Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:31

Toshkentda taniqli blogger Hayot Xon Nasriddinov qo‘lga olindi


Hayot Xon Nasriddinov, Toshkentdagi uyida, 2013 yil
Hayot Xon Nasriddinov, Toshkentdagi uyida, 2013 yil

O‘zbekistonlik taniqli blogger, jurnalist va iqtisod fanidan dars bergan o‘qituvchi Hayot Xon Nasriddinov MXX tomonidan hibsga olingani xabar qilinmoqda. Toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning aytishicha, blogger, taxminan, 20 oktabr kuni qo‘lga olingan va hozir MXXning hibsxonasida saqlanmoqda.

Taniqli jurnalist Aleksey Volosevich o‘zining Asiaterra.info Internet nashrida xabar qilishicha, 20 oktabrga yaqin o‘zbekistonlik taniqli blogger, jurnalist va o‘qituvchi Hayot Xon Nasriddinov (Hayotxon G‘ayratovich Nasriddinov) O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) tomonidan qo‘lga olingan.

- Bu haqda menga o‘zini Nasriddinovning tanishlarimiz, deb tanishtirgan kishilar xabar berdi. Ularning aytishicha, blogger shu kunda MXXning Gvardeyskiy ko‘chasidagi hibsxonasida saqlanayapti. Uning qo‘lga olinishi sabablari - noma’lum. Bundan tashqari, uni advokatdan o‘z ixtiyori bilan voz kechgan, deb aytishibdi, MXXdagilar. Yaqinlari xavotirda, - dedi jurnalist Volosevich.

Jurnalistning aytishicha, Nasriddinovning Toshkentda yashayotgan oilasi matbuot bilan aloqaga chiqishni istmayotir. Volosevich buning sababi oilaga MXX tomonidan bosim o‘tkazilayotgani bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilmoqda.

Hozir Rossiyada ishlayotgan asli farg‘onalik jurnalist, Farg‘ona.ru axborot agentligi bosh muharriri Danil Kislovning aytishicha, Hayot Xon Nasriddinov uning nashriga maqolalar yozgan.

Danil Kislovga ko‘ra, hibsga olinganiga qariyb 15 kun bo‘lishiga qaramay, bloggerning nega ushlanganiga oid biror ma’lumot yo‘q.

- Unga qanday ayblov qo‘yilganini hanuzgacha bilmaymiz va eng ayanchlisi ham shu. Qariyb 16 kundan beri uni "inkommunikado" rejimi - yaqinlari va advokat bilan aloqadan uzilgan holda saqlashmoqda. Uning oilasi bizning agentlik bilan aloqaga chiqishga rozi bo‘lmadi, - dedi Danil Kislov.

Hayot Xon Nasriddinov Farg‘ona.ru nashri uchun o‘z ismi bilan 15taga yaqin jiddiy tahliliy maqolalar yozgan. "Uni jurnalist, deb hisoblayman", deya baho bergan Danil Kislovga ko‘ra, 47 yashar Nasriddinov asli toshkentlik iqtisodchidir.

Kislovga ko‘ra, Nasriddinov iqtisod fani bo‘yicha oliy ta’lim olgan. Keyinchalik Yaponiya va Janubiy Koreyada malaka oshirgan, iqtisod fanlari nomzodi, bank ishi bo‘yicha 30tadan ortiq ilmiy maqola muallifidir. So‘nggi yillarda Toshkentdagi 94-sonli maktabda dars bergan.

- Men uni rejimning tanqidchisi, demagan bo‘lardim, aksincha u hukumatga moyil avtor edi. Ammo, unda iqtisodiy-siyosiy tahlil kuchli edi. Maqolalar 2013-2016 yillarda yozilgan. U dunyoqarashi keng bo‘lgan, ziyoli, ilmli jurnalist edi. U bizning agentlikda ishlamagan, ammo biz uchun maqolalar yozgan. Shuningdek, 2005 yillarda u O‘zbekistonda tuzilgan "Serquyosh O‘zbekiston" koalitsiyasining a’zosi ham bo‘lgan va bu harakatlar bostirilgan kezda, qisqa muddat hibs qilingach, O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan. 2011-yillarda, adashmasam, yana Toshkentga qaytgan va shundan so‘ng maktab o‘qituvchisi bo‘lib ishlayotgan edi, - deydi Danil Kislov.

Bundan tashqari, Hayot Xon Nasriddinov Ozodlik radiosi rus xizmati - Radio Svobodaga ham 30 dan ortiq maqolalar yozgan. Uning so‘nggi maqolasi 2012 yilda chop etilgan. O‘z maqolalarda u O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy-iqtisodiy hayoti, Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar hayotiga oid aktual mavzularni ko‘targan, tahlil qilgan.

Ozodlik Hayot Xon Nasriddinov​ning yaqinlari bilan bog‘lanishga, bloggerning taqdiriga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni aniqlashga urinishda davom etmoqda. Yangiliklarni saytimizda kuzating!

XS
SM
MD
LG