Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:29

O‘zbekistondagi ikkala shakar zavodi ham bankrotlik yoqasiga kelib qoldi


Hazoraspdagi “Xorazm shakar” zavodi
Hazoraspdagi “Xorazm shakar” zavodi

O‘tgan yilning noyabrida o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan Xorazm va Toshkent viloyatidagi shakar zavodlari butunlay yopilishi mumkin. Ishchilarini o‘z hisobidan 2 oylik ta’tilga jo‘natgan ikkala zavod majburiy ta’tilni 10 aprelgacha uzaytirdi. Mulozimlarga ko‘ra, zavodlarning konvertatsiya bilan bog‘liq muammolarini hal qilish imkoni topilmayapti.

Majburiy bepul ta’til yana 3 oyga uzaytirildi

Ikki oylik bepul ta’tilga chiqarilgan “Xorazm shakar” va “Angren shakar” zavodlari ishchilari 10 yanvar kuni majburiy ta’til yana 3 oyga uzaytirilganidan xabar topishdi.

Ozodlikka murojaat qilgan “Xorazm shakar” zavodi ishchilariga ko‘ra, bu xabardan so‘ng aksar ishchilar ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan:

Bizga 10 aprelgacha yana ta’tilda bo‘lasiz deyishdi. Yana o‘z hisobimizdan 3 oy bir tiyin pulsiz uyda o‘tirar ekanmiz.

“Bizga 10 aprelgacha yana ta’tilda bo‘lasiz deyishdi. Yana o‘z hisobimizdan 3 oy bir tiyin pulsiz uyda o‘tirar ekanmiz. Men o‘ylab ko‘rib, Qozog‘istonga ketib ishlashga qaror qildim. Ariza ham yozdim. “Agar aprelda kelsang, zavod qayta ochilsa, qayta ishga olamiz”, dedi. Ochilmasachi? Hech kim ochilishiga garantiya ham bergani yo‘q. Keyin Qozog‘istonga shuncha harajat qilib borib, 3 oyda qaytib kelish ham ahmoqlik bo‘ladi. O‘zi yo‘lkira pulini ham qo‘shnilarimdan qarz oldim. Ishdan bo‘shash arizasi yozganlar ko‘p”, deydi “Xorazm shakar” zavodining sobiq ishchisi ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Zavod rahbariyati ishchilarning tovon puli to‘lash bo‘yicha talabini inkor qilganini aytadi yana bir ishchi:

“Birovning bankdan krediti bor, yana birovning boshqa tashvishi, boshqasi oilamda mendan boshqa boquvchim yo‘q, chetga chiqib ishlab bilmayman, oilam och qoladi, menga kompensatsiya to‘lang deganlar yoki pullik otpuska bering deganlar ko‘p bo‘ldi. Hammasiga rad javobi berildi”, deydi zavod ishchilaridan biri.

Rasmiy saytlarida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra¸ “Xorazm shakar”da 1500 nafar, “Angren shakar”da esa 500 nafar ishchi-xizmatchi ishlaydi.

Hukumat javobi kutilmoqda

“Xorazm shakar”ning Toshkentdagi ofisi xodimasi Ozodlik bilan suhbatda zavod taqdiri hukumatning qaroriga bog‘liq ekanini aytdi:

- Hukumat sukut saqlamoqda. Biz bilmaymiz. Hukumat hali hech qanday qaror qabul qilgani yo‘q,- dedi o‘zini tanishtirmagan xodima.

Zavod taqdiri shaxsan Bosh vazir Abdulla Aripov qabul qiladigan qarorga bog‘liq

Zavodning Toshkentdagi ofisi xodimlaridan yana biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda "zavod taqdiri shaxsan Bosh vazir Abdulla Aripov qabul qiladigan qarorga bog‘liq" ekanini aytdi.

Shakar zavodlar bankrot deb e’lon qilinishi mumkin

Karimov davrida urilib, Mirziyoev hukumatga kelgach, rahbarlik lavozimiga qaytgan Tohir Jalilov boshchilik qiladigan “O‘zbekoziqovqatxolding” shirkati bevosita shakar zavodlari faoliyati uchun mas’ul tashkilotlardan biri.

Ushbu tashkilotdan olgan rasmiy javobimiz “Yozma ravishda murojaat qiling, o‘rganib ko‘rib, keyin javob beramiz” mazmunida bo‘ldi.

Biroq ushbu shirkatning mulozimlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda shakar zavodlari bilan bog‘liq masala “boshi berk ko‘chaga kirib qolgani”ni aytdi:

Zavodlar umuman ochilmasligi mumkin. Bankrot deb e’lon qilish xavfi ham yo‘q emas. Bu xavfni 70-75 foiz deyishimiz mumkin

“Bu konvertatsiya masalasi hal bo‘ladiganga o‘xshamayapti. Bir qancha takliflar kiritilgan. Biroq birortasidan hozircha ijobiy natija yo‘q. Hozir yana ta’til berilgani bilan 3 oy ichida biror yangilik bo‘lishi ehtimoldan uzoqroq. Zavodlar umuman ochilmasligi mumkin. Bankrot deb e’lon qilish xavfi ham yo‘q emas. Bu xavfni 70-75 foiz deyishimiz mumkin”, dedi shirkat mulozimlaridan biri.

Shirkatning yana bir mulozimining aytishicha, mahalliy zavodlarni ishlatishdan ko‘ra, xorijdan import shakar keltirish arzonligi bois zavodlar muammosi yechimiga jiddiy e’tibor ham berilmayapti:

“Boisi biz hisob-kitob qilib ko‘rdik. Mahalliy shakar ishlab chiqarish uchun mahsulot xorijdan olib kelinadi. Buning qanchalik qimmatga tushishini ayta olmayman. Ammo Rossiyadan keltirilayotgan shakar ancha arzonga tushmoqda. Xorij shakari keltirilishining oson yo‘llarini izlagan ma’qul bo‘layapti hozirgi sharoitda”, dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda ismini ochiqlamayotganimiz mulozim.

Boshi berk ko‘chaga kirgan "import shakar loyihasi"

Hukumatning shakarga bo‘lgan ehtiyojni import shakar bilan qoplashga oid tadbirlari ham samarasiz bo‘layotgani to‘g‘risida Ozodlik dekabrda yozgan edi.

O‘zbek so‘mi devalvatsiyasidan so‘ng mahalliy zavodlar faoliyatida muammo yuzaga kelgach, hukumat aholining shakarga bo‘lgan ehtiyojini import shakar bilan qoplashni rejalashtirgan edi.

2017 yil, 12 sentabr kuni prezident qarori bilan O‘zbekistonga import qilinadigan shakar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgandi.

“O‘zbekoziqovqatxolding” import shakar orqali barcha savdo nuqtalarini kerakli miqdordagi shakar bilan ta’minlashini ma’lum qilgan va Rossiyadan 150 ming tonna shakar import qilinishi xabar qilingan edi.

Hukumatning ehtiyojni import shakar bilan qoplash rejasi ham logistika muammosi bois amalga oshmayapti.
Hukumatning ehtiyojni import shakar bilan qoplash rejasi ham logistika muammosi bois amalga oshmayapti.

Rossiya shakarini olib kelish “O‘zbekoziqovqatxolding” tuzilmasiga kiruvchi “O‘zagroeksport”, Agro Export Poytaxt va “Dehqon savdo” kompaniyalari zimmasiga yuklatilgan.

Ushbu shirkatlardan birida ishlovchi mulozimning Ozodlik bilan dekabrdagi suhbatda aytishicha, bugungi kunda hukumatning Rossiyadan arzon shakar olib kelish loyihasi ham boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

“Hukumat import shakarning 1 tonnasi narxi 500 dollardan oshmasligini topshirdi. Bu cheklov asosiy muammolardan biri bo‘ldi. To‘g‘ri, ushbu narxda bir qancha shartnoma imzolandi. Jumladan, Rossiyaning “Prodimpeks”, “Trio XXI”, “Uvarovskiy shakar” zavodlari bilan 380 – 437 dollarlik narxda shartnoma imzolandi. Lekin transport xarajatini kim qoplaydi? Hozir logistika muammosini hech kim hal qila olmayapti. Asosiy logistika shirkatlarini yopib tashlashdi. Hozir borlari esa buni eplay olmayapti. Hozir shakar importi deyarli to‘xtab qoldi. Bu ketishda yangi yilgacha zapasdagi shakar sotib bo‘linadi. Keyin shakar narxi juda qimmatlab ketish xavfi bor”, deydi ismini ochiqlamayotganimiz mulozim.

Zavodlarning vaqtincha yopilish sababi

“Xorazm shakar” zavodi mulozimlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda zavod yopilishini Markaziy bank o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan kursini keskin ko‘tarib yuborgani bilan bog‘lagan.

O‘zini tanishtirishni istamagan mulozim 30 oktabr kungi suhbatda “Xorazm shakar” devalvatsiyadan so‘nggi ikki oy ichida 17 million 200 ming AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rganini aytgan edi.

1 kilo shakarni 43 sent zarariga sotayapmiz. Zavodning gazi, sveti, ishchilar oyliklari, remont, zapchastlar hammasi zararimizga bo‘layapti

“Shakarqamishning 1 kilosini 55 sentdan xorijdan sotib olamiz. Oldin bizga dollarni 4210 so‘m 35 tiyindan konvertatsiya qilishga ruxsat berilgandi. Devalvatsiyadan so‘ng 8200 so‘mga to‘g‘ri keldi. Devalvatsiyadan oldin 1 kilo shakar ishlab chiqarish uchun 55 sentlik xom-ashyo va yana 40 sentlik xarajat ketgan. Jami 95 sentlik xarajat qilib, tayyor mahsulotni 1 dollar 2 sentga sotganmiz. Hozir esa, 1 kilo shakarni 43 sent zarariga sotayapmiz. Zavodning gazi, sveti, ishchilar oyliklari, remont, zapchastlar hammasi zararimizga bo‘layapti”, degan edi mulozim.

“Xorazm shakar” shirkatining Toshkentdagi bosh ofisi xodimi 20 dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda ikkala zavod ham devalvatsiyadan so‘ng xorijdan xom ashyo olib kelishni to‘xtatganini aytgan.

O‘tgan yil noyabr oyida mahalliy matbuot “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi matbuot kotibi U. Ro‘zievga tayanib, mamlakat bo‘ylab sotuvdagi shakar narxini 5000 so‘mdan oshirmaslik lozimligi haqida hukumat topshirig‘i borligi haqida xabar tarqatgan edi.

"Xorazm shakar” zavodi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda¸ mahalliy zavodlar ishlab chiqarayotgan shakarni bu narxda sotish imkonsizligini aytadi.


“Biz foyda ko‘rishimiz uchun shakarning kilosini 7500 so‘mdan sotish kerak. Faqat shundagina zavod faoliyat ko‘rsatishi mumkin. Yoki konvertatsiya kursini yengilroq qilish kerak”, degan Ozodlik suhbatlashgan zavod mulozimi.

Devalvatsiya oqibatlari

O‘zbekiston Markaziy banki 2017 yilning 5 sentabrida milliy valyuta – so‘mni deyarli ikki barobarga qadrsizlantirdi - bungacha bir AQSh dollarining rasmiy kursi 4210 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha kundan 8100 so‘m qilib belgilandi.

O‘zbekiston devalьvatsiya oqibatlarini yumshatish uchun Jahon bankidan qarz olmoqchi
O‘zbekiston devalьvatsiya oqibatlarini yumshatish uchun Jahon bankidan qarz olmoqchi

O‘zbek so‘mining devalvatsiya bo‘lganidan so‘ng bungacha rasmiy konvertatsiya imtiyozidan foydalanib kelgan¸ faoliyati import shartnomalari¸ xususan¸ xorijdan xom-ashyo olib kelishga aloqador shirkat va tadbirkorlar moliyaviy muammoga uchray boshladi.

O‘zbekiston hukumati milliy valyuta devalvatsiyasi oqibatlarini yumshatish uchun Jahon banki bilan 1 milliard AQSh dollari miqdorida qarz olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Shakar biznesi

Shakar uchun navbat
Shakar uchun navbat

O‘zbekistonda meva pishiqchiligi mavsumida shakar narxining oshishi muttasil kuzatilayotgan muammo.

Hukumat mamlakatning shakarga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq mahalliy ishlab chiqarish hisobiga qondirish iddaosi bilan 1998 yilda Xorazm viloyatida yiliga 180 ming tonna shakar ishlab chiqaradigan zavod qurdi. “Xorazm shakar” O‘zbekiston-Avstriya-AQSh qo‘shma korxonasi, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ mamlakatning shakarga nisbatan ehtiyojining 60 foizini qondiradi.

2014 yilning boshida Toshkent viloyatidagi "Angren" maxsus industrial hududda kuniga ming tonna shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan yangi zavod ishga tushdi. Loyihani amalga oshirish uchun 83 million AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘ sarflangani aytildi. Rasmiylar Singapur va Avstriya shirkatlari bilan hamkorlikda qurilgan “Angren shakar” ishga tushganidan keyin O‘zbekistonning shakarga nisbatan ehtiyoji to‘lig‘icha mahalliy mahsulot hisobiga qondirilishini va’da qildi.

Yuzlab million dollarlik O‘zbekiston shakar bozorini davlat nomidan boshqaruvning eng yuqori pog‘onalariga aloqador sanoqli shaxslar nazorat qilishi aytiladi.

Ozodlik bilan shaxsi sir qolish sharti bilan gaplashgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar¸ Islom Karimov davrida shakar biznesining yirik monopolistlaridan biri O‘zbekiston Futbol federatsiyasi sobiq prezidenti Mirabror Usmonov bo‘lib kelganini bildirdi.

Gulnora Karimova "Baho shakar" (o‘ngdan birinchi) bilan.
Gulnora Karimova "Baho shakar" (o‘ngdan birinchi) bilan.

O‘zbekistondagi shakar biznesi monopolistlaridan biri sifatida “Baho shakar” laqabi bilan tanilgan Bahodir Karimjonov mamlakat prokuraturasi bu biznesni taftish qila boshlanganidan keyin 2013 yil boshida Dubayga qochib ketgan.

Karimjonov oilasiga yaqin manbalardan birining ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, Bahodir Karimjonov shakar va yana boshqa sohalardagi yirik biznesini marhum prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova homiyligida yuritib kelgan.

Yevropaning qator davlatlarida yirik miqdordagi korrupsiya ayblovlari ortidan Gulnora Karimova bu ayblovlar markaziga tushganidan so‘ng¸ prezident to‘ng‘ichining O‘zbekiston ichkarisidagi biznes imperiyasi qulatildi.

XS
SM
MD
LG