8 noyabr kuni Moskvada Rossiya yoshlar ittifoqi (RSM) bilan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi (O‘YoI) o‘rtasida qo‘shma loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan memorandum imzolandi.
O‘YoI va RSMning umumiy ajdodi – VLKSMning asosiy maqsadi sovet yoshlarini kommunizm quruvchisi qilib tarbiyalash edi. Yoshlar ittifoqining asosiy maqsadi nima?
Sovet komsomolining merosxo‘rlaridan biri “Kamolot” va uning o‘rnida tashkil qilingan Yoshlar ittifoqi faoliyatini qiyoslab o‘rganib kelayotgan sobiq kamolotchi Ozodlik bilan suhbatda, yangi tashkilot ishida favqulodda yangilik ko‘rmayotganini aytdi.
Moskvada bo‘lgan gaplar
RSM bilan O‘YoI o‘rtasida qo‘shma loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish yuzasidan memorandum RSM raisi Pavel Krasnorutskiy va O‘YoI raisi Qahramon Quranboev tomonidan imzolangani xabar qilindi.
Quranbaev O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyada 4 kun davomida Astraxan, Novosibirsk, Sankt-Peterburg shaharlarida bo‘lib, Moskvaga kelgani, o‘zbekistonliklar hamma joyda iltifot bilan kutib olingani, Moskvadagi uchrashuv Rossiya yoshlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqajagi to‘g‘risida gapirgan.
Favqulodda imtiyozlar
O‘YoI prezident Mirziyoevning joriy yil, 6 iyulidagi farmoni bilan “Kamolot” yoshlar harakati negizida tashkil qilingan.
“Kamolot” esa, RSM kabi Sovet Ittifoqi Leninchi komsomoli – VLKSM negizida tashkil qilingan edi.
Prezident Mirziyoevning 5 iyuldagi farmoni bilan "Kamolot"ning o‘rniga Yoshlar ittifoqi tashkil etildi va unga favqulodda imtiyozlar berildi. Ular orasida:
2018 yilning 1 yanvaridan boshlab kichik biznes korxonalari tomonidan to‘lanadigan yagona soliq to‘lovi uchun hisoblangan summaning 8 foizini O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazish;
Ittifoq qoshida turli fanlar, jumladan, chet tillarni o‘rgatish, kompyuter dasturlarini tuzish va tadbirkorlik asoslarini o‘qitish maqsadida tashkil etiladigan sho‘’ba korxonalarini 2027 yil 1 avgustga qadar barcha soliqlardan ozod etish;
shuningdek,
Ittifoq tizimida 3 yil va undan ko‘p muddat davomida faol ishlab kelayotgan xodimlarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanishi;
Ittifoqning faol a’zosi bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalariga o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan taqdirda ta’lim bo‘yicha to‘lov kontrakti miqdorining 35 foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanishi belgilab qo‘yilganki, bular O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va uning faol a’zolariga beriladigan imtiyozlarning hammasi emas.
Oliy ma’lumotli o‘qituvchi oyligini oluvchi Yoshlar etakchisi
Buxoro viloyat, Olot tumanidagi maktablardan biri direktorining Ozodlikka aytishicha, shu kunda “Yoshlar yetakchisi” degan lavozim bor va uni egallagan xodim oliy ma’lumotli o‘qituvchi sifatida maosh oladi. Oldingi “Kamolot” yetakchisidan farqli o‘laroq, bu lavozimda ishlaydigan kishining albatta oliy ma’lumoti bilishi kerak.
Bu holat ham prezident farmonida belgilab qo‘yilgan.
“2017-2018 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “katta yetakchi” va “to‘garak rahbari” shtat birliklarini tugatish hisobiga lavozim maoshi yuqori sinf o‘qituvchisiga tenglashtirilgan “yoshlar yetakchisi” shtat birligi” joriy etilishi aytilgan.
Yoshlar ittifoqining “Kamolot”dan nima farqi bor?
Yoshlar bilan ishlaydigan tashkilot nomi o‘zgarganidan buyon ko‘pchilikni shu savol qiziqtiradi va uni sobiq kamolotchi, farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimovaga berdik.
-“Kamolot” va Yoshlar ittifoqi bilan muayyan aloqalari bor, ya’ni mutaxassis sifatida shu ayta olamanki, Yoshlar ittifoqining “Kamolot”dan farqini hozircha sezganim yo‘q, dedi Sharifa Madrahimova.
Uning aytishicha, “Kamolot” nima qilgan bo‘lsa, Yoshlar ittifoqi ham o‘sha ishni qilayapti.
Ma’lumki, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Rossiya yoshlar ittifoqining umumiy ajdodi – VLKSMning asosiy maqsadi sovet yoshlarini kommunizm quruvchisi qilib tarbiyalash edi.
Yoshlar ittifoqining asosiy maqsadi nima?
Bu savolga Buxorodagi maktab direktori ham, jurnalist Madrahimova ham, xuddi kelishib olganday, bir xilda javob berdi: “Bilmayman, to‘g‘risi...”
Savolga javob topish jarayonida RSK bilan O‘YoIning maqsadlarini qiyosladik.
Rossiya yoshlar ittifoqining bosh maqsadi ancha konkret ko‘rindi.
RSK rasmiy saytida bunday deyilgan: “Bosh maqsad yoshlarga hayotda o‘z o‘rnini topib olishiga, imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishiga, xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilishiga ko‘maklashishdir”.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi maqsadi to‘g‘risida esa, tashkilotning rasmiy saytida bunday deyilgan:
Ittifoqning asosiy maqsadi yoshlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash, O‘zbekistonni jahonning rivojlangan mamlakatlari qatoriga kirishi jarayonlariga jalb qilish hamda yosh avlodning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta’minlash, yigit-qizlarning ma’naviy va kasbiy saviyasini yuksaltirish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishdan iborat.
G‘alizroq bo‘lgani sababli tushunish qiyinroq bo‘lgan bu jumla zamiridagi ma’noni so‘rash uchun Ittifoqning markaziy va viloyatlardagi idoralariga kun davomida qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi.