Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:25

Qirg‘iziston hukumati Nazarboevga rasman norozilik bildirdi


Qirg‘iziston hukumati prezident Nursulton Nazarboev Qirg‘iziston prezidentligiga nomzod O‘murbek Babanov bilan 19 sentabrda Olmaota shahrida uchrashgani munosabati bilan 20 sentabr kuni Qozog‘istonga norozilik notasi topshirdi.

Қирғизистон ҳукумати Назарбоевга расман норозилик билдирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:04 0:00

Notada Nazarboevning O‘murbek Babanov bilan uchrashuvi "Qirg‘izistonning ichki ishiga aralashayotganlik va qirg‘iz saylovchilari tanloviga ta’sir ko‘rsatishga urinish” sifatida baholangan.

Prezident Atambaev 20 sentabrda BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida ham saylovlar mavzusini chetlab o‘tmadi. U nutqi so‘nggida qirg‘iz tilida Qirg‘iziston xalqiga murojaat qilar ekan:

-Yana qaytadan boshqa elning rahbarlariga, boshqa xalqning boylariga aldanib qolmaylik! Elning boyligi bekorga sotilib, yerimiz tuhfa sifatida berilib, oddiy xalq xor bo‘lmasin, -deb aytdi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi 20 sentabr kuni Qirg‘iziston hukumatining norozilik notasiga javob qaytardi. Bu haqda Tengrinews.kz sayti Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga tayangan holda xabar berdi.

Qozog‘istonning javob notasida Bishkek hukumatining bu ayblovlari inkor etilgan. Qozog‘istonning bildirishicha, Nazarboevning taniqli qirg‘iz siyosatchilari bilan uchrashuvlari an’anaga aylangan hamda bu xalqaro tajribaga zid kelmaydi.

“Bundan avval Nazarboev Qirg‘iziston prezidentligiga nomzod So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov bilan ham uchrashgan”, deyiladi Qozog‘istonning javob notasida.

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi raisasi Nurjan Shayldabekova Qozog‘iston prezidentining qirg‘iz prezidentligiga nomzod bilan uchrashuvi masalasi o‘rganilayotganini va bu borada yaqin kunlarda maxsus qaror e’lon qilinishini ma’lum qildi.

-Bizning Konstitutsiyamizda bu borada belgilangan me’yorlar bor. Masalan, saylovoldi targ‘iboti paytida xorij davlatlari liderlari bilan birga tushilgan suratlarni tarqatish taqiqlanadi. Bu voqea yuzasidan yaqin kunlarda kollegiya qarorini rasman e’lon qilamiz. Bu masalani ishchi guruhi o‘rganib, keyin bizga qarorning loyihasini taqdim etishi lozim, -dedi Markaziy saylov komissiyasi raisasi.

Qirg‘izistonda saylovlar oldidan nomzodlarning qo‘shni davlatlar rahbarlari bilan uchrashuvi bundan oldin ham bo‘lib turgan. Masalan, 2010 yildagi parlament saylovlari oldidan qator siyosiy partiyalarning liderlari Ostona va Moskva hukumati rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.

2011 yilda esa prezidentlikka nomzod bo‘lgan Almazbek Atambaev Moskvada o‘sha paytda Rossiya bosh vaziri bo‘lgan Vladimir Putin bilan uchrashgani to‘g‘irsida rus matbuotida xabarlar berilgan.

Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi 15 oktabrda o‘tkaziladi. Qirg‘izistonda prezidentlik uchun 13 nomzod kurashmoqda.

XS
SM
MD
LG