Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:19

 PORTAL: “Mirziyoev o‘g‘limni topishga yordam bersin”


Ulug‘bek Eshov
Ulug‘bek Eshov

Shveysariyada yashovchi asli o‘zbekistonlik Bashorat Eshova prezident Mirziyoevning virtual qabulxonasiga murojaat qilib, “qamoqxonada o‘ldi” deyilgan o‘g‘lining tirikligiga ishonishini aytib, uni topishga ko‘mak istagan hamda o‘zini “qora ro‘yxat”dan chiqarishni so‘ragan.

“O‘g‘limning o‘lganiga ishonmayman”

Prezident portaliga murojaat qilgan Bashorat Eshova 14 yildan buyon o‘g‘lini izlaydi. U “qamoqda o‘ldi” deyilgan o‘g‘li Ulug‘bek Eshovning tirikligiga ishonishini aytib, bu borada prezidentdan ko‘mak so‘raydi. Eshovaning aytishicha, 1975 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Ulug‘bek Eshov 1993 yili o‘g‘irlik ustida qo‘lga tushib, 10 yilga qamalgan va 1999 yili amnistiya bois avf etilgan:

- Men o‘g‘limni qilgan jinoyatidan tongan emasman. O‘g‘lim ham bo‘yniga olgan. 10 yilga qamalgan edi. Keyin 1999 yili prezident Karimov 9 may munosabati bilan amnistiya e’lon qildi. Men hujjatlarni yig‘ib, prezident apparatiga borib, kechirim so‘rab, ariza yozdim. Bir oydan keyin “O‘g‘lingiz amnistiyaga ilingani borasida ichki ishlar vazirligi ma’lum qiladi” degan javob oldim, deydi Bashora Eshova.

Uning aytishicha, o‘sha yili o‘g‘li qamoqdan chiqmagan, aksincha, u “qamoqxonada qotillik qilgan”likda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan:

- O‘g‘lim bilan oxirgi marta Toshturmada ko‘rishdik. Keyin 2003 yili o‘g‘lim o‘lgani borasida qora xat oldim. O‘g‘limning murdasini berishmadi. Ular o‘g‘limni nima sababdan o‘lganini aytmagan. Ichki ishlari vazirligiga borganimda, meni Ahmad Usmonov degan general qabul qildi. General Shodiev Abdukarim deganni chaqirdi, u kirib, “o‘g‘li Toshturmada, tirik” degan gapni aytdi, deydi Eshova.

Eshovaning aytishicha, prezident portalidan uning arizasi o‘rganish uchun ichki ishlar bo‘limiga jo‘natilgani borasida javob olgan. Bu javobdan qoniqmagan Bashorat Eshova prezidentdan o‘z muammosiga e’tibor qaratishni so‘raydi:

- Bular arizalarimni u yoqdan- bu yoqqa tepayapti, sansalor qilib. O‘rganishni xohlamayapti. Shuning uchun men Mirziyoevga murojaat qilaman. Qaerda mening bolam, nima bo‘lgan? Menga ma’lumot bersin. Meni koptok qilib tepmasin bular, deydi Eshova.

Bashorat Eshova
Bashorat Eshova

“Meni qora ro‘yxatdan chiqaring”

Bashorat Eshovaning so‘zlariga ko‘ra, prezident Mirziyoevning virtual qabulxonasiga qilgan murojaatida u o‘zini “qora ro‘yxat”dan chiqarishni ham so‘ragan. Boisi ma’lum muddat avval Yakkasaroy tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari uning “qora ro‘yxat”ga tushgani haqida ogohlantirishgan.

- “Qora ro‘yxat”dan chiqarsa, ruxsat bersa, men borib, opam bilan, akamlarni ziyorat qilib kelsam degandim. Lekin hech narsa qilishmadi. Shuning uchun jahlim chiqdi. Telefon qilsangiz, “Mirziyoev qabulxonasiga xush kelibsiz” degan javobni eshitasiz, voy, yuragim yorilib ketay dedi. Xuddi O‘zbekistonga etib borganday bo‘ldim. Lekin hech qanday natija yo‘q. Keyin yana Mirziyoevning virtual qabulxonasiga yozdim: Men portaldan juda ko‘nglim sovidi. Bu yerda ham sansalorlik ekan deb. Keyin Abdulaziz degani “Siz kabilar jonimizga tegib ketdi” deb javob berdi, deydi Eshova.

Bashorat Eshova prezident portaliga Toshkentdagi ikkita uyi bilan bog‘liq muammolar borasida ham murojaat qilgan. Bu haqda quyidagi suhbatda batafsil tinglaysiz:

“Ўғлимнинг ўлганига ишонмайман”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:59 0:00
Бевосита линк

Bashorat Eshova o‘g‘li uchun kurashib yurib, huquq himoyachilari safiga qo‘shilgan va shundan keyin o‘ziga nisbatan tazyiqlar kuchaygach, O‘zbekistonni tark etib, Shveytsariyadan panoh topgan.

Muhim eslatma: Prezident Mirziyoev portaliga yo‘llamoqchi bo‘lgan shikoyatingiz nusxasini Ozodlikka ham yo‘llashni unitmang! Arizangiz taqdirini birgalikda kuzatamiz!

XS
SM
MD
LG