Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:27

Peterburgdagi portlashda 60 yashar o‘zbekistonlik og‘ir yaralandi (VIDEO)


Terrorchilikda gumonlanayotgan shaxs fotosurati
Terrorchilikda gumonlanayotgan shaxs fotosurati

28 dekabr kuni Sankt-Peterburgdagi “Perekrestok” savdo markazida sodir bo‘lgan portlashda jarohat olganlar orasida 60 yoshli O‘zbekiston vatandoshi borligi ma’lum bo‘ldi. Mahalliy shifoxonada qolayotgan o‘zbek muhojirining ahvoli mo‘’tadil og‘irligi aytilmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin magazindagi portlashni “terrorchilik huruji” sifatida baholadi.

2017 yilning 28 dekabri, kech 6:30da Sankt-Peterburgdagi “Perekryostok” do‘koni buyumlarni saqlash kamerasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 13 kishi jarohat olgani, ulardan olti nafari og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari va rasmiy idoralar og‘ir yaralanganlar orasida o‘zbekistonlik 1957 yilda tug‘ilgan Aliqulov Evriqul Izbekovich borligini ma’lum qildi.

Петербургдаги портлашда 10 дан зиёд одам жабрланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:52 0:00

17-sonli Aleksandrovskiy shifoxonasida Ozodlik so‘roviga Aliqulovning ahvoli mo‘’tadil darajada og‘ir, biroq hayotiga xavf yo‘qligi tasdiqlashdi.

- Uning hamma qarindoshlari shu erda. Hozir ahvoli og‘ir, reanimatsiyada yotibdi, dedi Aleksandrovskiy kasalxonasi navbatchi shifokori.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va konsullik vakillari jabrlangan o‘zbekistonlik masalasida Peterburg hokimiyati bilan aloqada bo‘lib turgani aytildi.

Do‘konda portlash sodir bo‘lgan joy
Do‘konda portlash sodir bo‘lgan joy

Avvaliga “Perekrestok” supermarketida yuz bergan portlash Rossiya huquq-tartibot organlari tomonidan terror harakati sifatida baholanmadi.

Shunga qaramay, Rossiya aksilterror qo‘mitasi bu ishni o‘z nazoratiga olishga qaror qilgan. Buning ortidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburgdagi oziq-ovqat magazinida sodir bo‘lgan portlashni terroristik akt, deb atadi.

- Bilasiz, kecha Peterburgda terrorchilik akti sodir etildi. Bundan oldinroq esa Federal xavfsizlik xizmati yana bir terakt oldini oldi.... Shu bois kecha FSB boshlig‘i bilan bu kabi banditlarni qo‘lga olish vaqtida qonun doirasida amal qilish, ammo xodimlarimiz va ofitserlarimiz hayotiga tahdid bo‘ladigan bo‘lsa qat’iy harakat qilishlari – hech kimni asirga olib o‘tirmasliklarini buyurdim, dedi Putin.

Rus mahalliy ommaviy axborot vositalari maxfiy xizmatlar yordamida e’lon qilgan fotosuratdagi aks etgan baland bo‘yli, kapyushondagi shaxsni allaqachon “ko‘rinishidan markaziy osiyolik” ekani to‘g‘risida xulosa chiqarishga ulgurdi.

“Ko‘rinishidan markaziy osiyolik” ekani aytilgan shaxs fotosurati
“Ko‘rinishidan markaziy osiyolik” ekani aytilgan shaxs fotosurati

Sankt-Peterburg shahridagi supermarketlardan birida yuz bergan portlash yuzasidan tergovni Rossiya aksilterror qo‘mitasi olib borishi ma’lum qilindi.

Oldinroq Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Kreml Sankt-Peterburgdagi portlashni maxsus xizmatlarning yomon ish olib borgani bilan bog‘lamayotgani”ni bildirdi.

Rossiya tergov qo‘mitasi rasmiysi Svetlana Petrenko supermarketda “200 gramm trotil kuchiga ega bo‘lgan, temir-tersak bilan to‘ldirilgan qo‘lbola moslama portlatilgani”ni bildirgan edi. Bu voqea “odam o‘ldirishga harakat qilish” deb kvalifikatsiya qilinmoqda. Avvalroq Sankt-Peterburg tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Klaus portlashda 10 kishi yarador bo‘lganini aytgan edi.

- Hozirgi paytgacha 10 kishi shahar kasalxonalariga jarohatlar bilan yotqizilgani aniqlandi. Jabrlanganlarning hayoti xavf ostida emas, - dedi Klaus.

Ayni paytda portlashga aloqador bo‘lgan shaxslar qidirilmoqda.

XS
SM
MD
LG