Rossiya Tergov qo‘mitasi Moskva shimolida Skladochnaya ko‘chasidagi yong‘inda 6 muhojirning nobud bo‘lgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Ozodlikka kelib tushayotgan xabarlarda, ishchilar bitovkasida kuyib o‘lgan 5 erkak va bir ayol orasida o‘zbekistonliklar borligi taxmin qilinmoqda.
Moskva shimolida joylashgan “Moskva - Butirskaya Tovarnaya” stantsiyasi yaqinida joylashgan Skladochnaya ko‘chasidagi yonib ketgan ishchilar yashovchi vaqtinchalik uylardan birida yonib kul bo‘ldi. 6 noyabr sahargi 02:25 larda sodir bo‘lgan bu hodisa joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar 12 metr kvadrat metrlik uychada 5 erkak va bir ayol jasadi borligini aniqlandi.
Moskva Tergov qo‘mitasi rasmiy vakilasi Yelena Markovskayaning Ozodlikka aytishicha¸ fojianing yong‘in xavfsizlik choralariga rioya qilinmagani sababli kelib chiqqani taxmin qilinmoqda:
- Hodisa joyida 6 kishi jasadi topildi. Ular shaxsi aniqlanmoqda. Yong‘inda jabrlanganlardan biri tasodifan jon saqlab qoldi – 30% tanasi kuygan bu odam tibbiy muassasaga yotqizildi. Hodisa joyida tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda, dedi tergov qo‘mitasi vakilasi.
Yong‘in chiqqan joydan olingan videotasvirlar ommaviy axborot vositalarida tarqaldi.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining Ozodlik gaplashgan rasmiysi o‘lganlar hamda jabrlangan yigitning o‘zbekistonlik ekani taxmin qilinayotganini bildirdi. Hozircha bu ma’lumotni na Tergov qo‘mitasi va na Ichki ishlar vazirligi tasdiqladi. Moskva politsiyasi xodimlari esa¸ Skladochnaya ko‘chasidagi yong‘inda o‘lganlarning markaziy osiyoliklar ekani¸ biroq ularning necha nafari o‘zbeklar ekanini aytishga hozircha ertaligini bildirdi.
Ayrim ommaviy axborot vositalarida Skladochkayadagi yong‘inda nobud bo‘lganlar orasida ikkita moskvalik va bir nafar belaruslik ishchi ham bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
Hozircha bu yong‘in to‘g‘risida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi rasmiy saytida biror xabar berilganicha yo‘q.
Tergovchilar ochiqlagan ma’lumotga binoan, yonib kul bo‘lganlar shu atrofdagi qurilishlardan birida ishlab kelgan.
Politsiyaga ko‘ra, 6 noyabrga o‘tar kechasi bitovkada muhojirlardan birining tug‘ilgan kuni nishonlangan - tashqarida shashlik mangali ham aniqlagan. Bitovka ichkarisida bo‘lganlarning tutundan zaharlanib o‘lgani ham taxmin qilinmoqda.
Rossiya ommaviy axborot vositalarida “bitovkada o‘lgan migrantlar mast holatda bo‘lgani” to‘g‘risidagi iddaolar hozircha o‘z tasdig‘ini topmadi. Tergov qo‘mitasi vakillari Ozodlik so‘roviga bunday xulosa qilish uchun jasadlarning sud-tibbiy ekspertizasi xulosalarini kutish lozimligini ma’lum qilishdi.
Moskvaga tushgan sovuq sababli, ishchilar yotoqxonasi maxsus moslamalar yordamida isitilgan va aynan shu isitgichlar bitovka ichida olov chiqishiga sabab bo‘lgani ham taxmin qilinmoqda.
Moskva Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat Kodeksining 109-moddasi 3-qismi (ikki va undan ko‘p odamning ehtiyotsizlik oqibatida o‘ldirilishi) asosida jinoiy ish ochdi.
O‘zbek muhojirlarining Rossiyada yong‘in oqibatida kuyib ketishi holatlari tez-tez uchrab turadi. Shu yilning iyul oyida Kolpinodagi yong‘inda ham 7 o‘zbekistonlik kuyib ketgan edi.