Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:32

Taniqli rus olimi prezident virtual qabulxonasidan olgan javobdan qoniqmadi


 Tarixchi-olim Sergey Abashin
Tarixchi-olim Sergey Abashin

Rossiyalik taniqli etnolog, antropolog va tarixchi olim Sergey Abashin bundan ikki yil oldin O‘zbekistonga kiritilmagani sabablarini aniqlash maqsadida prezident Shavkat Mirziyoev virtual qabulxonasiga yozgan murojaatiga rasmiy javob oldi.

Qabulxonadan kelgan javob xatida professor Sergey Abashin O‘zbekistonda qaydga turish tartiblarini buzgani va shu bois uning “O‘zbekiston hududiga kirishi maqsadga muvofiq emasligi” bildirilgan.

Sankt-Peterburgdagi Yevropa Universiteti professori,etnografiya va migratsiya masalalari bo‘yicha jahonda tanilgan rossiyalik olim, "Uzbeki" tarixiy monografiyasi hammuallifi, tarix fanlari doktori Sergey Nikolaevich Abashin ikki yil vaqt o‘tib nima sababdan O‘zbekistonga kiritilmayotganini aniqlaganini ma’lum qildi.

O‘zining Feysbuk sahifasida u O‘zbekiston prezidenti virtual qabulxonasiga yuborgan murojaatiga kelgan javob matnini chop etdi.

Bu masalada Ozodlik bilan suhbatlashgan Sergey Abashin rasmiy xatda keltirilgan javobdan qoniqmaganini aytadi.

- To‘g‘risi, virtual qabulxonadan javob olganimga taajjublandim. Rahmat ularga, ammo javobning o‘zi meni qoniqtirmadi. Ular bu xatda menga taqiq borligini ikki yil o‘tib birinchi marotaba tasdiqlashdi. Ikkinchidan, ular muammo mening O‘zbekistonda qaydga turmaganim bilan bog‘liqligini bildirdi. Bunisi juda qiziq, chunki oxirgi marotaba men u yerda 2013 yilda ilmiy anjumanda bo‘lganman, ya’ni mehmonxonalarda qonunan yashaganman. Shu sababli qayd qoidalarini buzishning iloji yo‘q edi! 2009 yilda bo‘lganimda ham shu ahvol edi. Uchinchidan, agarda men registratsiya tartiblarini buzganimda edi, mening hujjatlarimni chiqishda tekshirgan chegarachilar buni ko‘rardi va jarimaga tortardi, dedi professor Abashin.

Tarixchi-olimning fikricha, u oxirgi marotaba Toshkent shahrida 2 kun yashagani va unga qo‘yilgan “migratsiya qoidalarini buzganlik” borasidagi ayblovlarda mutlaqo asos yo‘qligini bildirdi.

- Qolaversa, agarda men biror qoidani buzgan bo‘lsam, o‘zlari ko‘rsatgan Qonunning o‘sha bandlariga binoan, men yo jarima to‘lashim, yoki 1 yildan 3 yilgacha kirishga taqiq olishim mumkin. Bu yerda ular men qachon qoidabuzarlik qilganim, qachondan boshlab menga taqiq qo‘yilgani va u qachon tugashi to‘g‘risida hech narsa aniqlashtirilgani yo‘q. Agarda menga kirishga taqiq 2013 yilda qo‘yilgan bo‘lsa, demak Qonunga muvofiq u 2016 yilda tugatilishi kerak. 2015 yilda esa men kirishga uringanman va meni kiritishmagan. Keyin, men necha yilga badarg‘a qilinganim muddati borasida ham lom-mim deyilmagan, dedi Sergey Abashin.

Professor Abashinning fikricha, O‘zbekistonda bo‘layotgan liberal o‘zgarishlar fonida uning mamlakatga kiritilmayotgani yangi hukumat harakatlariga shubha bilan qarash hissini uyg‘otmoqda.

C.N.Abashinning 2015 yilgi deportatsiya qog‘ozi
C.N.Abashinning 2015 yilgi deportatsiya qog‘ozi

Suhbat so‘nggida tarixchi olim O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Migratsiya departamenti jo‘natgan bu xat Shavkat Mirziyoevning yuqori minbarlardan turib gapirgan gaplariga ham zid kelayotganini ma’lum qildi.

- Men yana virtual qabulxonaga yozib ko‘raman. Faqat bilmayman – ikkinchi marotaba javob qaytarisharmikan?! Men ko‘p yillar O‘zbekistonga borib-kelib yurardim, muammo bo‘lmagan. O‘zbekistonga qanday xavf tug‘dirishim mumkinligini hatto tasavvur ham qilolmayman. Biz O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlarni, gapirilayotgan ritorikaning o‘zgarib borayotgani, muloqot boshlanganini ko‘rayapmiz. Ammo, atigi bir yil bo‘ldi va biror xulosa chiqarish erta, deb o‘ylayman. Har holda, men O‘zbekiston boshqa malakatlarga ochila borishiga ishonib qolaman. Qolaversa, mening O‘zbekistonga ko‘p yordamim tekkan va yana tegishi mumkin. Men o‘zimni juda katta odam deb hisoblamayman va O‘zbekiston hukumatining kirishga ruxsati ular tomondan qilingan juda katta “yo‘qotish” bo‘lmasligiga ishonaman, dedi professor Sergey Abashin.

Профессор С.Абашин: Мен виртуал қабулхона жавобидан қониқмадим
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:12 0:00
Бевосита линк

Taniqli rus olimi Sergey Abashin 2015 yilning 29 avgustida O‘zbekiston hududiga kiritilmagan va Toshkent aeroportidan Moskvaga qaytarib yuborilgandi.

52 yoshli Sergey Abashin Markaziy Osiyo xalqlari antropologiyasi va etnografiyasi bo‘yicha nafaqat Rossiya, balki dunyodagi eng yirik olimlardan biri hisoblanadi. U O‘rta Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbeklar tarixi haqida ko‘plab maqola va ilmiy risolalar muallifidir. Abashin o‘nlab O‘rta Osiyolik tarixchilarga ustozlik qilgan.

Ko‘zga ko‘ringan shaxslarning O‘zbekistonga kiritilmagani ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

Ozodlik 2012 yilning fevral oxirlarida VVS Jahon xizmatining Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri Natalya Antelava¸ 2012 mart oyida uchib borgan “Novaya gazeta” (Rossiya) fotomuxbiri Viktoriya Ivleva, sentabr oyida uchib borgan BBC Monitoring guruhi xodimasi Bagila Buxarbaeva (Qozog‘iston), 2013 yilning iyunida qirg‘izistonlik taniqli huquq faoli To‘lekan Ismailova ham sababi ko‘rsatilmasdan Toshkent aeroportidan ortga qaytarilgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

O‘tgan yil martida esa rossiyalik taniqli fotokorrespondent, mustaqil jurnalist Konstantin Salomatin O‘zbekistonga kiritilmagandi.

XS
SM
MD
LG