Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:35

Mirziyoevning Rashidov yubileyiga tashrifi uchun jizzaxliklar uylariga “qamaldi”


Jizzaxda Sharof Rashidov haykali ham 6 noyabr kuni ochildi.
Jizzaxda Sharof Rashidov haykali ham 6 noyabr kuni ochildi.

6 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoev Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi tadbirlarida ishtirok etish uchun Jizzaxga kelishi munosabati bilan Karimov davridagi kabi kuchaytirilgan xavfsizlik choralari qo‘llanildi. Shaharliklarga uylaridan chiqmaslik, eshik-darvozalarni yopiq saqlash va derazadan ko‘chaga qaramaslik buyurildi. Shu kuni shahardagi bozor va do‘konlar yopib qo‘yildi. Shahar idoralaridagi xodimlarga ham ofisdan chiqmaslik buyurildi.

Rashidov yubileyi

Jizzaxliklar etti oy tayyorgarlik ko‘rgan Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyining asosiy tadbirlari 6 noyabr kuni o‘tkazildi. Ertalab Jizzaxga yetib borgan prezident Mirziyoev Rashidov haykalining ochilish marosimida qatnashdi. Jizzax viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, tadbirda Toshkentdan kelgan Senat a’zolari, parlament deputatlari, hukumat vakillari va viloyatlardan kelgan mulozimlar hamda xorijlik mehmonlar ishtirok etgan.

O‘zA xabariga ko‘ra, Sharof Rashidov haykalini Shavkat Mirziyoev va Sharof Rashidovning qizi Sayyora Rashidova ochgan.

​Shu kuni Mirziyoev Rashidov yubileyi munosabati bilan qayta qurib bitkazilgan muzeyga ham borib ko‘rdi. Kunning ikkinchi yarmida Jizzax viloyati musiqali drama teatrida Rashidov yubileyiga bag‘ishlangan xotira kechasi va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Uyiga “qamalgan” jizzaxliklar

Shu kuni ertalabdan Jizzax shahri “Jizzaxlik” mahallasidagi Sharof Rashidov tug‘ilgan va hozirda uning nomi bilan ataladigan ko‘chada yashovchilar uylaridan chiqmaslik borasida ogohlantirildi. Bu haqda ushbu ko‘chada yashovchi yigit Ozodlikka ma’lum qildi.

“Ertalabdan ikki kishi uyimizga keldi. Ikkalasi ham harbiy kiyimda, lekin yonida quroli yo‘q edi. Ular “Bugun ko‘chaga umuman chiqmanglar, eshik va darvozalarni ochiq qoldirmanglar, hammasi yopiq tursin. Derazalarni yopib qo‘yinglar va derazadan ko‘cha tomonga umuman qaramanglar” deyishdi. Hozir darvozalarimiz qulflangan holda. Ko‘chada militsiya xodimlaridan boshqa hech kim yo‘q. Hamma uyida o‘tiribdi”, dedi jizzaxlik yigit.

Ishchilar ham ofisiga “qamaldi”

Jizzaxdagi banklardan birida ishlovchi yigitning aytishicha, 6 noyabr kuni bank xodimlariga ham ko‘chaga chiqmaslik buyurilgan:

“Kecha majlis qilib, obedlaringizni uydan olib kelinglar. Hech kim ofisdan tashqariga chiqmasin, deyishdi. Birgina bizning bankka emas, shahardagi barcha idoralarga bugun hatto obed qilish uchun ham ofisdan chiqmaslik aytilgan. Hamma ishchilar ofisdan chiqmasdan o‘tiribdi”, dedi 6 noyabr soat 13:30larda Ozodlik bilan suhbatlashgan bank xodimi.

Bozor, do‘kon, choyxonalar yopildi

Shu kuni Jizzaxda bozor, choyxona va do‘konlarning hammasi yopib qo‘yildi. Bu haqda Ozodlikka jizzaxlik boshqa bir manba ma’lum qildi:

“Men zarur ishim bois shaharga kelgandim. Katta dehqon bozori yopib qo‘yilgan. Bozorda hech kim yo‘q. Markazdagi birorta ham do‘kon ishlamayapti. Hatto ovqatlanish uchun biror joy ishlamayapti. Choyxonalar ham yopiq”, dedi jizzaxlik manba.

Yo‘llarga shlagbaum qo‘yildi

Jizzaxlik mahallasida yashovchi bir qariyaning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, mahalladan chiqish yo‘llarining barchasi yopib qo‘yilgan:

“Men bugun tishim og‘riyotgani uchun yashirincha shahar poliklinikasiga borib keldim. Asosiy ko‘chalarimizning barchasi to‘sib qo‘yilgan, men aylanma yo‘llar bilan borib keldim. Ayrim ko‘chalarga shlagbaum qo‘yishgan. Ba’zilarida katta yuk mashinasi turibdi. Boshqalarida temir panjaralar turganini ko‘rdim. Ko‘chaning to‘silgan joyida post qilishgan, u yerda militsiya xodimlari va SNB formasidagi odamlar turibdi. Shaharda avtobuslar ham ishlamayapti. Piyoda borib, keldim. Eng yomoni, poliklinikaga borsam, svet yo‘q ekan, shuning uchun ishlamas ekan. “Svetni o‘chirib, tejab, Rashidov yubileyi tadbirlariga ishlatishayapti” deyishdi. Uyda ham ertalab svet yo‘q edi, lekin hozir bor”, dedi “Jizzaxlik” mahallasida yashovchi qariya.

Yubileyga tayyorgarlik

Rashidovning 100 yillik yubileyi oldidan jizzaxliklar uylarining shiferlarini tunukaga almashtirib, uni qizilga bo‘yashga majburlandi. Belgiyadan keltirib, ko‘chalarga o‘tqazilgan gul va daraxtlar quriy boshlagach, ko‘chatlarning har biriga bittadan odam biriktirildi.

Prezident Mirziyoev joriy yil 27 martda O‘zbekistonda davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidovning yuz yilligi nishonlash borasidagi qarorni imzolagan edi. Ushbu qarordan so‘ng O‘zbekiston Senati Jizzax viloyati Jizzax tumanini Sharof Rashidov tumaniga aylantirish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlagan edi.

Sharof Rashidov
Sharof Rashidov

1917 yilda tug‘ilgan Sharof Rashidov 1959-1983 yillarda, ya’ni 24 yil davomida O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimida ishlab, respublikani boshqargan. U 1983 yilda vafot etgan.

XS
SM
MD
LG