23 yanvarga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan voqea to‘g‘risidagi ma’lumotni Ozodlik Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot xizmatidan oldi.
Ozodlik Qozog‘iston rasmiylariga avtobusi bu mamlakat hududida buzilib qolgan 47 o‘zbekistonlik nomidan 25 yanvar kuni kelgan tashvishli xabar ortidan murojaat qildi.
“Salom, Ozodlik. Biz 20 yanvar kuni Chimkent-Petropovlosk- Nijnevartovsk yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lga chiqqan edik. 22 yanvar tongda Astana tamojniysiga 50 km yetmasdan bir kafeda qolib ketdik. Bir kun xalqaro insonparvarlik jamiyatidan ovqat va adyol berildi. Lekin mana bugun ham yo‘l yopiqligi sabab yo‘lga chiqaolmadik.
Hammada pul tugadi. Oziq-ovqatimiz ham tugab qoldi. Biz 47 kishimiz. Hamma o‘zbek, vodiydan. Avtobus raqami 212 - Chimkent nomeri. Qaytib ketishimizga ham yo‘l qo‘ymayapti. Pulimizni qaytarib ber, o‘zimiz amallaymiz, desak "yo‘q", deyapti.
Ha aytgancha: avtobusning pechkasi buzilgan. Oyoqlarimiz muzlab qolyapti chiqsak. Iltimos, biror chorasini ko‘rib, yordam beringlar, ahvolimiz og‘ir. 3 ta ayol kishi bor. Ismim va telefon raqamimni qattiq sir tutishingizni iltimos qilaman”.
Ozodlik bu xatni Telegram orqali 25 yanvar ertalab olishi bilanoq Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi bilan bog‘landi.
Qo‘mita rasmiy vakili Ruslan Imanqulovdan olingan ma’lumotlarga qaraganda, avtobusi buzilib qolgan o‘zbek muhojirlariga yordamni, xatda yozilganiday, “xalqaro insonparvarlik jamiyati” emas, balki Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi ko‘rsatgan.
- 23 yanvarga o‘tar kechasi Astana shahridan 50 km uzoqlikdagi Bo‘zayg‘ir posyolkasi hududidan o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilindi. Ular Agrotexnika kollejiga olib kelinib, issiq ovqat va choy, issiq yopinchiqlar berildi, dedi Ozodlikka qo‘mita rasmiy vakili.
Uning aytishicha, 23 yanvarga o‘tar kechasi Astana shahri va uning atroflarida havo harorati qariyb - 40 darajaga tushgan va natijada yonilg‘isi muzlab qolgan avtobus to‘xtab qolgan.
(Shu o‘rinda Qozog‘iston bosh vaziri Baqitjon Sagintaev mintaqalarda haydovchi va yo‘lovchilar uchun ko‘chma isitish punktlari tashkil etish, ular uchun issiq ovqat tashkillashtirish to‘g‘risida 23 yanvar kuni farmoyish berganini qavslar ichida eslatib o‘tmoqchimiz)
23 yanvarga o‘tar kechasi muzlab qolgan avtobusdan ko‘chirilgan o‘zbekistonlik 47 muhojir Agrotexnika kolleji binosida 23 yanvar tongigacha jon saqlagan va Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi xodimlari ularni Astana shahriga jo‘natgan.
- Ular Astanaga yetkazib qo‘yildi. Bunday holatlarda transport bilan mahalliy ijroiya hokimiyati ta’minlaydi. Mahalliy hokimiyat avtobus berdi. O‘sha avtobus bilan ular Astanaga yetib oldi. Astanadan u yog‘iga ular poezdda ketishlari lozim edi. Lekin bizning vazifamiz ularni avtobus bilan ta’minlash bilan tugagan, dedi Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasirasmiy vakili Ruslan Imanqulov.
Aftidan, qozog‘istonlik qutqaruvchilar 23 yanvar kuni Bo‘zayg‘ir posyolkasidan Astanaga jo‘natgan 47 o‘zbekistonlik, Ruslan Imanqulov o‘ylaganiday, yo‘lni poezdda emas, o‘sha yonilg‘isi muzlab qolgan avtobusda davom ettirishga qaror qilgan.
Har holda 25 yanvar kuni Telegram orqali Ozodlikka yetib kelgan yana bir qisqa xabarida muhojirlar vakili bunday yozdi:
“Yo‘l ochildi, deyishayapti. Yo‘lga chiqdik. Hammasi joyida Xudo xohlasa”.
Rossiyaga qishda yo‘lga chiqadigan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Qozog‘iston va Rossiya hududida avtobusi buzilib, og‘ir ahvolda qolishi tez-tez sodir bo‘lib turadigan hodisadir.
18 yanvar kuni ana shunday hodisalarning eng dahshatlisi yuz berdi. Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irgiz tumanidan o‘tuvchi "Samara-Chimkent" avtomobil yo‘lida avtobus yonib ketishi oqibatida 52 o‘zbekistonlik nobud bo‘ldi.