Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:25

Yoshlar ittifoqi rahbari Moskvada soqolli aspirantga tanbeh berdi


MISIS faollar zalidagi uchrashuv
MISIS faollar zalidagi uchrashuv

8 noyabr kuni Moskvadagi Konchilik instituti majlislar zalida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi delegatsiyasi va mamlakat elchixonasi vakillarining talaba yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston yoshlari rasmiy rahbari Qahramon Quranboev Rossiyadagi talabalar bilan ilk uchrashuvida¸ o‘zidan savol so‘ragan aspirantning soqolini tanqid qildi.

21 kishidan iborat O‘zbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasi shu kunlarda Rossiya markaziy mintaqalari bo‘ylab safar qildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboev boshliq delegatsiya Rossiya Federatsiyasiga 30 oktabrda boshlangan safari davomida Novosibirsk, Sankt-Peterburg, Astraxan, Moskva shaharlarida ishlayotgan va bilim olayotgan o‘zbek yoshlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston prezidenti devoni, Milliy xavfsizlik xizmati, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi bo‘yicha agentlik, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va boshqa mutasaddi idoralar vakillari bor.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsadlar qatorida Yoshlar ittifoqi rahbariyati “o‘zbekistonlik yosh mehnat migrantlari faoliyati, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishish hamda yashash uchun noqulay sharoitlarda mehnat qilayotgan yigit-qizlarning ijtimoiy ahvolini yaxshilash bo‘yicha tegishli ko‘mak berishini” ma’lum qilgandi.

"MISiS"ning Konchilik instituti majlislar zalida 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qatnashgan talabalar yillar davomida yig‘ilib qolgan masalalari bilan Yoshlar ittifoqi rahbariyatiga murojaat qildi.

Bu O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi raisining Rossiyada tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan ilk uchrashuvidir.

Yekaterinburgda propiskada turgan buxorolik MISIS aspiranti Rasulbek Moskvada konsullik qaydiga turishda jiddiy muammolar paydo bo‘layotgani oid savoliga o‘zini Rossiyada ekanini unutgan Yoshlar ittifoqi raisi, prezidentning yoshlar siyosati bo‘yicha davlat maslahatchisi Qahramon Quronboev “Nega sen soqol qo‘yib yuribsan? Necha yoshdasan? 80ga kirganga o‘xshaysan”, deya tanbeh berdi.

Moskvadagi o‘zbek talabalarini qaydga turish, migratsiya qonunchiligi bilan bog‘liq savollar, moddiy yordam, ta’lim jarayoni va boshqa maishiy masalalar qiziqtirayotgani sezildi.

Ayniqsa, talabalardan tushgan savollarning aksar qismi Rossiyada berilgan diplomning nostrifikatsiyasi va O‘zbekistonda qabul qilinishiga bag‘ishlandi. Quronboev nostrifikatsiya talablarining mavjudligini xorijdagi xususiy ta’lim dargohlarini bitirib chiqayotgan kadrlarning bilim darajasiga e’tirozlar borligi bilan izohladi.

-“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga yaqin kelajakda bu masalada o‘zgartirish kiritilishi kutilmoqda. Yaqinda MISiSning filiali ham O‘zbekistonda ochilmoqda, deya javob berdi Qahramon Quronboev.

Uchrashuvda O‘zbekiston elchisi Bahrom Ashrafxonov ham qatnashdi.

Uning so‘zlaricha, Rossiyaning har bir federal okrugida O‘zbekistonning bosh konsulligi ochiladi. Xususan, Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg, Qozon, Rostov, Yekaterinburg shaharlari hamda Uzoq Sharqda konsullik idoralari ochilishi ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda «MISiS»ning filialini ochish bo‘yicha tegishli kelishuvlar imzolangani ham aytildi. Bu ishga kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov bevosita bosh-qosh bo‘lib turgani xabari chiqdi.

Rossiya yoshlar ittifoqi raisi Pavel Krasnorutsskiy va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengash raisi Qahramon Quranboev tomonidan "Yoshlar bilan ishlash sohasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi" ham imzolandi. Shuningdek, kelasi yilning boshlarida Rossiya-O‘zbekiston o‘rtasida yoshlar forumi o‘tkazilishi mo‘ljallandi.

Safar 9 noyabr kuni yakuniga yetdi.

Talabalar yig‘ilib qolgan savollariga javob izlab keldi
Talabalar yig‘ilib qolgan savollariga javob izlab keldi

“O‘zbek yoshlari o‘z savollariga javob ololdimi?” Bu savol bilan Ozodlik Moskvadagi uchrashuv ishtirokchilariga mikrofon tutdi.

Quyida ularning javoblari bilan tanishing:

-O‘ylaymanki, bu ko‘rinishdagi uchrashuvlar talabalarimiz uchun juda foydali, chunki bu ularning yuqori lavozimli mehmonlarimiz bilan tengma-teng muloqotidir. Mehmonlar talabalar savollariga bergan deyarli barcha savollarga javob berishdi. Hammasiga bo‘lmasa ham, qolganlariga birgalikda javob izlab ko‘ramiz.

- Savollarimga qisman javob oldim. Menimcha, savol bergan qolgan talabalarimiz ham javob ololgan bo‘lsa kerak.

- Savolimga to‘liq javob ololmadim, lekin Qahramon Qo‘chqorovich elchixonaga taklif qildi. U yerda Mehnat vaziri muovini bilan gaplashamiz va, Xudo xohlasa, o‘sha yerda savolimga javob olaman, degan umiddaman.

- So‘zsiz, bu ularning vakolati. Bu masalalarni ular yechmasa kim echadi unda?! Masala bu ularga qanchalik kerakligidadir. Men “Nima uchun siz bunday ishlaysiz?” deya bergan savolimga, elchixona vakillari “katta navbatlar”ni bahona qildi. Ular, shunchaki, bu masalalarni bartaraf qilishni istamayotir, ularga buning keragi yo‘q, bu ortiqcha ish. Ular xorijda yurgan o‘z vatandoshlari muammolarini hal qilishni istaydimi? Ko‘rinishidan, yo‘q.

XS
SM
MD
LG