Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:34

Berlindagi o‘zbek konsulligi Ozodlik bilan hamkorlikka tayyorligini bildirdi


O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi konsuli Azim Ozotov bilan Pragadagi uchrashuv, 9-iyul, 2017-yil.
O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi konsuli Azim Ozotov bilan Pragadagi uchrashuv, 9-iyul, 2017-yil.

Germaniyadagi o‘zbek elchiligi Ozodlik mushtariylarining xorijga chiqish pasporti, chiqish vizasi va konsullikda ro‘yxatdan o‘tishga oid savollariga javob berdi. Elchilik, ayni paytda, konsullik bo‘limi vaqtincha va doimiy ro‘yxatda turgan vatandoshlarga biometrik pasport va chiqish vizasi berishda davom etishi, xorijga chiqish vizasi borasida aniq ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

Berlindagi elchixona nomidan yo‘llangan javob maktubida Ozodlikning Markaziy Osiyo bo‘limi direktori Abbos Javodiy nomidan yo‘llangan savollarga "bajonidil javoblar muntazir" qilindi.

Maktubda, 2017 yilning 16 avgustida prezident Shavkat Mirziyoev imzolagan "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmon asosiy hujjatlardan biri sifatida tilga olingan.

Biometrik pasport va chiqish vizasi

Elchixona javobida ta’kidlanishicha:​ ​"O‘zbekistonning chet eldagi konsullik muassasalari fuqarolarga pasport va chiqish vizasini, ular (fuqarolar) o‘rnatilgan tartibda tegishli konsullik ro‘yxatidan o‘tgan taqdirdagina rasmiylashtira oladi".

Ya’ni, xorijga chiqqan o‘zbekistonliklar chet davlatda 6 oydan ortiq muddat yashagan taqdirda O‘zbekiston konsulligida vaqtincha yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tishi lozim.

Vaqtincha va doimiy konsullik ro‘yxati

Vaqtinchalik konsullik ro‘yxatiga xorijga 2 yilgacha bo‘lgan muddatga chiqqanlar, doimiy ro‘yxatga esa 2 yildan ortiq muddatga chiqqanlar turishi mumkin.

Ayni paytda, konsullikdan vaqtincha va doimiy ro‘yxatdan o‘tishni istovchilar uchun qo‘shimcha ma’lumotlar Berlindagi elchixona saytida keltirilgani qo‘shimcha qilindi.

O‘zbekistonliklar uchun joriy etilishi kutilayotgan xorijiy pasport qanaqa bo‘ladi, hozirgi biometrik pasport xorijiy pasport bo‘lib qoladimi yoki bekor qilinadimi - bu savollarga elchilik hozircha aniq javob berolmayotir.

Xorijga chiqish pasporti

Ozodlikka yo‘llangan javob xatida yozilishicha, hozircha xorijdagi konsulliklar prezident Mirziyoening 2017 yilning 16 avgustida imzolangan "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga tayanmoqdalar.

Ushbu farmonning 1-bandida: "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmatining 2019 yilning 1 yanvaridan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin, hamda 2019 yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini (chiqish vizasini) rasmiylashtirish tartibi bekor qilinsin" deyilgan.

Ana shu bandga tayangan elchixonadan olingan javob xatida aytilishicha, hozirgi paytda qo‘lida 2011 yilda joriy etilgan biometrik pasport bo‘lgan fuqarolar...

2021 yilning 1 yanvarigacha:

- kirish vizasi talab etilmaydigan davlatlarga chiqishi mumkin,

- kirish vizasi talab etiladigan davlatlarga biometrik pasportdagi ruxsat yozuvi stikeri (chiqish vizasi) muddati tugagunga qadar chiqishi mumkin,

- kirish vizasi talab etilmaydigan davlatda bo‘lgan fuqarolar o‘sha davlatda qolishi, u davlatdan kirish vizasi talab etilmaydigan davlatlarga borib-kelishi mumkin,

- kirish vizasi talab qilinadigan mamlakatda bo‘lgan fuqarolar o‘sha davlatda yashashda davom etishi, u davlatdan kirish vizasi talab qilinadigan boshqa davlatlarga borib-kelishi mumkin,

- kirish vizasi talab qilinmaydigan davlatda bo‘lgan fuqarolar chiqish vizasi muddati tugagan taqdirda kirish vizasi talab etiladigan davlatga kirishi mumkin emas.

Aynan shu so‘nggi toifadagi O‘zbekiston vatandoshlari, elchixona javobiga ko‘ra: "kirish vizasi talab etiladigan davlatlarga kirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqishi uchun biometrik pasportini rasmiylashtirishini so‘rab, o‘rnatilgan tartibda murojaat qilishi kerak".

Chiqish vizasining muddati tugayotgan shaxslar

Rasmiy javobga ko‘ra, hozirgi paytda 2011 yildan joriy etilgan bimetrik pasport O‘zbekiston fuqarosining xorijda va mamlakat ichkarisida qo‘llanadigan pasport bo‘lib qoladi. Hozirgi paytda chiqish vizasining muddati tugagan fuqarolar biometrik pasportiga chiqish vizasi stikerini olib, chet mamlakatlarda harakatlanaveradi.

Lekin, 2019 yilning 1 yanvaridan 2011 yilgi biometrik pasport xorijga chiqish pasporti sifatida joriy etiladimi va o‘sha muddatdan chiqish vizasi bekor qilinadimi - bu hozircha noma’lum qolmoqda.

Elchixona yo‘llagan javobda aytilishicha: "O‘zbekiston Rahbariyati va mas’ul idoralar tomonidan, aniq va jiddiy harakatlar amalga oshirilmoqda...O‘zbekistonning chet eldagi vakolatxonalari yangi xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish tartibi haqida o‘z vaqtida fuqarolarni albatta xabardor qiladi".

Berlindagi elchilik hamkorlikka tayyor

Javob xatining so‘nggida Berlindagi elchixona Ozodlik bilan hamkorlikka tayyorligi ta’kidlanadi:

"Hurmatli janob Javadiy, xat yakunida O‘zbekistonning Germaniyadagi Elchixonasi, Siz boshqarayotgan tashkilot bilan yurtimizni xalqaro davrada ravnaqi va obro‘yi o‘sishiga qaratilgan sayi harakatlarga, o‘zaro tamoillarimizni hurmat qilishga asoslangan har turdagi hamkorlik va aloqalarga tayyorligini yana bir bor ta’kidlab o‘tib, o‘z ehtiromini bildirib qoladi". Berlin sh., 2018 yil 8 yanvar.

O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi Germaniya, Chexiya, Shveysariya va Shvetsiyada yashovchi O‘zbekiston vatandoshlari uchun konsullik xizmati ko‘rsatadi.

Konsullik faoliyatidan norozi bo‘lgan o‘zbekistonliklar bir necha bor Ozodlikka murojaat qilib, konsullik xodimlari arizachilarga nisbatan "e’tiborsizlik va bepisandlik" qilishidan shikoyat qilgan.

XS
SM
MD
LG