Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:24

O‘quvchisini kaltaklagan o‘qituvchi sudga tortildi


Abduvakil Turdimurodov kaltaklangan kuni olingan surat.
Abduvakil Turdimurodov kaltaklangan kuni olingan surat.

Jizzax viloyat, G‘allaorol tumani Lalmikor sanoat kolleji o‘quvchisi Abduvakil Turdimurodovni kaltaklaganlikda ayblangan o‘qituvchi Behzod Ubaydullaevning ishi mahkamaga oshirildi. Abduvakilning Ozodlikka aytishicha, o‘qituvchisi uni ayovsiz kaltaklagani oqibatida 9 kun kasalxonada davolanib chiqqan.

Kaltak yo‘li bilan "tarbiya"

Voqea 21 sentabr kuni Lalmikor sanoat kolleji hududida sodir bo‘lgan. Ushbu kollejning 2- kursida o‘qiydigan Abduvakil Turdimurodovning aytishicha, u kursdoshlari bilan hazillashib, turtishib turgani ustiga kelgan o‘qituvchilar uni kaltaklash yo‘li bilan “tarbiyalashgan”:

- Ibodullaev Behzod domla kelib qoldi. Keyin "Nima bo‘ldi dedi?". "Hazillashib turgandik" dedim. "Sizlar o‘zlaringcha katta bo‘lib qolgansizlar. Bir-biringdan kechirim so‘ra" dedi. "Urushganimiz yo‘q. Kelishib oldik" desam, chap tomonimga bir urdi, yuzimga. "Hali sen mening gapimni ikkita qiladigan bo‘ldingmi?", dedi va uchinchi etajdagi o‘qituvchilar xonasiga olib kirib ketdi. Xonaga olib kirgandan keyin ko‘ylagimning yoqalarini yirtib tashladi. Yana bir-ikki urdi yuzimga mushtlab. Enkayib qoluvdim, tizzasi bilan 4-5 marta boshimga tepdi. Keyin Hayitboev Oybek domla keldi, "Nimaga sen, muallim bilan o‘chakishayapsan", deb, u ham ikki marta orqa tomonimga tepdi. Betlarimga ham shapatilab, urib tashladi,- deydi Abduvakil.

Абдувакил Турдимуродов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:29 0:00
Бевосита линк

Tarbiyaning ikkinchi qismi: Yana kuch ishlatish

Abduvakil shu yerda o‘qituvchilari uni haqorat ham qilishganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilar xonasida bo‘lgan domlalari boshida voqeaga aralashmagan, keyinchalik Behzod Ubaydullaevdan kaltaklashni to‘xtatishni so‘rashgan. Shundan so‘ng Abduvakil o‘qituvchilar xonasidan chiqib ketganini, biroq Ubaydullaev uning orqasidan kelib, yana uni kaltaklaganini aytadi:

- Ichkariga olib ketdi yoqamdan ushlab. Birinchi etajdagi o‘qituvchilar xonasiga olib kirdi. Ustimdan qulflab, yana urdi. To‘g‘ri kelgan joyimga urdi. 10 minutlar urdi. Keyin ovozimni chiqarib, qichqirdim, domla bo‘ldi qilarmikin deb. Bir-ikki baqirgandim, Abdushukurov Hamza domla keldi va tashqaridan oynani yopib qo‘ydi. Ovoz chiqmasin, dedi shekilli, men shunday tushundim. Undan keyin ham to‘g‘ri kelgan joyimga urdi. Ichimga 1-2 marta tepdi, qornimga. Tepganidan keyin yotib qoldim. Yotgan joyimda ham 4-5 marta tepdi. Domla uzr deb, uzr so‘rasam ham yana urdi. Keyin Oybek domla oyna tomondan kelib, "tez-tez bo‘l, eshikni och" dedi. Keyin eshikni ochdi, men chiqib ketdim - deydi Abduvakil.

Lalmikor sanoat kolleji
Lalmikor sanoat kolleji

Shifoxonadan haydalish

Abduvakilning aytishicha, shu kuni kechqurun uning mazasi qochgani bois shifoxonaga olib borishgan:

- Kechqurun ovqat ham yeya olmay qoldim. Ichki jag‘im shishib ketdi. 4-5 marta qayt qildim. Keyin dadam bolnitsaga yotqizdi. 29 sentabr kuni chiqdim,- deydi Abduvakil.

Abduvakilning otasi Saydulla Haydarovning aytishicha, o‘g‘liga “bosh miya chayqalishi”, "bosh miya jarohati”, “yuz to‘qimalarining ko‘karish shishi” tashhisi qo‘yilgan.

Haydarovga ko‘ra, o‘g‘lini to‘la sog‘aymasdan shifoxonadan chiqarib yuborishgan:

- Hali ahvoli to‘la yaxshilanmagan edi. Doktorlar uyingda davolanasan, deb chiqarib yuborishdi. Haydashganidan keyin majbur bo‘ldik, chiqib ketishga. Kaltaklagan domlalaridan biri Behzodning yaqin qarindoshi tuman hokimligida ishlaydi. Shuning uchun bular ishni bosti-bosti qilish yo‘llarini izlayapti,- deydi Saydulla Haydarov.

Mushtumzo‘r domlaga ish ochildi

Abduvakilning otasi Saydulla Haydarov o‘g‘lining kaltaklanishida kollejning uch o‘qituvchisi- Behzod Ubaydullaev, Oybek Hayitboev va Hamza Abdushukurovlarga nisbatan jazo ko‘rilishini talab qilib, huquq-tartibot idoralariga shikoyat qilgan.

G‘allaorol tuman Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, militsiya faqat Behzod Ubaydullaevga nisbatan Ma’muriy -javobgarlik kodeksi bo‘yicha ish ochgan.

“O‘tkazilgan tergov-surishtiruv ishlari davomida Oybek Hayitboev va Hamza Abdushukurovlarga nisbatan ilgari surilgan ayblov o‘z tasdig‘ini topmagani bois, ularga nisbatan ish ochilmadi. Lekin tergov Behzod Ubaydullaevga nisbatan Ma’muriy-javobgarlik kodeksining 52-moddasi, 2-qismiga ko‘ra ya’ni yengil tan jarohati yetkazish va 41-modda, haqorat qilish bo‘yicha ish ochilib, G‘allaorol tuman sudiga ish topshirildi”, dedi G‘allaorol tuman IIB xodimi.

Ma’muriy-javobgarlik kodeksidagi ushbu ikki modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxsga eng kam ish haqining qirq barobarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.

O‘quvchini kaltaklagan o‘qituvchi ustidan sud jarayoni qachon boshlanishi hozircha ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG