2018 yilda Rossiyaning aksar mintaqasi, jumladan Moskva va Peterburgda, migrantlar uchun patent narxlari oshiriladi. Moskva meri Sergey Sobyanin Rossiya poytaxtiga ishlashga kelayotgan muhojirlar uchun patent to‘lovlarini oshirish va shu tariqa migrantlar oqimini kamaytirish taklifi bilan chiqdi.
Moskva hokimi lavozimiga yaqinda bo‘lajak saylovlarda o‘z nomzodini qo‘yishini bildirgan Sobyanin, ayni paytda, shahar nafaqaxo‘rlari va yosh bolaliklarga beriladigan ijtimoiy to‘lovlarni bir necha barobarga ko‘paytirish kerakligini g‘oyasini ilgari surdi.
Sobyanin Moskvadagi migrantlar sonini kamaytirish maqsadida ular to‘layotgan ishga ruxsat beruvchi patentlar oylik narxini oshirishni taklif qildi.
Moskva shahar Dumasi yig‘ilishida yillik hisobot bilan chiqish qilgan hokim “poytaxtdagi barcha ishlar moskvaliklar tomonidan bajarilishi kerak”, dedi:
- Albatta, biz shaharda muhojirlar soni optimal bo‘lishi ustida ish olib borishimiz kerak. Shu sababli ham patent tizimini joriy qilgan edik va hozirda migrantlar byudjetimizga neft kompaniyalaridan ko‘proq daromad keltirayapti va bu qo‘shimcha daromad manbaidir. Joriy yilda, menimcha, migrantlarga patent uchun to‘lovlarni moskvalik ishchilarimiz to‘layotganga moslab oshirish lozim, dedi Sergey Sobyanin.
Buning ortidan, Moskva shahar parlamenti birinchi o‘qishda patent narxlarini 7 foizga oshirgani va 4,5 ming rublga yetkazgani xabari chiqdi (Hozirda oylik patent to‘lovi 4200 rublni tashkil etadi).
Rossiyaning ikkinchi yirik megapolisi - Sankt-Peterburgda ham ishga ruxsatnomalar narxi 500 rublga oshirilgani va 3,5 ming rublga etgani e’lon qilindi.
Saxarovodagi Moskva migratsiya markazi bosh direktori Nikolay Fedosov Rossiya poytaxtida nolegal migrantlar soni joriy etilgan patent tartibi tufayli 10 foizga kamayganini bildirgan edi.
2017 yilning 9 oyi davomida Moskvada berilgan patentlar soni 323 mingga yetgan. Patent rasmiylashtirgan muhojirlar orasida birinchilik O‘zbekiston (46%) va Tojikiston (32%) vatandoshlariga tegishli ekani ma’lum qilindi. Shu tariqa, 2017 yilda Rossiyaga kelayotgan muhojirlar oqimi ilk marotaba 2011 yilgi ko‘rsatkichlarga etdi.
Mehnat migrantlari Moskva byudjetiga keltirayotgan daromad ham yildan yilga oshib bormoqda. Xususan,muhojirlar haqi evaziga shahar byudjeti 2015 yilda - 11 mlrd. rublga (~190 mln AQSh doll.), 2016 yilda - 14 milliard rublga (~242,1 mln AQSh doll.) ko‘paydi.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyada 2,6 million noqonuniy yashab kelayotgan muhojirlar mavjud.