Линклар

Шошилинч хабар
02 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:37

Rossiyada o‘qigan o‘zbek yigiti O‘zbekistonga qaytishi uchun Mirziyoevdan yordam so‘radi


Baxtiyor Toshpo‘lotov - minorali kran haydovchisi
Baxtiyor Toshpo‘lotov - minorali kran haydovchisi

Rossiyada oliy ma’lumot olgan 28 yashar o‘zbekistonlik avtokranchi Baxtiyor Toshpo‘lotov O‘zbekistonga qaytish niyati borligi, biroq qaytgach duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolardan cho‘chiyotganini aytadi. Baxtiyorga ko‘ra, nostrifikatsiya muammosi va oylik maoshning kamligi o‘zbek yoshlarini xorijdan qaytishiga to‘siq bo‘lmoqda.

"Qaytmoqchimiz, lekin muammolarni hal qilishsin!"

Rossiyaning Samara shahridan Ozodlikka ulangan 28 yashar surxandaryolik Baxtiyor Toshpo‘lotov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning xorijdagi vatandoshlarni qaytarishga oid chaqirig‘idan so‘ng O‘zbekistonga qaytish va mamlakat ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shish istagi paydo bo‘lganini bildirdi.

O‘zbek muhojiri O‘zbekistonga qaytish uchun ko‘mak berish so‘rab prezidenti Shavkat Mirziyoev nomiga bir necha marotaba murojaat qilganini aytadi:

- Rossiyaga kelganimga 10 yil bo‘ladi yaqinda. Demoqchimanki, o‘zimizda O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Mutaxassisligim bo‘yicha portalga yozganman, ammo u yerdan “Rahmat!”, deyishadi, xolos. Men yozganmanki, biz qaytmoqchimiz. Shavkat Miromonovich 22 dekabridagi nutqlarida “Muhandis, slesar, kranni ko‘tarish va buzish ishlariga mutaxassislar kerak, o‘zimizda yo‘q!”, deyapti. “Hozir katta uylar qurolmayapmiz, chunki bashenniy kranlardan 110-ta sotib oldik, yana 200-ta sotib olmoqchimiz!”, dedi. Men o‘sha gaplariga qiziqish bilan qaradim, dedi suhbatdosh.

Surxondaryolik quruvchi Baxtiyor Toshpo‘lotov avvaliga Chelyabinsk yo‘l-qurilish texnikumini tugatib, katta qurilish kranlari bo‘yicha mutaxassislikni egallagan. 2016 yilda u Chelyabinsk Akademiyasining “iqtisod va boshqaruv” sohasi bo‘yicha tamomlagan va hozirda shu Akademiyaning magistraturasida o‘qimoqda.

Magistraturani bitirayotgan Baxtiyor O‘zbekistonga qaytish istagida
Magistraturani bitirayotgan Baxtiyor O‘zbekistonga qaytish istagida

Baxtiyor xorijda, jumladan, Rossiyada o‘qigan o‘zbek talabalari diplom olib, O‘zbekistonga qaytib borgach duch kelayotgan muammolarni sanab, ularni bartaraf qilish lozimligini ta’kidlaydi.

- Ikki yilcha ishlasa o‘zimizdan mutaxassislar kelib chiqadi. Mendan tashqari bu yerda boshqa ko‘p bollar bitirib ketishayapti. Ulardan “Qanday?”, deb so‘rasam, bollarni nostrifikatsiya qiynayapti ekan, diplomlari o‘tishi qiyin bo‘layapti ekan. Keyin, o‘zimizda oyliklar bozordagi narx bilan hisoblaganda to‘g‘ri kelmaydi-da. Ko‘taramiz deyishayapti, to‘g‘ri... Menga telefon qilib “Keling”, desa, Toshkentga borsam kim kutib oladi, kim ishni tashkillashtiradi – shuni yo‘lga qo‘yish kerak. Yoki chetda bitirayotgan bollar ro‘yxatini olib ketib, “Bizga mana shu-shu mutaxassisliklar kerak!”, deb ro‘yxat qilib ketish kerak, dedi Baxtiyor Toshpo‘lotov.

Ayni paytda Baxtiyor Rossiyada o‘zi ishlayotgan tashkilotning malakali mutaxassislarini Toshkentga olib borish imkoni borligi va shu yo‘l orqali O‘zbekistonda ko‘p qavatli imoratlarni qurishga mo‘ljallangan minorali kran bo‘yicha mutaxassis ko‘paytirishni tavsiya qildi.

- Har holda niyatlar bor – O‘zbekistonga borib ishlab ko‘ramiz! Men qo‘limdan kelganini Vatanimiz O‘zbekistonga yordamim tegsa, o‘zimizda rivojlanish bo‘lsa, degan maqsaddamiz, dedi Baxtiyor Toshpo‘lotov.

Б.Тошпўлотов:"Ўзбекистон равнақига ёрдамимиз тегишини хоҳлайман!"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:46 0:00
Бевосита линк

Rossiyada 24 ming talaba tahsil olmoqda

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining maxsus qaroriga binoan, bugungi kunda O‘zbekistonda dunyoning 500 ziyod ilg‘or oliy o‘quv yurtlari tomonidan berilgan diplomlar nostrifikatsiya qilinmaydi.

LEX.uz portali xabaricha, 2017 yilning aprelidan xorijda ta’lim olgan talabalar o‘z diplomlarini qo‘shimcha imtihonlarsiz nostrifikatsiya qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Ammo, nostrifikatsiya muammosiga duch kelayotgan diplom egalari Rossiyadagi sanoqsiz tijorat ta’lim muassasalarini tamomlayotgani ma’lum.

Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Vladimir Tyurdenev o‘tgan yilda o‘zbek talabalari umumiy soni Rossiya oliygohlarida 24 mingdan oshganini xabar qildi.

2017 yilgi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, birgina Qozon Davlat universitetida 1200dan ziyod o‘zbekistonlik talaba bilim olmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2021 yilga qadar O‘zbekistondagi oliygohlar talabalari soni 18 foizga ko‘paytirish rejalanganini bildirdi.

Rasmiy ma’lumotlarga binoan, O‘zbekistonning 38% aholisi (12 milliondan ko‘proq) 10dan 30gacha bo‘lgan yoshlardir. Hozircha ulardan atigi 0,5 foizigina (~63 ming talaba) O‘zbekiston ichkarisidagi oliy o‘quv yurtlarda ta’lim olish imkoniga ega.

XS
SM
MD
LG