Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:27

"Dollarda kredit olgan tadbirkorlar devalvatsiyadan so‘ng kasodga uchramoqda"


Buxorolik tadbirkor Shavkat Qudratov
Buxorolik tadbirkor Shavkat Qudratov

Buxorolik tadbirkor Shavkat Qudratov o‘z muammosini hal qilishni so‘rab, prezident Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga 4 marta murojaat qilgan, biroq ijobiy natijaga erishmagan. Ozodlik bilan suhbatda tadbirkor Qudratovning aytishicha, o‘zbek so‘mining devalvatsiya bo‘lganidan so‘ng yuzaga kelgan muammolar sabab uning firmasi bankrotlik yoqasiga kelib qolgan.

Buxoro viloyati Buxoro tumani Sheyxon qishlog‘ida yashovchi 50 yashar tadbirkor Shavkat Qudratovga ko‘ra, u 2015 yilda Xitoydan muzlatgich olib kelish uchun Jahon bankidan 7 yil muddatga 240 ming AQSh dollari miqdorida kredit olgan va shartnomaga ko‘ra, qarzini o‘zbek so‘mida rasmiy kurs bo‘yicha to‘lab kelgan. Lekin sentabr oyi boshida Markaziy bank o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan qiymatini tushirishi oqibatida uning qarzi bugungi kunda 750 ming dollarni tashkil qilayotganidan nolidi tadbirkor:

- Erkin valyuta konvertatsiyasi siyosati amalga oshgach, dollar kursi birdaniga ko‘tarilib ketdi. Bank bilan shartnoma tuzilgan paytda 1 AQSh dollarining qiymati 2600 so‘m edi. Hozirgi kunda 8100 so‘mga baholanib, men olgan kreditning jami qiymati dastlabki 240.000 AQSh dollaridan 750 000 AQSh dollariga ko‘tarildi. Bu foizsiz, kreditning o‘zi. Men uyimni, joyimni sotgan taqdirda ham, ko‘chada qolgan taqdirda ham buni to‘lay olmasligim aniq,- deydi tadbirkor.

Tadbirkor Shavkat Qudratov 240 ming dollarga olgan muzlatgich.
Tadbirkor Shavkat Qudratov 240 ming dollarga olgan muzlatgich.

​Prezident Mirziyoevning virtual qabulxonasiga 4 marta murojaat qilib, biror natijaga erisha olmagan tadbirkor Qudratov o‘zi singari dollarda kredit olgan tadbirkorlar duch kelgan muammoda Markaziy bankni ayblaydi:

"2017 yil 2 sentabrdagi "Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 5177-sonli farmonining 10-bandiga ko‘ra, Markaziy bank Moliya va Adliya vazirliklari bilan birgalikda iqtisodiy faoliyat bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi kerak edi. Biroq ushbu masalada hozirgacha amaliy ish ko‘rilmagani tufayli Jahon bankidan kredit olgan biz kabi korxonalar kasodga uchramoqda", deydi Qudratov prezident Mirziyoevga yo‘llagan arizasida.

Qudratov kreditga olgan muzlatgichi oldida.
Qudratov kreditga olgan muzlatgichi oldida.

​Qudratov valyuta siyosatidagi o‘zgarishlar natijasida muammoga yuz tutayotgan tadbirkorlar uchun moliyaviy himoya choralari ko‘rilmasa, yuzlab tadbirkorlar bankrot bo‘lishi tayin, deb hisoblaydi:

- Bitta men emas, juda ko‘p tadbirkor shunday ahvolda. 1 million dollar kredit olganlar bor. Ularning krediti hozir 3 million 300 ming dollar bo‘ldi. Nima sababdan valyuta siyosati o‘zgargan sharoitda iqtisod sohalariga, masalan, avtosanoat ishlab chiqarishi va savdosi, mobil aloqa xizmati, avia chiptalar sotilishida imtiyoz berilayotgan bir paytda banklar tadbirkorlarni moliyaviy himoya qilish choralarini ko‘rmayapti?, deydi Qudratov.

Tadbirkor Shavkat Qudratov bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:

Шавкат Қудратов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:30 0:00
Бевосита линк

Qudratov tashkil qilgan "Ruxsat-Shahnoza" korxonasi chakana savdo bilan shug‘ullanib, oziq-ovqat mahsulotlarini sotishni amalga oshiradi. U muzlatgich olgach, O‘zbekistonda yetishtirilgan mevalarni xorijga eksport qilishni rejalashtirgandi.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, u muzlatgich uchun kredit olish maqsadida bankka 1 milliard so‘mlik mol-mulkini garovga qo‘ygan.

"Hozirgi kunda men mijozi bo‘lgan bank tomonidan hisob raqamlarim yopib qo‘yilgan. Soliq va kommunal to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatim ham yo‘qoldi. Bu ketishda prokuratura organlari huzuridagi yangi tashkil qilingan MIB javobgarligiga tortilishim aniq ko‘rinib turibdi. Shunday og‘ir ahvolga tushishimga men o‘zimni aybdor deb bilmayman. Chunki korxonam normal faoliyat ko‘rsatib turibdi, faqat bank tomonidan kredit to‘lovining 3 barobardan ortiq ko‘tarib yuborilganligi shu ahvolga olib keldi. Prezidentimiz aytgan "Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan shior qaerda qoldi?", deydi tadbirkor Shavkat Qudratov.

Tadbirkor Shavkat Qudratov
Tadbirkor Shavkat Qudratov

Muhim eslatma: Prezident Mirziyoev portaliga yo‘llamoqchi bo‘lgan shikoyatingiz nusxasini Ozodlikka ham yo‘llashni unitmang! Arizangiz taqdirini birgalikda kuzatamiz!

XS
SM
MD
LG