imkoniyatlari yetarli ekanligini ta’kidladi.

Suhbatdosh o‘zbek-qozoq chegarasidagi muammolarga e’tibor qaratar ekan, bu muammolar barham topishi uchun yana 2-3 yil zarurligini aytadi.

- Chegaradan o‘tish vaqtida muammolar juda ko‘p. Asosan, mashina bilan o‘tish masalalari ancha murakkab. Bu Rossiya bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi chegara singari bo‘lsa juda yaxshi bo‘lardi. Biz uchun Rossiyaga borib kelish hech qanday muammo tug‘dirmaydi. Lekin O‘zbekistonga borish uchun mashinani tashlab piyoda o‘tamiz. Buni hal qilish uchun, agar O‘zbekiston boshqaruvidagilar astoydil harakat qilsa, 2-3 yilda yaxshi natija berishi mumkin. Lekin hozir birdaniga qiyin, - deydi Saparboy Jubaev.

Jubaev bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:

Сапарбой Жубаев: Ўзбек-қозоқ чегараси яхшиланиши учун яна 2-3 йил керак
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:42 0:00
Бевосита линк

Qozog‘istonda 2018 yil O‘zbekiston yili deb e’lon qilindi

Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboevning O‘zbekistonga davlat tashrifi payti ma’lum qilindi.

Qozoq rasmiy matbuotiga ko‘ra, O‘zbekiston yili doirasida Qozog‘istonda o‘zbek rassomlari ko‘rgazmalari tashkil qilinadi, xalq ustalari hunarmandlik yarmarkalarida ishtirok etishadi, musiqa va teatr jamoalarining gastrollari uyushtiriladi.

O‘z navbatida 2019 yilda O‘zbekistonda Qozog‘iston yili o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

XS
SM
MD
LG