Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:28

Aliment to‘lovchilarning xorijga chiqishiga ruxsat berilishi kutilmoqda


O‘zbekiston Senati aliment to‘lovchilarning chet elga chiqishiga imkon beruvchi qonun loyihasini tasdiqladi. Endilikda aliment to‘lovchi garov shartnomasini imzolashi orqali uning xorijga chiqishiga qo‘yilgan cheklov olib tashlanishi mumkin. Shu paytgacha sud aliment to‘lovchilarning xorijga chiqishiga ruxsat bermagan.

O‘zbek deputatlari taklif qilayotgan yangi tartibga ko‘ra, aliment to‘lovchi aliment pullarini oldindan to‘lash yoki alimentni xorijga ketgach ham to‘lab turish majburiyatini olib garov shartnomasini imzolasa, uning chet elga ketishiga ruxsat berilishi mumkin.

Amaldagi tartibga ko‘ra, sud ijrochilari aliment to‘lash ro‘yxatiga tushgan shaxsni avtomatik tarzda xorijga chiqishiga taqiq qo‘yadi.

Shu paytgacha aliment to‘lovchi erkaklar faqat sobiq xotinlaridan ruxsat ololsagina xorijga chiqish imkoniga ega bo‘lgan.

Ozodlikka bo‘lgan murojaatlarda aliment to‘lovchilar o‘zlarining erkin harakatlanish huquqlari poymol qilinayotganidan shikoyat qilib kelishgan.

Jumladan, Bo‘stonliq tumanida yashovchi, aliment to‘lovchi 31 yashar Shahriyor bir yildan buyon xorijga chiqa olmayapti. Uning aytishicha, sobiq xotini chet elga chiqishiga qarshilik qilib kelmoqda:

- Chet elga chiqa olmayapman. Bir yildan beri harakat qilaman. Sudga ham berdim. Sud rad javobini berdi. “Xotiningning o‘zi bilan kelishgin” deyapti. Xotinim "na prinsip" ruxsat bermayman deyapti. Juda ham nohaqlik. Hech qachon alimentdan qarz bo‘lmaganman. Har doim vaqtida to‘lab boraman. “Kerak bo‘lsa, bir yilga oldindan to‘lab qo‘yaman”, dedim, - deydi Shahriyor.

4 oydan buyon Bo‘stonliqdagi firmalardan birida haydovchi bo‘lib ishlayotgan Shahriyorning aytishicha, u aliment to‘lash uchun tanishlaridan qarz olgan va o‘sha qarzlarni to‘lash uchun xorijga chiqib ishlab kelishni rejalashtirgan:

- Hozir oyligim juda kam, 370 ming so‘m oylik olaman. Qarzim hozir ham bor. Shunga chet davlatga chiqay desam, chiqa olmayapman. Qozog‘istonga Chernayavka orqali ikki marta harakat qildim. “O‘zbekistonning lyuboy tochkasidan chiqa olmaysiz” deyishdi. Sudda sudyadan so‘radim: “Odam o‘ldirgan kishi chet davlatga chiqa oladimi?” deb. Sudya “Ha” deb javob berdi. Lekin alimentchi chiqa olmaydi. Bu nima degan gap? Biz odam o‘ldirgandan battar bo‘lib qoldik, aliment to‘laydiganlar. Juda ham kulguli holat, - deydi Shahriyor Ozodlik bilan suhbatda.

Marg‘ilonlik 39 yashar Ilhom ham aliment to‘lovchi. Ilhom Rossiyadagi do‘stlari taklifi bilan u yerda qo‘shma korxona tashkil qilishni rejalashtirgan. Biroq Ilhomga ko‘ra, sobiq xotinining qarshiligi bois 3 yildan buyon Rossiyaga bora olmayapti:

“Uch bolam bor. Oylik maoshimning 50 foizi- 150 ming so‘mni alimentga to‘layman. Bilaman bu pul yetmaydi. Bolalarim katta bo‘layapti. Ularni uzatish kerak, uylantirish kerak, bu uchun pul kerak. Ular baribir menning farzandlarim, ulardan voz kechayotganim yo‘qku?! Shuning uchun Rossiyada firma ochib, biznes qilib, bolalarim uchun ham pul yig‘sam degandim. Lekin sobiq xotinim qasddan chiqarmayapti. Agar taqiqni olsang, bir yillik alimentni oldindan to‘layman desam ham rozi bo‘lmadi. Ishlarim yurishib ketsa, 150 dollarga chiqaraman alimentni dedim. Bunga ham rozi bo‘lmadi. Ukalarimdan bittasini o‘rnimga vakil qilib tayinlab ketaman dedim. Baribir rozi bo‘lmayapti”, deydi Ilhom Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

O‘zbek deputatlarining aliment to‘lash bilan bog‘liq yangi o‘zgartishlari ushbu tizimdagi qator muammolarni hal qilishiga umid bildirilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, qarzdorning aliment majburiyatlari bo‘yicha to‘lov qobiliyatining yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Jinoyat kodeksidan jarima tarzidagi sanksiya chiqarib tashlanadi.

Bundan tashqari, alimentlar to‘lanishini ta’minlash maqsadida Jinoyat kodeksi shaxs moddiy zararni qoplagan taqdirda, uni javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risidagi qoidalar bilan to‘ldiriladi.

Oila kodeksiga qo‘shilgan normaga muvofiq voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun, shu jumladan ko‘chmas yoki ko‘char mulk tarzida yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkin.

Ushbu yangi o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan qonun loyihalari 2017 yil 20 - 21 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tgan Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida tasdiqlandi. Prezident Mirziyoev ushbu qonunlarni imzolaganiga oid xabar hozircha Ozodlikda yo‘q.

XS
SM
MD
LG