O‘tgan juma, 26 yanvar kuni Peterburgda yo‘qolgan 11 yashar qirg‘izistonlik Salmon Madumarovni qidirish ishlari davom etmoqda. Politsiya xabariga ko‘ra, futbol o‘ynagani chiqqanicha uyga qaytmagan muhojir farzandi Sankt-Peterburgga ota-onasi bilan bir oy oldin kelgan.
Bolaning 41 yashar otasi o‘g‘li 26 yanvar kuni soat 16:00 da Vitebskiy prospekti, 47 uy, 3 korpusdan ko‘chaga aylangani chiqqani va shu vaqtdan beri dom-daraksiz ketganini bildirgan.
Peterburgdagi yo‘qolganlarni qidirish bilan shug‘ullanuvchi “Liza-Alert” tashkilotida Salmonning qidiruvini boshqarib boruvchi maxsus shtab tuzilgani va unga 50 ziyod ko‘ngilli jalb qilinganini Ozodlikka so‘zlab berishdi:
- Hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q. Biz bilganimiz – maxsus orientirovkada ko‘rsatilgan ma’lumotlar, xolos. Qidiruv davom etmoqda. Bolani qidirishga qo‘shilmoqchi bo‘lganlar ko‘magiga muhtojmiz. Moskva tumanidagi videoregistratorlar egalaridan 26 yanvari kuni soat 15:00 dan boshlab o‘z kameralarini tekshirib ko‘rishlarini iltimos qilamiz, dedi ko‘ngillilar tashkiloti vakilasi.
Yo‘qolib qolgan Salmon Madumarovning O‘zbekiston vatandoshi ekani to‘g‘risidagi mahalliy axborot vositalarida tarqalgan ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi: millati o‘zbek bo‘lgan bola Qirg‘iziston vatandoshi ekanini politsiya ma’lum qildi.
Politsiyadan olingan ma’lumotga ko‘ra, Salmon Madumarovning bo‘yi 120-130 sm. atrofida, oriqdan kelgan, qora sochli, ko‘zlari jigar rang. Otasi Salmon Rossiyaga bir oy oldin kelgani va rus tilini mutlaqo bilmasligini aytmoqda. U kulrang kurtka, qora to‘qilgan shapka, qizil sport shimi va qo‘nji baland qora botinkada uydan chiqib ketgani ma’lum.
Shuningdek, ko‘ngillilar Madumarovlar yashaydigan uy yaqinida “Prospekt Slavi” temir yo‘l platformasi borligi, undan ketayotgan elektrichkalar Leningrad qo‘rg‘oni va Novgorod viloyati tomon harakatlanishini aytmoqda.
Sankt-Peterburg bo‘yicha Tergov qo‘mitasida Ozodlik so‘roviga bolaning uydan ketishi, shaharni tark etishi va ota-onasidan uzoqlashishi istak-xohishlari bo‘lmagani sababli u bilan baxtsiz hodisa ro‘y bergan bo‘lishi mumkinligini bildirishdi.
“Sankt-Peterburg bo‘yicha Tergov qo‘mitasi tomonidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 105- moddasi, 2- qismi, “v” bandi (“Qotillik”) alomatlari asosida jinoiy ish qo‘zg‘atildi”, deyiladi rasmiy xabarnomada.
Tergov qo‘mitasida muhojir farzandi Salmon Madumarov haqida biror ma’lumotga ega bo‘lganlarni
8(812)570-66-71, 8-800-700-54-52 yoki 02
raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘rashmoqda.