Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:18

Rossiya O‘zbekistonga shakar eksportini oshirmoqchi


Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachyov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuv chog‘ida.
Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachyov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuv chog‘ida.

Rossiya Qishloq xo‘jalik vazirligi vakillarining Toshkentga qilgan safaridan keyin O‘zbekiston Rossiyada ishlab chiqariladigan shakarining asosiy importchisiga aylanishi aytilmoqda.

Tomonlar shakardan tashqari yog‘-moy, kartoshka, bug‘doy, baliq va baliq mahsulotlari, mol go‘shti va qandolatchilik tovarlarini O‘zbekistonga eksport qilish borasida dastlabki kelishuvlarga erishilgani xabar qilindi.

2017 yilning 23-25 sentabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jalik vaziri Aleksandr Tkachyov boshchiligidagi katta delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lib qaytdi.

25 sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuv davomida rossiyalik agrariylar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalasini ko‘targanini xabar qildi “O‘zA” agentligi.

Prezident Mirziyoev o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazish bo‘yicha yil boshida ochilgan “yashil koridor” uchun Rossiya tarafiga o‘z minnatdorchiligini bildirib, Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida umumiy hajmi 500 million dollarlik eksport kontraktlari imzolanganini ma’lum qildi.

- O‘zbekiston - Rossiyaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi muhim strategik hamkoridir. Bu sohada olib borilayotgan harakatlar natija bera boshladi, deya Ozodlik so‘roviga Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligida Aleksandr Tkachyov nutqidan iqtibos keltirishdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoev va Aleksandr Tkachyov o‘rtasidagi muzokaralar davomida veterinariya preparatlari va diagnostika vositalarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda qishloq xo‘jaligi uchun malakali kadrlarni tayyorlash yuzasidan so‘zlashilgani ma’lum bo‘ldi.

Rossiya Qishloq xo‘jalik vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2017 yilning 7 oyi davomida O‘zbekistondan Rossiyaga chiqarilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi 27 foizga oshgan va 75 million AQSh dollarini tashkil etgan. Ko‘rsatilgan muddat ichida arpa, o‘simlik moylari, soya kunjarasi va boshqa mahsulotlarning Rossiyadan O‘zbekistonga importi esa 131 million dollarni tashkil etgani ta’kidlandi.

Delegatsiyalar uchrashuvi davomida
Delegatsiyalar uchrashuvi davomida

Vazir Aleksandr Tkachyov O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Elyor G‘aniev bilan olib borgan muzokaralar chog‘ida ikki davlat hamkorligining ayniqsa shakar eksporti sohasida istiqbollariga to‘xtaldi.

U Rossiyada joriy yilda Rossiyada misli ko‘rilmagan miqdorda lavlagi yetishtirilgani, undan ishlab chiqarilajak 6,5 million tonna shakarning bir qismi O‘zbekistonga yuborilishini bildirdi.

Mutaxassislar Qozog‘iston va O‘zbekiston Rossiya shakarini import qiluvchi mamlakatlar sirasiga kirishini ta’kidlamoqda. Jumladan, Agrar bozorlar konyukturasi instituti tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2017 yilda Rossiyada ishlab chiqarilgan shakarning 2,7 million tonnasi eksportga chiqarilishi mumkin, vaholanki mamlakatning o‘zida yiliga 5,85 mln. tonna shakarga ehtiyoj mavjud. Rossiyaning eng yirik shakar ishlab chiqaruvchi davlat korxonasi bo‘lmish “Rusagro” ekspertlari hozirda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zida yiliga 1 million tonnadan ziyod rus shakari sotilayotganiga e’tibor qaratdi.

Rossiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi rus eksportchilari yog‘-moy, kartoshka, bug‘doy,baliq va baliq mahsulotlari, mol go‘shti va qandolatchilik tovarlarini O‘zbekistonga import hajmini kengaytirishga qiziqishi borligini ham bildirdi.

Rossiya agrar vazirligi idorasi tarqatgan rasmiy xabarga ko‘ra, rossiyalik biznesmenlar O‘zbekiston Respublikasi hududida urug‘lik kartoshka yetishtirishga mo‘ljallangan rus-o‘zbek-qirg‘iz korxonasini ishga tushirishni taklif etgan. Buning uchun Rossiya Kartoshka ittifoqi, “O‘zbekoziqovqatxolding” va Qirg‘iziston Sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi o‘rtasida hamkorlik borasida hamda Rossiya Kartoshka ittifoqi va O‘zbekistonning Sanray Agro Plus tashkiloti o‘rtasida urug‘lik kartoshka yetishtirish bo‘yicha ikkita shartnoma imzolangan.

24 sentabr kuni rossiyalik delegatsiya “Agromir” korxonasi, “Maroqand” bog‘dorchilik xo‘jaligi, seleksiya-urug‘chilik markazi, paxta yetishtiruvchi tadqiqotchilik muassasasiga tashrif buyurdi.

Ayni paytda, joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston Tashqi savdo vaziri muovini Sohib Saifnazarov Toshkentdagi o‘zbek-rus ishchi forumida qilgan chiqishida 2017 yil oxirlariga borib ikki taraflama tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarga yetishi mumkinligini bildirgan edi.

"O‘zbekoziqovqatxolding" tarqatgan ma’lumotga binoan, 2016 yil davomida jon boshi hisobiga O‘zbekistonda o‘rtacha 9,3 kilo shakar ishlab chiqarilgan. Shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar tadqiqotchilari hisob-kitobiga ko‘ra, bu mahsulot iste’moli yildan-yilga oshib borayotgan O‘zbekistonda 2025 yilga borib shakar iste’moli bugungi ko‘rsatkichdan 21 foizga oshib, jon boshiga 19 kilogrammga yetadi.

XS
SM
MD
LG