Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:32

Moskvadagi "Tong Jahoni" yuristlari migrantlarga bepul maslahat beradi


Valentina Chupik
Valentina Chupik

Moskvada joylashgan “Tong Jahoni” huquq himoyasi tashkiloti Rossiyadagi mehnat muhojirlariga yuridik ko‘mak ko‘rsatuvchi xizmat ishini yo‘lga qo‘yganini e’lon qildi. Muhojirlar uchun yuristlar xizmati kechayu kunduz bepul ko‘rsatilishi aytilmoqda. Huquq faollari vaqti-vaqti bilan migrantlar uchun turli treninglarni ham uyushtirishga kirishdi.

“Tong Jahoni” tashkiloti rahbari, asli toshkentlik yuridik fanlari doktori Valentina Chupik horijlik ishchilar ularni qiziqtirgan savollar yoki migratsiyaga oid yuzaga kelgan masalalari bilan telefon orqali kechayu kunduz murojaat qilishlari mumkinligini Ozodlikka bildirdi.

- Bizga murojaat qiling – biz bepul kechayu kunduz yordamga hozirmiz va sizga yordamimiz tegsa xursand bo‘lamiz. Shu maqsadda biz muhojirlar uchun maxsus “Migrantlar maktabini” ham ishga tushirdik. U yerda yurtdoshlarimiz, xususan, politsiya bilan qanday muloqot qilishni o‘rganadi. Chunki joriy yilning sentabri davomida bajargan ishimning 58,3 foizi – migrantlarni politsiya tomonidan noqonuniy ushlanishiga qarshi kurashga bag‘ishladim. Ta’kidlayman – noqonuniy ushlashlar! Chunki qonuniylari yana 6 foizni tashkil etdi. Shu bois, o‘zingizni kamsitishga yo‘l qo‘ymang, sizga oyoq artishlariga chek qo‘ying, pora beruvchi sog‘in sigirga aylantirishlariga imkon bermang. O‘zingizga, atrofingizdagilarga yordam bering, boshqa sohalarda erishgan yutuqlaringiz kabi bu sohada ham harakat qiling, dedi Valentina Chupik.

Karimjon Yorov treningda
Karimjon Yorov treningda

“Migrant maktabi” deb nomlangan va har oyda bir marta o‘tkaziladigan bepul seminar-treninglarda ishchilarga politsiya xodimlari bilan to‘g‘ri muomala qilish, hujjatlarni rasmiylashtirish, uy-joy izlash, ishga joylashish, chegaraga chiqib kelish, yuzaga kelgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish va migratsiya masalalariga oid qoidalar borasida amaliy maslahat beriladi. Rus tilida olib borilgan mashqlar o‘zbek, tojik va qirg‘iz tillariga ham tarjima qilinadi.

“Migrant maktabi”ning kuni kecha o‘tkazilgan mashhulotida hukuk faollari sahna kurinishi yordamida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan savollarga javob berishga urindi.

Valentina Valentinovna Chupik trening paytida
Valentina Valentinovna Chupik trening paytida

Seminarga kelgan mehnat muhojirlari bu kabi mashqlarning zarurligi borasida o‘z fikr-mulohazalarini Ozodlik bilan o‘rtoqlashdi.

- Biz bu yerda juda ko‘p ma’lumotlar olishimiz mumkin. Biz yaqinda Rossiyaga kelganmiz bu narsalarni bilmaymiz. Hamma qonunlarni o‘qib chiqishga vaqtimiz bo‘lmaydi, sabrimiz yetmaydi, to‘g‘risi. Shu seminarda faqat foydali narsalarni o‘rganamiz-da. Men politsiya bilan ko‘p marotaba uchrashganman. “Ti chto, oborzel?!” yoki metroda xonasiga olib kirib “Sen bilan boshqacha gaplashamiz!”, deyishlari ko‘p bo‘ladi.

- Bizni bir-ikki marotaba militsiya to‘xtatganida, Valya opaga murojaat qilganmiz. O‘zbekistondan kelganlarning ko‘plariga o‘zimiznikilar hujjatlarini olib, qonuniy qilib bermaydi. Bu treninglarda o‘z haq-huquqlarimizni himoya qilishga o‘rganayapmiz.

- Trening menda juda ko‘p taassurot qoldirdi, chunki ko‘chada yurganda ko‘p marotaba yordami tegadi buni.

Huquq faoli Valentina Chupik u boshqarayotgan tashkilot yiliga dunyoning 40 dan ziyod mamlakatidan Rossiyaga kelgan 15 000 dan ziyod xorij vatandoshiga huquqiy yordam ko‘rsatayotganini ma’lum qildi.

Valentina Chupik boshqarayotgan huquq faollari guruhi hozirda Karitas-Frans tashkilotining “Hamkorlik orqali YeOIH mamlakatlarida migrantlar huquqlarini himoyalashga ko‘maklashish” loyihasi moliyaviy yordami asosida o‘z ishini davom ettirmoqda.

Huquq faollari mehnat muhojirlarini qiziqtirayotgan masalalarga bag‘ishlangan bunday seminarlar bundan buyon har oyda bir o‘tkazilib turishini bildirdi.

Yuridik konsultatsiyalardan tashqari, “Tong Jahoni” mutaxassislari muhojirlar huquqlarini sud mahkamalarida bepul himoya qilishga tayyor ekanini aytmoqda.

Endilikda “Tong Jahoni” bir emas beshta kechayu kunduz ishlovchi telefon liniyalarini ishga tushirdi.

+7 926 834 7602, +7 903 148 9636 –rus va ingliz tillarida,

+7 903 799 0291 – rus va o‘zbek tillarida. +7 903 169 9161,

+7 903 169 2920 – rus va tojik tillarida,

Tashkilot mutaxassislari dushanbadan jumagacha soat 12:00dan 20:00 gacha quyidagi manzil bo‘yicha qabul qiladi:

Moskva sh., Kazakova ko‘ch., 8 uy, 2 bino, 5 qavat, 8 kabinet.

XS
SM
MD
LG