Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:24

Trampning "Grin kard" lotereyasini to‘xtatish talabi qabul qilinsa, nima bo‘ladi?


AQSh Oliy sudi qarori bilan mamlakat kirishiga ruxsat etilgan muhojirlar, 26 iyun, 2017 yil
AQSh Oliy sudi qarori bilan mamlakat kirishiga ruxsat etilgan muhojirlar, 26 iyun, 2017 yil

29 yashar o‘zbek Nyu-Yorkda sodir etgan terakt ortidan prezident Tramp Kongressdan "Grin kard" lotereyasini tugatishni so‘rashini bildirdi. Bu lotereyani to‘xtatish talabi bilan Kongressga taqdim qilingan to‘rtinchi loyihadir va amerikalik ekspertlar bu gal dasturning tugatilishi, qisqartirilishi yoki o‘zgartirilishi ehtimoli kattaligini aytmoqdalar.

"Grin kard" lotereyasini to‘xtatish so‘rovi

31 oktabr kuni Nyu-York shahrida 29 yashar o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov sodir etgan terrorchilik amali natijasida 8 kishi qurbon bo‘ldi, 12 odam jarohatlandi.

Bu hujum Nyu-Yorkda 2011 yilda sodir etilgan terror hujumlaridan keyingi eng qonli hujum sifatida qayd etilmoqda.

AQSh matbuotining yozishicha, Soipov 2010 yilda "Grin kard" bilan AQShga kirgan.

U sodir etgan qonli terror hujumidan so‘ng AQSh prezidenti Tramp va Oy Uy ma’muriyati bergan bayonotlar shu kunda AQSh "Grin kard" lotereyasida ishtirok etish uchun hujjat topshirgan, "Grin kard" olgan yoki AQSh fuqaroligi uchun murojaat qilgan o‘zbekistonliklarni tashvishga solmoqda.

Lotereyaga ishtiyoqmandlar 12 barobarga oshdi

2015 yilda 1 million 400 mingga yaqin o‘zbekistonlik "Grin kard" lotereyasida ishtirok etgan. So‘nggi 10 yil ichida AQShga ketish istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni esa 12 barobarga oshgan. Yiliga o‘rtacha 5 mingga yaqin o‘zbekistonlik ushbu "Grin kard" lotereyasi orqali AQShda doimiy yashash va ishlash maqomini oladi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozircha O‘zbekistonliklarga viza berish yoki lotereya tartibida o‘zgarish bo‘lishi haqida bironta ma’lumot yo‘q.

Soipov bilan bog‘liq voqea ro‘y bergunicha ham AQShga immigrant bo‘lish jarayoni murakkablashgan edi. Buni Ozodlik tinglovchilarining aytganlaridan ham bilish mumkin.

"Grin kard"lik o‘zbeklarning xavotiri

Masalan, 2 yarim yil avval "Grin Kard" olgan va hozir AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik 32 yashar Nilufarni "Grin kard" olganimda 4 yil bo‘ldi, endi pasport ololmaymanmi?" deya savol o‘ylantirmoqda.

Bir yildan buyon AQSh fuqaroligi uchun qilgan murojaatiga javob kutayotgan yana bir o‘zbekistonlik - 29 yashar Shahnoza esa AQSh Immigratsiya xizmatidan "murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati uzaygani, so‘nggi oylarda xavfsizlik tekshiruvi kuchaytirilgani" haqida javob olganini aytdi.

Prezident Tramp saylanganidan buyon AQShga muhojirlarning kiritilishini keskin cheklashga chaqirib keladi. Ammo, Sayfullo Soipov hujumidan so‘ng AQSh Kongressi prezident Trampning so‘rovini qondirishi mumkin, degan xavotirlar tilga olinmoqda.

Lotereya tugatilsa, bu yilgi qatnashchilarga nima bo‘ladi?

Immigratsiya bo‘yicha tadqiqotlar markazining Immigratsiya siyosati bo‘limi rahbari Jessika Voganga ko‘ra, shu kunga qadar Kongressga muhojirlikni qisqartirish yoki bekor qilishga oid 5 ta qonun loyihasi taqdim qilingan.

- Bulardan 4 tasi bu dasturni tugatish haqida, biri esa kengaytirish haqida. Lekin, bu terror hujumidan so‘ng Kongressning bu lotereyani qisqartirish yoki tugatish haqida bir qarorga kelish ehtimoli katta. Ammo, qabul qiladi, deb aytish qiyin hozir. Qabul qilgan taqdirda ham, bu jarayon uzoq davom etadi va "Grin kard" dasturi, eng tez bo‘lganda, keyingi yildan bekor qilinadi. Ya’ni, shu kungacha lotereya uchun topshirilgan hujjatlar, albatta, ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, "Grin kard" egalariga bo‘lg‘usi o‘zgarishlar daxl qilmaydi, - deydi Jessika Vogan.

AQShda muhojirlik bo‘yicha takliflar

AQSh Kongressiga taklif qilingan va qabul qilinishi ehtimoli katta, deb ko‘rilgan takliflardan biri qarindoshi AQSh fuqarosi yoki "Grin kard" egasi bo‘lganlarning kelishini to‘xtatishni ko‘zlaydi.

Jumladan, 1 noyabr kungi chiqishida prezident Tramp "zanjirli muhojirlik" - chain migration tizimini keskin tanqid qildi.

Advokatlar tilida "oila-a’zolar immigratsiyasi" deb ataladigan bu sxemada - AQSh fuqarosi bo‘lgan yoki Grin kard egasi bo‘lgan shaxs, moliyaviy ta’minotini to‘liq ta’minlangan taqdirda, o‘z oilasini AQShga olib kirishi mumkin.

Buning o‘rniga taklif qilingan tartib esa, chet elliklarga AQSh uchun qilgan xizmatlari evaziga "Grin kard" berishni ko‘zda tutuvchi Merit-based immigration tizimidir. Bunda asosiy e’tibor chet elliklarning ingliz tilini bilishi, oliy ma’lumoti, ish malakasi va AQSh tashkilotlarida ishlagan tajribasiga qaratiladi.

Bu taklif tarafdorlariga ko‘ra, hozirda lotereya bilan AQShga kirayotgan muhojirlarning har 15 nafarida faqat biri mehnat layoqati evaziga "Grin kard" olgan.

22 yillik lotereya

1990 yilda Kongress tomonidan qabul qilinib, 1995 yildan kuchga kirgan Immigratsiya Aktiga muvofiq, muhojirlar asos solgan AQShga har yili 55 ming xorij fuqarosining qonuniy kelib, yashab va ishlashiga ruxsat etilgan.

Bunday ruxsat esa, AQSh Davlat departamenti har yilning oktabr oyida e’lon qiladigan bir oylik jarayon davomida "Grin kard" lotereyasi dasturiga murojaat qilgan millionlab odam orasidan qur’a tashlash yo‘li bilan yutganlarga kelasi yil may oyida taqdim etiladi.

Keyingi bir necha yil mobaynida yiliga 5000 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi, "Grin kard" sohibi sifatida AQShga ko‘chib ketmoqda. Lotereyani yutganlar barobarida ular bevosita oila a’zolarining ham AQShda yashash haqqini qozonishi inobatga olinsa, bu dastur bilan ko‘chib ketayotgan o‘zbekistonliklar sonining yiliga bir necha o‘n mingga etishini taxmin qilish mumkin.

XS
SM
MD
LG