Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:32

OzodTa’sir: Surxondaryoda dehqonlar yeryong‘og‘ini tortib olish to‘xtadi


Surxondaryoda yeryong‘oq ekilgan dala, 21 oktabr, 2017 yil
Surxondaryoda yeryong‘oq ekilgan dala, 21 oktabr, 2017 yil

Ozodlik radiosi va surxondaryolik bloger maqolalari ortidan viloyatda davlatdan qarzi bo‘lgan fermerlar qo‘lida ishlagan dehqonlarning hosilini tortib olish to‘xtadi. Feysbukchi-blogerning aytishicha, dehqonlar fermerdan ijaraga olgan yerdagi yeryong‘og‘ini qariyb yig‘ishtirib bo‘lgan. 16-18 oktabr kunlari bu hosilni hokimiyat tortib olgani kuzatilgan edi.

Feysbukchi-bloger Muhammad Shakurning Ozodlikka bildirishicha, o‘z sahifasida chop etgan blogi va Ozodlik radiosidagi maqola ortidan dehqonlarning ahvoli bilan qiziqib turgan va 19 oktabrga kelib, ularning hosilini tortib olish to‘xtaganidan xabar topgan.

- Dehqonlar "Hosilimizni o‘zimiz terib olayapmiz, xursandmiz", deb xabar berishdi. Bildikki, bir kundan keyin, bu narsa barham topibdi. Tazyiq ham barham topgan. Kuch ishlatar tuzilmalari va Majburiy ijro bo‘limi xodimlarining dalaga borishi to‘xtagan.​ Dehqonlar hozircha xursand, - dedi blogger.

Ozodlik bilan 21 oktabr kuni mikrofonsiz suhbatlashgan surxondaryolik dehqon ham ikki-uch kundan buyon dehqonlarning hosiliga tegilmayotgani, daladagi yeryong‘oq qariyb yig‘ishtirib bo‘linganini aytdi.

Blogger 16 oktabr kuni ​"majburiy ijro xodimlari fermerlarning yerida ekilgan yeryong‘oqni dehqonlardan olib, zagotzerno degan tashkilotga olib borilib to‘ktirishayotgan"ini xabar qilgan edi.

Bloggerning yozishicha, fermerlarning yeriga ekilgan yeryong‘oqning egasi – ushbu yerni gektariga 5 million so‘m evaziga fermerdan ijaraga olgan oddiy dehqondir. Ular bu yerni ikkinchi ekinga ishlatish uchun oldindan pulini to‘lab olgan va ekin uchun xarajatlarni o‘zi qilgan. ​

Bu mavzuni 18 oktabr kuni yoritgan Ozodlik muxbiriga javoban ​yeryong‘oq ekkan denovlik dehqonlardan biri, ismi aytilmasligi sharti bilan, 3 gektar yerni fermerdan ijaraga olgani, har gektari uchun 2 mln so‘mdan to‘laganini, hosilni yetishtirish uchun 20 mln so‘m sarflaganini aytgan.

Surxondaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari To‘ra Bobolov yeryong‘oq olib qo‘yilayotganini tasdiqlagan:

“Yeryong‘oq bilan mosh fermer xo‘jaliklari tomonidan har yilgiga nisbatan bu yil ko‘p ekilgan. Biz yeryong‘oq bilan mosh hosilining talon-taroj bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayapmiz. Har bir fermer xo‘jaligining debitorlik, kreditorlik qarzi bor. O‘zaro muvofiqlashtirish maqsadida hamma mablag‘ni fermerning hisob raqami orqali aylantirayapmiz“.

Muhimi, yeryong‘oq yetishtirgan surxondaryolik dehqonlarning shu kundagi tashvishlari to‘g‘risida yozgan feysbukchi-bloger Muhammad Shakurga viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Feysbuk orqali javob berdi.

Surxondaryolik blogger Muhammad Shakur mavzuga aloqador so‘nggi maqolasida hokimning ijtimoiy tarmoqlardagi vatandoshlari murojaatlariga bee’tibor bo‘lmagani va muhimi, masalani tezkor tarzda ijobiy hal qilgani uchun alohida minnatdorchiligini bildirdi:

"Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligida Denovda ko‘p yaxshi ishlar qilinayapti... Buni e’tirof etmoq lozim. Faqatgina... fermerlarning yerini ijaraga olib ekin ekkan oilalarning halol mehnat evaziga yetishtirgan maxsulotlari kuch ishlatar idoralarini jalb qilgan holda olib ketila boshlaganligi odamlarni tushkunlikka tushirib qo‘ydi. Shu bilan birga ma’lum qilamanki, bugun holat o‘zgardi... Erkinjon Turdimovning shaxsiy sahifalariga qilingan murojatlar, hamda mazkur guruhda e’lon qilingan postlar va boshqa manbalarda holatning yoritilishiga bee’tibor bo‘linmadi. O‘zi oshkoralikning foydasi ham shu. Endigi umidimiz – olib qo‘yilgan maxsulotlar o‘z asl egalari – uni yetishtirgan dehqonlarga qaytarib beriladi..."

Bloggerning ilova qilishicha, Surxondaryoda fermerdan yerni ijaraga olib, ikkinchi ekin ekish ana’anasi doim bo‘lgan. Dehqonlar, odatan, piyoz, kartoshka va yeryong‘oq ekadilar. Ozodlik bilan suhbatda hokimiyat vakili aytganidek, bu yil Surxondaryoda rekord miqdorda yeryong‘oq yetishtirilgan.

Ikkinchi ekinlar, aksar hollarda, vohalik dehqonlarning bir yillik mehnati evaziga topiladigan asosiy va hatto, yagona daromad manbaidir.

XS
SM
MD
LG