Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga aeroport orqali kirib kelgan muhojirlar sug‘urta polisini olishga majburlanayapti. Bu haqda Ozodlikka o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari xabar qildi. Mutaxassislar esa Rossiyaga kirib kelishda migrantlarga tibbiy sug‘urta polisi zarur emasligini ta’kidlashdi.
“”Pulkovoda” polis olishga majburlashayapti!”
Ozodlikka Telegram tarmog‘i orqali bog‘langan 41 yoshli Mahmudjon ismli o‘zbek muhojirlaridan biri yaqinda Peterburgning “Pulkovo” aeroportida sug‘urta polisi bilan bog‘liq sodir bo‘layotgan nohaqlikka guvoh bo‘lganini so‘zlab berdi:
- Yaqinda ikki kishini aeroportda kutib oldim – akamni va o‘rtog‘imni. Chiqib, mendan 1600 rubldan pul olishdi, 3 oylik “straxovoy polis”ga. “Svyaznoy”ga kelsangiz, 500 rublga qilib beradi! O‘zingiz juda yaxshi bilasiz – u polis ishlamaydi, uni chiqib, otvorsangiz ham bo‘ladi. Dokumentlarini olib qo‘yib, “Pul topasan, straxovoy qildirasan, keyin chiqasan aeroportdan”, deb. Chamamda, shu bojxonadagilar ham olayapti – hammasi sherik. Yozayotganlar hammasi o‘zbek bollar! Peterburgda hamma joyda politsiya registratsiya bilan “straxovoy” so‘raydi darrov, deydi Mahmudjon.
Suhbatdosh aeroportning bagaj beriladigan joyda turib olgan aeroport xodimlari tashqariga chiqayotganlardan avval sug‘urta polisini rasmiylashtirish, keyin ularga ko‘rsatib, o‘z yukini olib ketishga ruxsat olmoqda, deydi.
Mahmudjon bundan bir yil oldin Peterburgga poezdda kelganida ham sug‘urta polisi bilan bog‘liq muammoga duch kelganini aydi. “Men Rossiyaga kirib kelganimdan uch kun o‘tib polis rasmiylashtirdim, ammo migratsiya xodimlari ushlab olib, 5 ming rubl jarimaga tortgandi “Sen chegaradan kirib kelayotgan kuning qilishing kerak edi polisni”, deb”, dedi u.
Ozodlik so‘roviga “Pulkovo” aeroporti transport politsiyasida politsiyachilar aeroport ichkarisida muhojirlarning hujjatini tekshirishga vakolati yo‘qligi – bu ishlar bilan migratsiya politsiyasi shug‘ullanishini bildirishdi:
- Biz aeroportda hech kimni tekshirmaymiz – bu bilan migratsiya masalalari bo‘yicha xodimlar shug‘ullanadi. Politsiya bu tekshiruvlarga aloqasi yo‘q, chunki aeroport ichkarisida hech kimni to‘xtatishga haqqi yo‘q, dedi Peterburg aeroporti politsiya navbatchi ofitseri.
Youtube kanalida piterlik o‘zbek blogerlari Peterburgda ishlagani kelayotgan O‘zbekiston vatandoshlari talablariga binoan “Pulkovo” aeroportida faoliyat olib borayotgan sug‘urta kompaniyasi vakillari bilan uchrashgani borasida videolavhalar paydo bo‘ldi.
(Bloger Rustam Rahmonov videosi)
Unda o‘zini Najotbek deb tanishtirgan servis xodimi bloger savoliga “sug‘urta qilish majburiy yoki shart emasligi” to‘g‘risida aniq-tiniq javob berayotganini ko‘rish mumkin.
U ishlagani kelayotgan muhojirlarga quyidagi narxda sug‘urta polislari tayyorlanishini aytadi: ishga kelayotgan muhojirlarga 1600 rubldan;
o‘qishga, sayyohlikka yoki xususiy masalalar bilan Rossiyaga kirib kelayotgan shaxslarga 900 rubldan.
““Svyaznoy” salonida polis 499 rubl turadi!”
“Pulkovo” aeroporti va Sankt-Peterburgning “Moskovskiy” temir yo‘l vokzalidagi sug‘urta polisi bo‘lmagan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari duch kelayotgan muammolar borasida Ozodlik oldin ham xabar bergan.
Pulkovo aeroportidagi majburiy sug‘urtalashga oid bu vaziyat mavjudligini Ozodlikka yana bir nechta o‘zbekistonlik muhojir gapirdi.
Ozodlik sug‘urta polislari aeroportdagidan ancha arzon narxda har bir “Yevroset” va “Svyaznoy” salonida ham sotilayotganini aniqladi
- Eng kami 4 oygacha bo‘lgan muddatga bizda 499 rublga polis rasmiylashtirish mumkin, dedi Peterburgdagi “Svyaznoy” saloni xodimi.
“Tibbiy sug‘urta polisini olish mehnat muhojiri uchun majburiymi?”
Ozodlik sug‘urta sotilishining mehnat migrantlari uchun qanchalik zarur ekani masalasida mutaxassislarga ham murojaat qildi.
Moskvalik yurist, migrant.mobi portali asoschisi Botirjon Shermatov Rossiyaga vizasiz mamlakatlardan kirib kelayotgan mehnat muhojirlariga hech qanday sug‘urta polisi shart emasligi to‘g‘risida gapirdi. U migrantlar ishga ruxsatnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lganida usiz ham Rossiya qonunchiligiga muvofiq “straxovka” olishga majbur, deydi:
- Straxovka ishlayotgan odamgagina kerak. O‘z ishlari bilan yurgan odamga qonunda belgilanmagan. Patent olinayotganida talab qilinadi u. Viza rejimi joriy qilingan mamlakatlardan kelayotganlarga esa sug‘urta polisi olinishi shart, dedi Botirjon Shermatov.
Ammo davlat shartnomalari mavjudligiga qaramasdan, rus politsiyasi va sud tizimi xodimlari Rossiya 114-FZ qonunining 27- moddasi 5- bandiga nohaq ravishda asoslanib o‘zbek muhojirlariga jarima solayotgani va hatto Rossiyadan chiqarib yuborayotgani holatlari uchramoqda.
Ayni paytda, Sankt-Peterburgdagi “Proverki.net” advokatlik byurosi olib borgan maxsus tekshiruv davomida ham vizasiz mamlakatlardan, xususan, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan Rossiyaga kirib kelayotgan grajdanlar uchun tibbiy sug‘urta polisini rasmiylashtirish zarur emasligini aniqlagan.
Peterburglik himoyachilar sud va politsiya Rossiya qonunchiligini yuzaki tahlili asosida hukm chiqarayotgani, zero Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston o‘rtasida davlatlararo shartnomalar mavjudligiga e’tibor qaratdi.
Advokatlarning savollariga javob bergan Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Konsullik departamenti direktori muovini A.Frolovga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi qator mamlakatlar bilan xalqaro shartnomalar imzolaganki, bu davlatlar grajdanlari Rossiyaga kirib kelayotganida sug‘urta polislarini sotib olmasliklari mumkin.
Rossiya hukumati 1998 yil 11 dekabrda qabul qilgan 1488-sonli “Xorij grajdanlarini tibbiy sug‘urtalash to‘g‘risida Nizomi”ning 2- moddasiga binoan, Rossiya hududida vaqtinchalik qolayotgan MDH davlatlari vatandoshlarining tibbiy sug‘urtalanishi bu davlatlarning Rossiya Federatsiyasi bilan imzolangan xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Ya’ni, davlatlararo shartnomalarga muvofiq, har qaysi migrant Rossiyadagi har bir davlat tibbiy muassasalarida hech qanday sug‘urta polisisiz bepul tibbiy yordam olish huquqiga egadir!
Demak, MDH davlatlaridan vizasiz kelayotgan vatandoshlar Rossiyaga kirib kelayotganida tibbiy sug‘urta polisini rasmiylashtirishi majburiy emas.
Shuningdek, “Proverki.net” advokatlari ta’kidlashicha, 2000 yilning 30 noyabrida Minskda Rossiya va O‘zbekiston respublikalari o‘rtasida grajdanlarning o‘zaro bordi-keldi borasida imzolangan Kelishuvning moddasida “O‘zbekiston vatandoshlariga Rossiyaga kirib kelish uchun yagona MILLIY PASPORT zarurligi”gina ko‘rsatilgan.
Mazkur hujjatga binoan, o‘zbekistonliklar uchun boshqa hujjat rasmiylashtirish zarurati yo‘q.